Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

O‘zbekistonda “Lukoyl” shu’basi narx manipulyatsiyasida aybdor topildi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining maxsus komissiyasi Rossiyaning “Lukoyl” shirkati shu’ba korxonasi tomonidan O‘zbekiston qonunchiligi buzilganini aniqlagan.

Ikki hafta muqaddam Ozodlik O‘zbekistonda narx-navo manipulyatsiyasida gumonlanayotgan Lukoil Overseas Supply and Trading Ltd shirkatiga nisbatan ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar qilgan edi.

O‘shanda shirkat birja savdolari orqali texnik oltingugurt mahsulotini realizatsiya qilishda, shu jumladan birja savdolarida mahsulot hajmlarini nomuvofiq qo‘yish kabi manipulyatsiya holatlari orqali mahsulot narxlarini oshishiga olib kelgan harakatlarni amalga oshirganlikda gumonlanayotgani aytilgan.

Iddaoga ko‘ra, shirkat tomonidan sodir etilgan mazkur manipulyativ xatti-harakatlar birja savdolarida texnik oltingugurt mahsuloti narxlarining o‘rtacha 10 foizdan 50 foizgacha oshishiga sabab bo‘lgan.

Bu borada tekshiruv o‘tkazgan Raqobat qo‘mitasi maxsus komissiyasi shirkat tomonidan qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi natijasida asossiz olingan mablag‘ni qaytarish bo‘yicha qaror qabul qilgan.

Qo‘mita xabarnomasida ma’lum qilinishicha, maxsus komissiya tomonidan shirkatga qonun buzilishlarini bartaraf etish va keyinchalik yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgan.

Raqobat qo‘mitasi “maxsus komissiya qaroridan norozi bo‘lgan tomon Qo‘mitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega” ekanini qo‘shimcha qilgan.

XS
SM
MD
LG