Joriy yil 5-iyunidan 5-noyabrigacha bo‘lgan davrda birja savdolarida propanning 1 tonnasi 5,3 million so‘mdan 10,2 million so‘mga yoki 91,4 foizga oshdi.
“1-avgust kuni Raqobat qo‘mitasi birja orqali realizatsiya qilinishi belgilangan suyultirilgan gaz mahsulotining qo‘yilishi va sotilishi yuzasidan tegishli o‘rganishlar olib borib, qo‘shimcha axborot berilishini ma’lum qilgandi. O‘tgan davr mobaynida propan narxi yanada qimmatlashdi, qo‘mita esa o‘rganish ishlarining natijasi haqida ma’lumot bergani yo‘q”, deb yozdi Kun.uz nashri.
Avvalroq Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov propan narxi keskin qimmatlaganini ishlab chiqarish yetarli darajada oshmagani holda, propanda harakatlanuvchi avtotransportlar soni 1,57 baravar ko‘paygani bilan xaspo‘shlagandi.
Propanning oshishi manzarasida xaridorgir sanalgan AI-80 benzini narxi ham ko‘tarilib boryapti.
5-noyabr kuni ushbu markadagi benzinning 1 tonnasi 9 million 998 ming so‘mgacha ko‘tarildi. O‘tgan yilning ushbu davrida u 7 million 375 ming so‘mdan sotilgan. Shu tariqa yil davomida mahsulotning birja narxi 26,2 foizga oshgan.
Oxirgi oylarda hududlardan propan va AI-80 benzini taqchillashgani haqida xabarlar kelmoqda.