Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston musulmonlari idorasining axborotini e’tiborga olgan holda “2025-yilda muborak Ramazon oyining boshlanishi 1-mart kuniga to‘g‘ri kelishi”ga oid qaror qabul qildi.
Qaror bilan Ramazon oyida “ehtiyojmandlar hamda ilm-ma’rifat yo‘lida izlanayotgan yoshlarga yordam berish bo‘yicha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga, oilaviy rishtalarni mustahkamlash, mahallalarda o‘zaro tushunish va ishonch muhitini kuchaytirish hamda hurmat va mehr-oqibat qadriyatlarini tarannum etishga, atrof-muhitni asrash, muqaddas qadamjo, ziyoratgoh va qabristonlarni obodonlashtirish, ko‘chatlar ekishga hamda Ramazon oyi bilan bog‘liq tadbirlarda me’yorga amal qilish va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka alohida e’tibor” berilishi belgilangan.
Prezident qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston hukumati, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarga mos tarzda o‘tkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish topshirilgan.
Avvalroq O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasidagi qo‘shnilari bo‘lgan mamlakatlar va musulmonlar ko‘pchilikni tashkil qiluvchi boshqa o‘lkalarda Ramazon oyi 1-martdan boshlanishi e’lon qilingan edi.