Dunyo bo‘ylab musulmonlarning muqaddas Ramazon oyi ikkinchi yil koronavirus cheklovlari sharoitida o‘tmoqda. O‘zbekiston hukumati masjidlarda tarovih va xatmi Qur’on ibodatlariga ruxsat bergan, ammo ular karantin qoidalariga to‘liq amal qilgan holda o‘tkazilishi kerakligini aytgan.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 17 - aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan birgalikda o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida ushbu talab viloyatlar, tuman va shaharlar bosh imom-xatiblariga yana bir bor eslatildi.
Bu majlisdan bir necha soat oldin bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida koronavirusga qarshi kurash komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda joriy yil 18 - apreldan karantin qoidalari yanada kuchaytirilishi ma’lum qilindi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ma’lum qilishicha, qo‘mita raisi S.Toshboyev hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U. Alimov boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tarovih namozlarini ochiq hududlarda (ochiq ayvonlar, masjid hovlisi,masjidga tutash ichki ko‘chalar) ado etish, sanitariya qoidalari va karantin talablariga to‘liq rioya etish hamda iftorliklarni imkon qadar oila davrasida yoki ishtirokchilar soni cheklangan holda, ixcham, ortiqcha dabdaba va isrofgarchiliksiz o‘tkazish lozimligi uqtirilgan.
Ijtimoiy masofa
Jurnalist Abdulaziz Muborak hukumat komissiyasi majlisi ortidan tarovih namozlari majsid hovlilarida o‘qilayotganini aytdi.
“Kechadan boshlab vaziyat o‘zgardi. Men o‘zim ataylab 3-4 ta masjidda bo‘ldim. Ayrim masjidlar selektor yig‘ilishi o‘tkazilgan 17 - apreldanoq xonaqohdan hovliga ko‘chdi. Ba’zi namozxonlar yupunroq kiyinib borgan ekan, tashqarida tarovih o‘qib sovqotib qolganini ham aytdi”, - dedi jurnalist Abdulaziz Muborak 19 - aprel kuni Ozodlikka.
Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, karantin talablarini to‘liq bajarish imkonsiz.
“To‘rt namozxon turadigan joyda ikki namozxon turib o‘qiyapti. Namozxonlar orasi 1,5 – 2 metr bo‘lishi talab etilsa, saf qayergacha cho‘zilib ketar ekan, tasavvur qilish qiyin!”
Yosh chegarasi
Masjidlarda yana karantin talablari haqida gapirila boshlaganini chinozlik (Toshkent viloyati) o‘qituvchi ham 19 - aprelda Ozodlikka aytdi:
“Kecha imomimiz yoshi 65 dan oshganlar va 15 ga yetmaganlar masjidga kelmasin, dedi”.
Bunday talab Din ishlari bo‘yicha qo‘mita O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan birgalikda 17 - aprelda o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida yangragan.
Chinozlik o‘qituvchining aytishicha, yoshi 15 ga yetmaganlarni va umuman maktab o‘quvchilarini masjidga kiritmaslik talabiga 17 - aprelda o‘tgan yig‘ilishning aloqasi yo‘q: bu talab Ramazon oyi boshlanishi bilanoq kun tartibiga chiqqan. O‘qituvchining bildirishicha, “o‘qituvchilarga masjidga bolalar kelyaptimi, yo‘qmi nazorat qilish topshirilgan. Bola masjidga kelsa, ular kirma demaydi, ertasi kuni bolaning ota-onasi bilan suhbat o‘tkazadi”.
Chinozlik o‘qituvchi aytgan gapning bilvosita tasdig‘i Ozodlikka Andijonning Marhamatidan keldi.
“Marhamat tumanida joylashgan jome masjidlariga 2021 - yil Ramazon oyi davomida maktab o‘quvchilarini qatnashishini oldini olish maqsadida xalq ta’limidan biriktirilgan xodimlar ro‘yxati” deb nomlangan hujjatda tumandagi 12 masjid, ular joylashgan fuqarolar yig‘ini nomi, masjidlarga biriktirilgan maktab derektorlari yoki ularning o‘rinbosarlari ism-familiyalari hamda telefon raqamlari qayd etilgan.
Ro‘yxatda hammasi bo‘lib 58 kishining ism-familiyasi keltirilgan.
Ozodlik ro‘yxatdagilardan ikki kishi bilan bog‘landi. Ikkala o‘qituvchi ham shunday topshiriq bo‘lganini, biroq ular masjidga borib o‘quvchilarni qaytarishga urinib ham ko‘rmaganini aytdi. O‘qituvchilar bu topshiriqni koronavirusga qarshi hukumat qarori bilan bog‘lashga urindi. Biroq hujjat 15 - aprelda, Maxsus komissiya yig‘ilishidan ikki kun oldin qabul qilingani uning unvonidan ko‘rinib turibdi.
Namanganlik jurnalist, mustaqil “Ma’rifat saodati” gazetasi muassisi va bosh muharriri Abdujabbor Umarovning 19 - aprelda Ozodlikka aytishicha, “masjidlarda odam juda ko‘p, ayniqsa yoshlar ko‘p”.
Ijtimoiy tarmoqlarda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning Bosh vazir Abdulla Aripovga hisobot berayotgani aks etgan video tarqaldi.
“Videoda vazir bunday deydi: Tarovih namozlarida 2000 ta machitta 800 ming odam qatnashdi kecha. O‘rtacha 400 dan to‘g‘ri kelyapti har bir machitga. Va mana shuning ichida, afsuski, 22 ming voyaga yetmagan ham bor. Zapret, boshqa yo‘q. Lekin tushuntirish yo‘li bilan buni kamaytirish kerak va mana shu holatda qatnashaveradimi yo siyraklatish kerakmi, shuniyam hal qilish kerak. Ertaga uyam o‘choq bo‘lishi mumkinda...”
Aftidan, Ichki ishlar vaziri “o‘choq bo‘lishi mumkin” der ekan, masjidlar virus o‘chog‘i bo‘lishini nazarda tutyapti.
Narx-navo
Ramazon boshlangani Toshkent bozorlarda sezilavermaydi.
Rastalarda doimiy quruq va xo‘l mevalar. Oloy bozorining faqat bir joyida faqat Ramazonda pishiriladigan nisholda sotib olish mumkin.
“Narxlar har yilgiday Ramazonda ko‘tarildi. Ayniqsa yog‘ qimmatlab ketdi ro‘za kirishi bilanoq. 5 kilolik kungaboqar yog‘i 120 ming so‘m. Yog‘ bu qadar hech qachon qimmat bo‘lmagan edi”, - dedi chinozlik o‘qituvchi.
O‘zbekistonda yog‘ qimmatlab ketganini Ozodlik o‘tgan haftada batafsil o‘rgangan edi.
Prognozlash va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti kuni kecha oziq-ovqat mahsulotlarining Toshkentdagi narxlarini o‘rganib, MDH va Yevropaning eng yirik shaharlaridagi narxlar bilan qiyosladi.
Masalan, o‘simlik yog‘i Toshkentda 1,72 dollar, Londonda 1,53 dollar.
Makaron Toshkentda 83 sent, Londonda 56 sent.
Mol go‘shti Toshkentda 5,2 dollar, Parijda 6,7 dollar.
Iftorlik
Toshkentdagi Bodomzor masjidida 18 - aprelda olingan videodan masjid qavmi 5-10 kishilik katta-kichik guruhlarga birlashib, masjid sahnida og‘iz ochayotganini ko‘rish mumkin. Dasturxonlar to‘laqonli iftorlik emas, balki og‘iz ochib olish uchungina yozilgani ko‘rinadi.
Bu yilgi Ramazonda ommaviy ovqatlanish muassalalarii iftorlik biznesini yo‘lga qo‘yishga urinayotganini Internetdagi maxsus sahifalardan bilish mumkin.
Ozodlik fast-fud tarmoqlardan birining Farg‘onadagi filiali bilan bog‘landi. Filial xodimi iftorlikni eltib berish xizmatini taklif qildi.
Toshkentdagi restoranlardan birining karantin choralaridan xabari borligi ma’lum bo‘ldi. “Katta guruh uchun buyurtma ololmaymiz. Masofa saqlash uchun juda katta joy kerak. Uzr”, dedi nomini keltirmayotganimiz restoran ma’muri.
Boshqa bir restoranning, aftidan karantin choralaridan xabari yo‘q. “50 kishi dedingizmi? Bemalol aka, 200 kishigacha qabul qila olamiz”, dedi restoran xodimi.
Jurnalist Abdulaziz Muborakning aytishicha, u restoranlarda, nafaqat restoranlarda, hatto xonadonlarda ham katta, ko‘p kishilik iftorliklar o‘tkazilayotganiga hozircha guvoh bo‘lmagan.
“Besh-olti kishi bo‘lib, oshna-og‘aynilar restoranlarda og‘iz ochishganiga guvoh bo‘ldim. O‘shanday iftorliklardan birida o‘zim ham bo‘ldim. Lekin kimdir to‘yga o‘xshatib, katta iftorlik berganini ko‘rganim yo‘q. Odamlar karantin rejimiga tushib qolganga o‘xshaydi”, - dedi Abdulaziz Muborak.
Tarovih va jamoat transporti
“Toshshahartransxizmat” korxonasi Ramazon arafasida poytaxtda tarovih namozi munosabati bilan 13 - apreldan 12 - mayga qadar avtobuslarning bir qator yo‘nalishlari o‘zgarishini ma’lum qilgan.
Toshkent shahar IIBB esa, taroveh namozlari munosabati bilan har kuni 18:00 dan 23:00 ga qadar masjidlar yaqinidagi yo‘llar transport vositalari harakati uchun yopilishini ma’lum qilgan.
“Hamma masjidlar bo‘yicha aniq gap aytishim qiyin, lekin men bilgan masjidlar oldida transport harakati cheklangan. Chunki odamlar ko‘pligidan yo‘llarga chiqib ketish xavfi bor. Masalan, Ilonota masjidi oldi ham mashinalar harakati uchun ikki tomondan to‘sib qo‘yilgan. Aylanib o‘tadigan joy bor”, dedi Abdulaziz Muborak.
Tarovihga "shaxsan Mirziyoyevdan ruxsat olingan"
Musulmonlar idorasiga yaqin manbaning Ozodlikka bildirishicha, Ramazon arafasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov yetakchiligidagi bir necha din peshvosini qabul qilgan prezident Mirziyoyev masjidlarda tarovih namozlari o‘qishga ruxsat bergan. Biroq Ozodlikda bu ma’lumotning rasmiy tasdig‘i yo‘q.
8 - aprel kuni Mirziyoyv "Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarorni imzolagan. Unda ham Ramazon oyini karantin qoidalariga rioya qilgan holda" o‘tkazish lozimligi alohida ta’kidlangan.
18 aprelь kuni prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoeva tarmoqlardagi sahifalarida 7 yil oldingi Haj ibodatidan suratlarni joyladi.
Uning yozishicha, 2013 - yilda oilaning "yaqin insoni kutilmaganda vafot etishi ortidan" buvisi, ammasi, xolasi va singlisi hamrohligida Haj ziyoratini ado etishni niyat qilgan. O‘sha paytlar "vaziyat boshqacha" bo‘lganini aytgan Mirziyoyeva "kvota bo‘yicha navbat kutib, o‘zbekistonlik ziyoratchilar guruhida joy qidirishgani, bir yil deganda yo‘l ochilib, Saudiya Arabistoniga yo‘l olganlari" haqida yozadi.
U Ka’baga safar "mashaqqatli" kechgani, ammo Haj ziyoratidan ta’sirlangani haqida yozgan.