Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

O‘zbekistonda sobiq “vagnerchi” axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘zbekistonda Rossiyaning “Vagner” xususiy harbiy shirkati safida yarim yil mobaynida Ukrainada jang qilgan Shavkat Yo‘ldoshev sudlandi.

Mahalliy nashrlarning Ohangaron tuman sudi hukmi nusxasiga tayangan holda xabar qilishlaricha, 26 yoshli Yo‘ldoshev 2019-yil oxirida pul topish uchun Rossiyaga ketgan. Dastlab qurilishda ishlab yurgan o‘zbekistonlik yigit keyinroq Moskva shahrida giyohvand modda savdosida gumonlanib qo‘lga olingan va Obninsk shahar sudi hukmi bilan 7 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Qamoqxonada Shavkat Yo‘ldoshev “Vagner” XHSH vakillarining jazodan xalos bo‘lish evaziga urushga yollanish taklifiga rozi bo‘lib, Ukrainaga jangga ketgan. 2022-yil oktyabridan 2023-yil apreligacha Ukrainada jang qilgan Yo‘ldoshev “Jasorati uchun” (“Za otvagu”) medali bilan ham taqdirlangan. Ayni paytda u qamoqdagi jazosining o‘talmagan qismidan ozod qilinib, 950 ming rubl miqdorida pul mukofotini ham olgan.

Qayd etilishicha, Yo‘ldoshev urushdan qaytgach, Rossiya fuqaroligini olishga uringan, biroq bunga muvaffaq bo‘lolmagan. Buning ortidan 2023-yil avgustida O‘zbekistonga qaytgan yigit qo‘lga olinib, sudga tortilgan.

Shavkat Yo‘ldoshev Ohangaron tuman sudining joriy yil 30-mayidagi hukmi bilan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-1-moddasi (Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) bo‘yicha aybdor deb topilgan hamda unga nisbatan 2 iyil-u 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi taĭinlangan.

Ukrainada Rossiya qo‘shinlari safida jang qilayotganlar orasida nafaqat O‘zbekistondan, balki Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan bo‘lgan migrantlar ham kam emas. Odatda, ular Rossiyada sudlanib, qamoqxonalarda jazo o‘tayotgan kishilardir, biroq yollanmalar orasida Rossiya fuqaroligini olish yoki pul ishlash maqsadida o‘z ixtiyori bilan urushga ketganlarni ham uchratish mumkin.

So‘nggi paytlarda migrantlar orasida Rossiya fuqaroligi olganlar ham urushga yo‘llanmoqda. Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin iyun oyi oxirida mahalliy huquq-tartibotchilar 30 mingdan ziyod migrantni qo‘lga olishgani, ulardan 10 ming nafari urushga yo‘llanganini bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG