Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2024, Тошкент вақти: 21:56

O‘zbekistonda sobiq vazir muovini 6 yilga qamaldi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani sudi 5-sentyabr kuni qishloq xo‘jaligi vazirining sobiq o‘rinbosari Alisher Turayev, uning qizi Anais Turayeva va Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi sobiq hisobchisi Mansur Qo‘zibekovga nisbatan hukm chiqargan. Bu haqda Gazeta.uz nashri o‘z tasarrufidagi sud qaroriga tayangan holda xabar qildi.

Qayd etilishicha, 2021-yil sentyabrida qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi rahbari (buyurtmachi) Alisher Turayevning o‘g‘liga tegishli bo‘lgan De Nova Agro kompaniyasi 1 million dona uzum ko‘chatini yetkazib berish bo‘yicha 9,95 milliard so‘mlik tenderda g‘olib bo‘lgan – o‘sha paytda kompaniya direktori uning qizi Anais Turayeva edi.

Ish materiallariga ko‘ra, Alisher Turayev tender komissiyasini “o‘ziga sodiq odamlar”dan tuzgan, ular komissiya yig‘ilishi bayonnomasini imzolagan, lekin aslida u o‘tkazilmagan.

Manfaatlar to‘qnashuviga qaramay, sobiq vazir o‘rinbosari uning o‘g‘li Bekjon To‘rayev ta’sischi bo‘lgan De Nova Agro kompaniyasining tender savdolarida g‘alaba qozonganiga erishgan.

2021-yil 30-avgust kuni De Nova Agro bilan in-vitro usulida 1 million dona uzum ko‘chati yetkazib berish bo‘yicha 9,95 milliard so‘mlik shartnoma tuzilgan.

Sud hujjatida keltirilishicha, Amalda bu ko‘chatlar markazga yetkazib berilmagan bo‘lsa-da, mahsulot qabul qilingani haqida bir nechta soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirilib, “talon-toroj qilingan” mablag‘lar o‘tkazib berilgan.

To‘rayev, uning qizi va markaz hisobchisi ham mahsulotlarni qabul qilish va topshirish bo‘yicha boshqa rasmiy hujjatlarni soxtalashtirishda ayblanmoqda. Ma’lum qilinishicha, ular 2023-yilda issiqxonalardagi 283,4 ming tup ko‘chatlarning ko‘chat ekish vaqtida ildizlari shikastlangani, elektr ta’minotining muntazam uzilishi, sug‘orish tizimidagi nosozliklar tufayli nobud bo‘lgani haqidagi bir necha ma’lumotnomalarni qalbakilashtirishgan, biroq o‘simliklar nobud bo‘lish tugul, aslida yetkazib berilmagan”, deyilgan Gazeta.uz xabarida.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati agroxizmatlar markaziga 562,8 ming dona ko‘chat o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomalar soxtalashtirilgan bo‘lsa-da, aslida u yerga yetkazib berilmagan. Shuningdek, o‘simliklarni parvarishlash va ish haqi uchun 509,1 million so‘m asossiz hisoblangan.

Sudda sobiq vazir o‘rinbosari Alisher Turayev o‘ziga qo‘yilgan ayblovni qisman tan olgan.

Sud Alisher Turayevni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi 2-qismi “a” bandi (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan mansab soxtakorligi) bilan aybdor deb topib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.

Mansur Qo‘zibekov shu kabi moddalar uchun 5 yil-u 6 oyga qamalgan.

Anais Turayev mamlakat Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 28-moddani qo‘llagan holda 209-moddasi 2-qismi “a” bandi (mansab soxtakorligida sheriklik) bo‘yicha 5 yi-lu 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Hukm ijrosi 2027-yilning 8- iyuliga — 2024-yilning iyul oyida tug‘ilgan o‘g‘li uch yoshga to‘lguniga qadar kechiktirilgan.

XS
SM
MD
LG