O‘zbekistonda joriy yil 20-martdan e’tiboran Temu platformasidan foydalanish cheklanadi.
Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati qaydicha, xorijiy elektron savdo platformalari faoliyatini o‘rganish jarayonida ayrim platformalar O‘zbekiston Respublikasining elektron tijorat, chakana savdo, reklama, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmayotgani aniqlangan.
Qo‘mita, shuningdek, elektron tijorat operatorlari, xususan, elektron savdo platformalari operatorlari sifatida faqat yuridik shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari faoliyat yuritishi mumkinligini eslatgan.
“Tushunmovchiliklarning oldini olish maqsadida yurtdoshlarimizdan bugungi kundan boshlab Temu platformasida buyurtma bermasliklarini so‘raymiz. Agar buyurtma bundan oldin amalga oshirilgan bo‘lsa, platformada to‘lovni qaytarishni tashkil etish tavsiya etiladi”, deyiladi Soliq qo‘mitasi hamda Istiqbolli loyihalar milliy agentligining qo‘shma xabarnomasida.
So‘nggi vaqtlarda Temu internet do‘koni asosan Xitoyda ishlab chiqarilgan arzon narxdagi mollari bilan ko‘plab o‘zbekistonliklarni jalb eta boshlagani aytiladi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarda Amazon, AliExpress kabi turdosh elektron savdo platformalariga daxl etilmagani holda faqat Temu faoliyati cheklangani e’tiroz uyg‘otgan.
Iqtisodchi Otabek Bakirov buni “o‘ta tor manfaatlarga ishlovchi subyektiv, xato qaror”, “iste’molchilar ziyoniga ishlaydigan harakat” deb baholagan.
Jamoat faoli Rasul Kusherboyev esa Temu Indoneziya va Vyetnamda ham bloklangani, Turkiyada platforma mahsulotlariga 60 foizlik boj joriy qilingani, marketpleys faoliyatiga cheklovlar Yevropa Ittifoqi va AQSHda ham muhokama qilinayotgani haqida yozgan.