O‘zbekistonda 58 yoshli jurnalist Salim Inomzoda “jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallar” tarqatganlikka oid ish bo‘yicha qo‘lga olindi. Bu haqda Ozodlik radiosining tojik xizmati uch manbadan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.
Salim Inomzoda “Ovozi Tojik” gazetasida ishlagan. Shuningdek, u Facebook tarmog‘ida 15 mingga yaqin obunachiga ega “O‘zbekiston tojiklari” guruhini tuzgan. Guruhda O‘zbekiston tojiklari madaniyati va tojik-o‘zbek madaniy aloqalariga oid materiallar e’lon qilib kelingan.
Iddaoga ko‘ra, Inomzoda 2022-yil oktyabr oyida ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifalarida tojikistonlik qo‘shiqchi Afzalsho‘ Shodiyevning “Samarqand va Buxoro”ga oid “diniy xarakterga va ayirmachilik unsurlariga ega” qo‘shig‘ini ko‘chirib bosgan. Unda, xususan, Samarqandning tojiklar va forslar vatani ekani aytiladi.
Ozodlikning tojik xizmati qaydicha, qo‘shiq 2013-yilda – Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar tarang bo‘lgan va mamlakatlar o‘rtasida viza tartibi amal qilgan paytda yozilgan.
Nashr suhbatdoshlaridan biri kuch ishlatar tuzilmalar xodimlari “O‘zbekiston tojiklari” guruhi ma’murlarini ham so‘roqqa chaqirishganini ma’lum qilgan.