Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani sudi “Vagner” xususiy harbiy shirkatida xizmat qilgan 48 yoshli o‘zbekistonlik ustidan hukm chiqardi. Bu haqda Gazeta.uz nashri o‘z tasarrufidagi sud qaroriga tayangan holda xabar qildi.
Nashr qaydicha, vagnerchi ustidan hukm 21-avgust kuni chiqarilgan.
Ish materiallaridan ma’lum bo‘lishicha, toshkentlik B. Z. moddiy yetishmovchilik sababli 2022-yil sentyabr oyida pul topish uchun Rossiyaga ketgan. U 2023-yilning 20-mayigacha RFdagi bir korxonada novvoy bo‘lib ishlagan. O‘sha paytlarda u Telegram kanallaridan birida “Vagner” XHSH reklamasini ko‘rgan.
“Unga jangovar harakatlarda qatnashganlik uchun ish haqi 240 ming rubl (43,8 million so‘m) bo‘lishi, shuningdek, 21 kun davomida harbiy tayyorgarlikdan o‘tayotganda yana 45 ming rubl to‘lanishi ma’lum qilingan. U rozi bo‘lgan va Krasnodardagi harbiy bazaga borgan”, deb yozgan Gazeta.uz.
Sudda B. Z. 2023-yil 23-iyunida “Vagner” XHSH asoschisi Yevgeniy Prigojinning Moskvaga “adolat marshi”da ishtirok etganini, keyinroq XHSH jangchilari Ukrainaga, keyin esa prezident Aleksandr Lukashenko taklifi bilan Belarusga chekinganini aytgan. U o‘tgan yili Prigojin vafoti ortidan XHSH bilan muddatidan oldin tugagan shartnomani uzaytirgan emas va 467 ming rubl maoshini olib, 24-sentyabr kuni Toshkentga qaytib kelgan.
Sud qaroridan sudlanuvchi Ukrainaning Lugansk va Donetsk viloyatlaridagi janglarda ishtirok etgani, medal olgani anglashiladi.
“Sudya erkakni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan aybdor deb topdi va jazoni yengillashtiruvchi holatlarni (aybiga to‘liq iqror bo‘lish, pushaymonlik, voyaga yetmagan farzandi va nogironligi bor turmush o‘rtog‘i mavjudligi) inobatga olgan holda, unga 4 yilga ozodlikdan cheklash jazosini tayinlandi”, deyilgan nashr xabarida.
Unga soat 22:00 dan 6:00 gacha yashash joyini tark etish, ommaviy tadbirlar, mitinglar, namoyishlarda ishtirok etish, jinoyat sodir etishga moyil shaxslar bilan muloqot qilish, O‘zbekiston hududidan tashqariga chiqish taqiqlangan.
B. Z. O‘zbekistonda Ukrainadagi urushda ishtirok etish uchun “Vagner” XHSHga yollangani vajidan jazolangan kishilarning birinchisi emas. Iyul oyi o‘rtalarida Ozodlik Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tuman sudi Rossiya armiyasida xizmat qilish uchun shartnoma imzolagan, biroq jangovar tayyorgarlikni tamomlagach, harbiy lagerdan qochib, O‘zbekistonga qaytgan fuqaroning ozodligini 3 yilga cheklash to‘g‘risida hukm chiqargani haqida xabar qilgandi. Undan avval esa “Vagner” XHSH safida yarim yil mobaynida Ukrainada jang qilgan Shavkat Yo‘ldoshevga nisbatan Ohangaron tuman sudi tomonidan 2 yil-u 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi taĭinlangani ochiqlangan edi.