O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy davlatlar kapitali ishtirokidagi korxonalar soni bo‘yicha Xitoy 2024-yilda Rossiyadan o‘zib ketgan.
Statistika agentligi ma’lumotiga muvofiq, 1-fevral holatiga mamlakatda faoliyat yuritayotgan chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxona va tashkilotlar soni 15 ming 163 tani tashkil etgan.
Ular orasida Xitoy shirkatlari soni 3 ming 467 tani tashkil etgan. Bu esa bir oldingi ko‘rsatkichdan 42 foizga (2023-yilda 2 ming 432 ta edi) ko‘pdir.
Xitoydan keyingi o‘rinda Rossiya kapitali ishtirokidagi korxonalar kelib, ular soni 2 ming 973 tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 2,5 foizga (2023-yilda 3 ming 49 ta bo‘lgan) kam.
O‘tgan bir yil ichida Turkiya (1 ming 826 ta shirkat yoki -3 foiz), Qozog‘iston (1 ming 41 ta shirkat yoki -2,2 foiz), Janubiy Koreya (644 ta shirkat yoki -12,5 foiz), AQSH (304 ta shirkat yoki -2,9 foiz) kapitali ishtirokidagi korxonalar sonida ham kamayish kuzatilgan. Tojikiston (+12,9 foiz), Ozarbayjon (+11 foiz) va Qirg‘iziston (+2,9 foiz) kapitali ishtirokidagi korxonalar soni esa ortgan.