2025-yilning dastlabki ikki oyida O‘zbekistonga ayollar va bolalar uchun gigiyenik prokladka va tagliklar importi 2112 tonnani tashkil etgan.
Kun.uz nashrining Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga tayangan holda yozishicha, taglik importi 2024-yilning shu davriga nisbatan (3826 tonna) 1714 tonnaga yoki 1,8 barobarga kamaygan.
Bu toifadagi mahsulotlarni olib kirish qiymat jihatdan 2,7 barobarga qisqargan: ikki oylik import o‘tgan yilgi 15,2 million dollardan bu yil 5,6 million dollarga tushgan.
Taglik importidagi sezilarli pasayish ortidan mamlakatda narx oshishi ham kuzatilmoqda.
Mahalliy matbuot bu holatga e’tibor qaratishiga ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bolalar tagligi uchun sertifikat joriy etilgani va import tagliklarga sertifikat berilmayotgani haqidagi xabarlar sabab bo‘lgan.
Ushbu xabar ortidan mamlakatda “taglik qiroli” paydo bo‘layotgani, “ulkan nahangga oxur yasalayotgani” haqida taxminlar ilgari surildi.
“Kim turibdi bu taqiqlar ortida? Qaysi “mahalliylashtiruvchilar” uchun O‘zbekiston bolalari va onalari jazolanmoqda?” deya mutasaddilarni savolga tutgan iqtisodchi Otabek Bakirov.
Bojxona qo‘mitasiga ko‘ra, O‘zbekiston 2023-yilda xorijdan 102,8 million dollarlik, 2024-yilda esa 86,9 million dollarlik ayollar va bolalar gigiyenik prokladka, tagliklarini sotib olgan.