O‘zbekiston fuqarosi Janubiy Koreyaning Seul shahridan 7,4 milliard vonga (qariyb 5 million 94 ming dollar) kvartira sotib oldi. Bu haqda Choson.biz nashri xabar qildi.
41 yoshli o‘zbekistonlik poytaxt Seuldagi mashhur Banpo Xi turarjoy majmuasida joylashgan 244 metr kvadrat maydonga ega apartamentni naqd pulga xarid qilgan.
Xaridorning manzili sifatida Toshkentdagi “Koreya–O‘zbekiston an’anaviy tibbiyot klinikasi” ko‘rsatilgan.
3410 ta turarjoydan iborat Banpo Xi majmuasida Janubiy Koreyaning badavlat va atoqli shaxslari istiqomat qiladi.
Shaxsi ochiqlanmagan o‘zbekistonlik hududdagi eng qimmat bitimni amalga oshirgani aytilmoqda.
Avvalroq “Izvestiya” nashri O‘zbekiston fuqarolari Rossiyada uy-joy sotib oluvchi norezidentlar bo‘yicha yuqori uchtalikka kirgani haqida xabar qilgan edi.
Ko‘chmas mulk bozorida norezidentlarning hissasi umumiy savdoning 20 foizini tashkil etgan bo‘lsa, shundan 15 foizi O‘zbekiston fuqarolari ulushiga to‘g‘ri kelgan.