Tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha 2025-yilning ilk oyida O‘zbekistonning eng faol hamkori Xitoy Xalq Respublikasi bo‘lgan.
Statistika agentligi qaydicha, yanvar oyida tashqi savdo aylanmasining 22,1 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Ikkinchi o‘rinda 17,7 foizlik ulush bilan Rossiya bormoqda.
Umuman olganda, o‘tgan oyda O‘zbekiston jahonning 154 ta mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirib, tashqi savdo aylanmasi hajmini 4,5 milliard AQSH dollariga yetkazgan, bu esa 2024-yil shu davriga nisbatan 7,5 foizga (297,2 million AQSH dollari) ko‘pdir. Buning 3,2 milliard dollari import, 1,3 milliard dollari esa eksport hissasiga to‘g‘ri keladi.
Xitoy 2023-yil yakunlariga ko‘ra tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha O‘zbekiston asosiy savdo hamkorlarining barchasini ortda qoldirib, birinchi o‘ringa chiqib olgan edi.
Avvalroq Ozodlik O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy davlatlar kapitali ishtirokidagi korxonalar soni bo‘yicha 2024-yilda Xitoy Rossiyani ortda qoldirgani haqida xabar qilgan.