Moskvada rus generali o‘ldirilishiga aloqadorlikda O‘zbekiston fuqarosining qo‘lga olinishi Rossiyadagi markaziy osiyolik migrantlar orasida qo‘rquv va vahima uyg‘otdi.
18-dekabr kuni Rossiya rasmiylari 29 yoshli O‘zbekiston fuqarosi yuqori martabali generalning o‘limida gumonlanuvchi tariqasida ushlanganini ma’lum qildi.
Rossiyadagi markaziy osiyolik aksar migrantlar uchun bundan yomonroq xabar bo‘lmasa kerak.
Moskva Ukrainaga bosqin boshlanganidan beri yo‘q qilingan eng yuqori lavozimli Rossiya harbiy zobiti bo‘lmish general-leytenant Igor Kirillovning o‘limi ortida Kiyev turganini iddao qilmoqda. Ozodlikning Ukraina xavfsizlik xizmatidagi manbasi qotillikni Ukraina tomoni uyushtirganini tasdiqlagan.
Biroq Moskva “Ukraina maxsus xizmatlari buyrug‘i bilan Kirillovni o‘ldirgan”ini iddao qilayotgan O‘zbekiston fuqarosining ushlanishi Markaziy Osiyodan kelgan migrantlar orasida qo‘rquv va vahima uyg‘otdi.
So‘nggi yillarda Rossiyada ksenofobiya kayfiyati kuchayib, markaziy osiyolik migrantlarga hujumlar ko‘paydi. Minglab odamlar deportatsiya qilindi yoki Rossiyaga kiritilmadi. Ko‘plab migrantlar tahdidlar va shafqatsiz munosabatdan shikoyat qilishyapti.
Endi markaziy osiyolik migrantlar Rossiyada ularning ahvoli yanada og‘irlashishini kutmoqda.
“Hamma yoqda politsiya avtozak (mahbuslarni tashiydigan mashina)lari. Bugun bozor yonidan o‘tayotib, bir nechta avtozak qantarib qo‘yilganini ko‘rdim. O‘zbeklar, qirg‘izlar, tojiklar – hammani ushlab, tiqishayotgandi”, deydi Moskvada yashovchi O‘zbekiston fuqarosi Zulfiya.
“Kecha menga tanish bir ayolni qizi bilan birga deportatsiya qilishdi”, qo‘shimcha qiladi xavfsizligini o‘ylab familiyasini ochiqlashni istamagan Ozodlik suhbatdoshi.
Aksilmigrant ritorika “kuchayadi”
Rossiya o‘nlab yillardan beri markaziy osiyolik millionlab mehnat migrantlari uchun migratsiya asosiy yo‘nalishi bo‘lib turibdi. Ular o‘z oilalarini boqish uchun turli ta’qib va kamsitishlarga chidab kelishmoqda.
Mart oyida Moskva viloyatidagi konsert zalida sodir bo‘lgan teraktdan so‘ng Rossiya hukumati migrantlarga nisbatan yanada repressiv siyosat yurita boshladi.
Teraktga aloqador degan gumon bilan bir nechta Tojikiston fuqarosi qo‘lga olindi. Ular ehtiyot chorasini qo‘llash uchun sudga olib kelinganida yuz-ko‘zlarida kaltak va qiynoqlar izlari borligini hamma ko‘rdi.
Radiatsiya, kimyoviy va biologik qurollardan himoya qo‘shinlari boshlig‘i general Kirillov o‘limida gumon qilinayotgan o‘zbekistonlikning bu qadar tez ushlangani ayrim tahlilchilarni “Rossiya maxsus xizmatlari bu yigitni balogardon qilmayaptimikan”, deb o‘ylashga majbur qildi.
O‘zbekistonlik tahlilchi va Londonda joylashgan Central Asia Due Diligence tadqiqot markazi direktori Alisher Ilhomov gumonlanuvchi “katta ehtimol bilan” qiynoqqa solinganini aytadi.
“Bu favqulodda voqea bahonasida o‘zbeklarni olabo‘ji qilib ko‘rsatishadi”, deydi Ilhomov.
Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX - FSB) gumonlanuvchi Ukraina maxsus xizmatlariga yollanib, tayyorlovdan o‘tganini iddao qilmoqda. Tergov ma’lumotiga ko‘ra, Kirillov va uning yordamchisi general yashaydigan uy pod’ezi yonida turgan elektr samokatga joylangan qurilma portlashi natijasida o‘lgan.
FSB gumonlanuvchining “aybini tan olgani” videosini e’on qildi. Kadrlarda yuzlari tilingan erkak unga “100 ming dollar va Yevropa pasporti” va’da qilinganini aytadi.
“So‘nggi paytlarda Rossiya siyosatchilari orasida migrantlarga qarshi ritorika juda ommalashdi. Endi yana ham kuchayadi. Rossiya televizion ekspertlari va deputatlaridan migrantlar haqida nafratomuz fikrlar va ularga qarshi da’vatlarni yanada ko‘proq eshitamiz”, deydi Ilhomov.
Prognoz: Ko‘chalarda tekshiruvlar avjiga chiqadi
Aksilmigrant chiqishlari bilan tanilgan yirik siyosiy arboblardan biri – Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi va Putinning yaqin odami Aleksandr Bastrikindir.
O‘tgan yili u Rossiya pasportini olgan migrantlarni, agar ular Ukrainaga qarshi urushga borishdan bo‘yin tovlashsa, fuqarolikdan mahrum etish kerakligini aytgan edi.
Bastrikin, shuningdek, migrantlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar soni juda oshib ketgani haqida gapirgan.
“Odamlar “Ruslar frontda bo‘lgan paytda migrantlar bizga orqadan hujum qilishyapti”, deya norozi bo‘lishmoqda”, degan edi Tergov qo‘mitasi rahbari.
Moskvada yashayotgan qirg‘izistonlik ayol Rossiyada markaziy osiyolik migrantlarning ahvoli shusiz ham og‘irligini ta’kidlaydi.
“Bu voqeadan keyin badtar bo‘ladi. Ko‘chalarda tekshiruvlar avjiga chiqsa kerak”, deydi ismi sir qolishini istagan ayol.