Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:47

O‘ziga o‘t qo‘yib halok bo‘lgan ayol voqeasida ayblangan MIB xodimi ikki yilga qamaldi(VIDEO)


Namanganlik ayol o‘ziga o‘t qo‘yishidan 13 daqiqa avval ustiga benzin sepib, MIBchilarni ogohlantirgan edi.
Namanganlik ayol o‘ziga o‘t qo‘yishidan 13 daqiqa avval ustiga benzin sepib, MIBchilarni ogohlantirgan edi.

Majburiy ijro byurosining Namangan shahar bo‘limi xodimi Jobir Sobitxonov sud hukmi bilan 2 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

MIB xodimi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 208-moddasida (Hokimiyat harakatsizligi) nazarda tutilgan qilmishni sodir etganlikda aybli, deb topildi.

Sud Jobir Sobitxonovni Namangan shahar, Istiqbol MFYda istiqomat qilgan 35 yashar yolg‘iz ayol Gulandom Dedabayevaning 29 - sentabr kuni o‘ziga o‘t qo‘yib halok bo‘lishida aybdor deb topdi.

Gulandom ikki yarim yil avval sotib olgan uyidan majburan chiqarmoqchi bo‘lgan MIB xodimlariga shu tariqa o‘z noroziligini izhor qilgan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudi 17 - mart kungi so‘nggi majlisida shahar MIB xodimi Jobir Sobitxonovni sud zalining o‘zida qamoqqa olish va uni ikki yilga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqardi.

Jobir Sobitxonov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 208-moddasi bilan aybdor deb topildi. Bu moddada shunday yozilgan:

“Hokimiyat harakatsizligi, ya’ni mansabdor shaxsning o‘z xizmat vazifasi yuzasidan bajarishi shart va mumkin bo‘lgan harakatlarni qasddan bajarmasligi fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lsa, shuningdek, bunday harakatsizlik jinoyatga yo‘l qo‘ygan holda sodir etilgan bo‘lsa, — eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.

Namangan shahar MIB xodimi Jobir Sobitxonov 2020 - yilning 29 - sentabr kuni Istiqbol MFYda istiqomat qilgan Gudandom Dedabayevani uyidan chiqarish uchun ijro harakati olib borgan va buning oqibatida ayol o‘ziga o‘t qo‘yib halok bo‘lgan edi.

МИБ ходимлари уйидан мажбурлаб чиқармоқчи бўлган наманганлик аёл ўзига ўт қўйиб ҳалок бўлди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:30 0:00

Ozodlikka yuborilgan videoda Gulandom Dedabayeva MIB xodimlari avval uning pulini undirib berganidan so‘ng uydan chiqarilishini talab qilgan edi.

“Men bu uyni 13 ming dollar sanab berib olganman. Mening boshqa boradigan joyim yo‘q. Meni, onamni, ikkita bolamni boqadigan hech kim yo‘q. Meni majbur qilmanglar. Pulimni undirib beringlar, mana hozir beringlar besh minutda bu uyni tashlab chiqaman. Pulimni qaytarib bersin, MIBning ham keragi yo‘q, mahallaning ham keragi yo‘q, o‘zim chiqib ketaman. Ijroni qoldiringlar deganman, qoldiringlar. Hozir o‘zimni yoqib yuboraman, uvolimga qolib ketasizlar”, - deydi Gulandom Dedabayeva.

Qariyb bir yarim soat davom etgan videoda Gulandom Dedabayeva bir baklajka benzinni qariyb yarim soat goh qo‘lida ko‘tarib yuradi, goh yerga qo‘yadi. Lekin na MIB xodimi, na IIB va na FVV xodimlari baklajkani olib qo‘yadi.

Bu voqeadan so‘ng Namangan viloyat prokuraturasi bu holat yuzasidan jinoyat ishi ochgan va o‘tgan yilning kuzida sud boshlangan edi.

Gulandom Dedabayevaning akasi Ismoiljon Nishonov singlisining o‘limida tomoshabin bo‘lib turgan IIB va FVV xodimlarining harakatlariga qonuniy baho berish uchun qayta tergovga yuborilganini aytadi:

“Sudya juda adolatli inson ekan. Har bir guvohning, jabrlanuvchi tomonning ko‘rsatmalarini diqqat bilan tingladi. O‘sha kungi fojiada hozir bo‘lgan IIB va FVV xodimlarini prokuratura javobgarlikdan chiqarib tashlagan edi. Lekin sudya ishni ko‘rib chiqayotib, ular javobgarlikdan noto‘g‘ri chetlatilgan, deb ularga oid qismini qayta tergovga yubordi. Bu mulozimlarning ishi bo‘yicha yana sud bo‘ladi. Singlimni o‘zini o‘ldirishgacha majbur etgan, uch yil sarson qilgan MIB xodimiga chiqarilgan bu jazo yengilday ko‘rinadi, lekin adolat qaror topdi. Ko‘nglimizdagi g‘amu alamlar oloviga biroz suv sepilganday bo‘ldi. Buning uchun biz adolatli sudya Davronbek Olimov va mazlumlar huquqini himoya qilgan advokat Anvarjon Ismatovga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz”.

Gulandom Dedabayevaning o‘limi o‘zbek jamiyatida katta rezonans uyg‘otgan edi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva MIB ijrochilarining harakatiga norozilik bildirib o‘zini yoqqan namanganlik ayol voqeasiga munosabat bildirgan edi.

2020 - yil 2 - oktabr kuni o‘tgan Senat majlisida Tanzila Norboyeva bu haqda gapirar ekan, “agar o‘sha yerning o‘zida ayol asabiylashib, jig‘ibiyron bo‘lib, yana turib olib haqqini talab qilavergan bo‘lsa MIB sabr-toqat qilib, qaytib ketib, ijroni keyinroqqa qo‘ysa ham bo‘lardi”, dedi.

O‘tgan uch yil davomida O‘zbekistonda MIB xodimlarining harakatlariga norozilik sifatida o‘ziga o‘t qo‘yish, osish bilan o‘z joniga suiqasd qilgan odamlar haqida Ozodlik o‘z vaqtida xabar bergan.

Joriy yilning 15 - yanvar kuni Farg‘ona shahri, Mash’al mahallasida yashovchi Fotima Usmonova MIB xodimlariga norozilik sifatida o‘ziga o‘t qo‘ymoqchi bo‘lgan payti qutqarib qolindi.

2018 - yil Toshkent viloyati Qibray tumani hokimi boshchiligida 14 - dekabr kuni ertalab fuqarolar qabuli bo‘lib o‘tayotgan paytda, 29 yashar Nozima Ergasheva o‘ziga o‘t qo‘ygandi.

XS
SM
MD
LG