Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:27

"O‘zingizga yomon bo‘ladi". Qoraqalpoq yoshlari maxsus xizmatlar bosimidan shikoyat qilmoqda


Qoraqalpog‘istonda 2022-yil 1-2-iyulidagi namoyishlar tartibsizliklarga aylanib ketgan.
Qoraqalpog‘istonda 2022-yil 1-2-iyulidagi namoyishlar tartibsizliklarga aylanib ketgan.

Jarimalar, 15 sutkalik qamoq, o‘ldirish va qamatib yuborish bilan tahdid qilishlar – Qoraqalpog‘istonda talabalar Dauletmurat Tajimuratovni qo‘llab turli aksiyalar uyushtirishdan shu tarzda qaytarilmoqda. Sud qoraqalpoq faolining apellyatsiya shikoyatini qaytarishi ortidan yoshlarga bosim kuchaygan.

Shu kunlarda qoraqalpog‘istonlik fuqarolardan uch nafari Ozodlik qozoq xizmati bilan bog‘lanib, kuch ishlatar xodimlar ularga bosim o‘tkazayotgani, ijtimoiy tarmoqlarda siyosiy norozilik bildirayotganlari uchun ta’qibga uchraganlarini aytishgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Ichki ishlar xodimlari “qamatib yuboramiz” va “qarindosh-urug‘laringizga yomon bo‘ladi” deya tahdid qilishgan.

Қорақалпоғистон: Қонли намойишлардан бир ой ўтиб кўплаб саволлар очиқ қолмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:58 0:00

Militsiyaning tahdidlari

Qoraqalpog‘istonliklardan biri Ozodlikka, Telegram-kanalda Dauletmurat Tajimuratovning fotosuratini joylab, uni “botir” deb atagani ortidan militsiya “nazariga” tushgani haqida so‘zlab bergan. Aytishicha, u o‘tgan yil iyulida Tajimuratovning apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirmagan O‘zbekiston Oliy sudi qaroridan noroziligini shu yo‘sinda izhor qilishni istagan.

“Meni derazasiz qorong‘i xonaga olib kirishdi, u yerda to‘rt kishi menga tahdid qildi. Ikkitasi militsiya kiyimida edi. “Seni o‘ldirib yuboramiz, hech kim bilmaydi”, deb qo‘rqitishdi”, degan Ozodlik suhbatdoshi.

Qoraqalpog‘istonlik yigitga ko‘ra, fuqaro kiyimidagi odamlar uni olib borgan joy hukumat idoralari binosiga o‘xshamaydi. “Nukus chekkasidagi oynalari singan, tashlandiq eski bino edi”, deb eslaydi u.

Yigitga uni ushlab olib ketishgani haqida qarindoshlarga bildirishni, advokatdan yordam so‘rashni va hatto ayblovlarga qarshi chiqishni taqiqlab qo‘yganlar.

Ozodlik qoraqalpog‘istonlik suhbatdoshlarining so‘zlariga tayanib, O‘zbekiston Oliy sudi va IIVga so‘rov jo‘natdi. Ulardan javob kelganicha yo‘q.

Human Rights Watch xalqaro inson haqlari tashkilotining Toshkent, Olmaota va Bishkek vakolatxonalariga rahbarlik qilgan Stiv Sverdlou buni O‘zbekistonning sobiq prezidenti Islom Karimov “merosi” deb ataydi.

“2016-yilda O‘zbekistonda hokimiyat almashdi, biroq mamlakatda inson huquqlari sohasida hech qanday islohot qilinmadi. Avvalboshda Mirziyoyev ma’muriyati tanqidlarga ochiqligini ta’kidlagan bo‘lsa-da, keyinchalik jurnalist va blogerlarga bosimlar kuchaytirildi”, deydi ekspert.

Islohotlardan – tazyiqlarga

O‘zbekistonning amaldagi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov o‘limidan so‘ng iqtidorga kelgan. Bunga qadar u 13 yil mamlakat bosh vaziri bo‘lib ishlagan. Yangi rahbar boshida inson haqlari bilan bog‘liq vaziyatni, boshqa mamlakatlar bilan iqtisodiy aloqalarni yaxshilashga va matbuotga erkinlik berishga va’da bergandi.

Stiv Sverdlou Human Rights Watch’ning Toshkent shu’basiga 2011-yilda mudir bo‘lib kelgan. U shu’ba ochilganidan atigi uch oy o‘tib IIVning markazni yopish haqidagi iltimosnomasi O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan qabul qilinganini yodga oladi. Huquqbonga ko‘ra, O‘zbekistonda hokimiyat almashganidan keyin, 2017-yildagina uning mamlakatga qaytishiga ruxsat berganlar.

“O‘shanda 60 ga yaqin siyosiy mahkum ozod qilindi. Ulardan ko‘pi Karimov siyosatini tanqid qilgani uchun qamalganlar edi. Bu mening yutuqlarim gultoji bo‘ldi. Karimov siyosati bilan Mirziyoyev siyosatining eng katta farqi shunda edi... Biroq 2019-yildan islohotlar susayib qoldi, qaytaga prezident tanqidchilari uchun jazoni kuchaytiruvchi qonunlar qabul qilindi. Shuningdek, fuqarolik jamiyati ovoziga kamroq quloq soladigan bo‘lishdi, nohukumat tashkilotlarni rasmiy ro‘yxatga olish to‘xtatildi”, deydi Sverdlou.

Britaniyaning The Economist nashri O‘zbekistonni 2019-yilda eng ko‘p evrilishlar qilgan mamlakat, deya e’tirof etgandi. Biroq keyin Mirziyoyev Konstitutsiya bo‘yicha referendum o‘tkazib iqtidorda qolish muddatini 2037-yilgacha uzaytirib oldi.

Cуверен Ўзбекистондаги суверен Қорақалпоғистон. Тарихий контекст
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:27:48 0:00

2023-yilning iyulida The Foreign Policy “Qoraqalpog‘istondagi namoyishlardan so‘ng mamlakatda so‘z erkinligi qattiq nazoratga olindi”, deb yozgan edi. O‘sha yili bahorda bir guruh o‘zbek jurnalistlari Mirziyoyevga maktub yo‘llab, undan so‘z erkinligi va OAVlar “himoyachisi” bo‘lishni iltimos qiladilar. Shunga qaramay, so‘nggi bir necha yilda O‘zbekistonda o‘nlab bloger va jurnalistlar turli muddatlarga hukm qilindi.

O‘zbek rasmiylari inson haqlari bo‘yicha anjumanlarda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlardan bahs etadilar. Xususan, 2023-yil 8- noyabrda BMTning Jeneva qarorgohida o‘tkazilgan Human Rights Council forumida O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatda inson huquqlari masalasi sezilarli darajada yaxshilanganini, shikoyat va talablar esa asossizligini iddao qilgan edi.

O‘sha uchrashuvda O‘zbekistondagi inson huquqlari mavzusini Germaniya, Kanada, Chexiya, Norvegiya va Estoniya vakillari kun tartibiga chiqarishgan.

“Norvegiya O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati va tamal huquqlar cheklanayotganidan tashvishda. 2022-yilgi Qoraqalpog‘iston voqealarida o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilgan kuchishlatar xodimlardan atigi bir necha nafari sudlanganiga e’tibor qaratishingizni so‘raymiz. Qolaversa, tizimli kamchiliklarni bartaraf etish uchun ish sinchkovlik bilan tekshirilishi lozim”, degan edi Norvegiyaning BMTdagi doimiy vakili Jannik Graatrud.

Huquqbon Stiv Sverdlou 2017-yilda Orolbo‘yidagi ekologik vaziyatni va aholi farovonlik darajasini o‘rganish maqsadida 2017-yilda Qoraqalpog‘istonga borganini aytadi. Nukus voqealaridan so‘ng vaziyat bilan tanishish uchun yana u yerga bormoqchi bo‘lganida esa O‘zbekiston hukumati Svedlovning mamlakatga kirishiga ruxsat bermaydi.

Yoshlar uchun siyosiy propaganda

Faollardan biri Ozodlikka Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabalari bilan o‘tkazilgan uchrashuv audioyozuvini yubordi. Unda universitet rahbarlari talabalarni qamalgan qoraqalpoq faoli Dauletmurat Tajimuratovga ergashmaslikka chaqirgan.

Tashkilotchilar Tajimuratovni “ig‘vogar va firibgar” deb atab, u haqida maxsus tayyorlangan videorolikni namoyish qilishgan.

Audioyozuvda, o‘zini “yuridik fakultet o‘qituvchi Rayhon Sayekeyeva” deb tanishtirgan ayol o‘z siyosiy qarashlarini ifoda etgan talabalar jazolanganini, ayrimlari o‘qishdan haydalganini aytadi.

“Filologiya fakulьtetining 3-kursida o‘qiydigan bir qiz talabalar safidan chiqarilib, 10 sutkaga qamaldi. U telegram-kanalda: “Shunday yuraveramizmi, qachon boshlaymiz?” deb yozgani uchun jazolangan. Fizika fakulteti studenti ham shunga o‘xshash izoh yozgan. Bunaqa talabalar yuridik fakultet va kimyo-texnologiya fakultetida ham bor”, degan o‘qituvchi Sayekeyeva.

Uchrashuvda OTM ma’muriyati talabalarga ularning Telegram’dagi xabar va izohlari kuzatilayotganini, shu bois internetdan faqat ta’lim olish uchun foydalanish kerakligini aytgan.

Ozodlik muxbiri universitet ma’muriyati bilan telefonda bog‘lana olmadi. Pochta orqali yo‘llangan so‘rov hozircha javobsiz qolmoqda.

Huquqbon Stiv Sverdlou buni qoraqalpoq faolini yomonotliq qilishga qaratilgan siyosiy propaganda deb ataydi. Ochiq manbalarda Tajimuratovning sudlanganiga doir ma’lumot yo‘q. Uchrashuv audioyozuvida esa OTM vakili bu ma’lumotlarning barini “bir odam” so‘zlab berganini, video ham uning so‘zlari asosida olinganini aytadi.

UNICEF qaydlariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 60 foizi hali 30 ga to‘lmagan yoshlardir. Bu boshqa mamlakatlardagidan ko‘p. Masalan, Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich 54 foiz atrofida.

Yoshlarning siyosiy qarashlari hukumat ritorikasiga har doim ham mos kelavermasligi sababli O‘zbekiston hukumati ular bilan faol ishlashni boshladi. Mirziyoyev ma’muriyati “Yangi O‘zbekiston” dasturi doirasida OTMlar talabalari bilan bevosita ish olib boradigan tьyutorlar assotsiatsiyasini tashkil qildi. Tashabbusdan maqsad – mamlakatning har bir talabasiga ta’lim-tarbiya bo‘yicha “maslahat beradigan” fuqarolar hamjamiyatini tuzish. Tyutorlikka asosan universitetlar o‘qituvchilari jalb etiladi.

Nukusdagi Qoraqalpoq davlat universitetidagi uchrashuv aynan shu dastur doirasida tashkil qilingan.

Қорақалпоқ ёзувчиси: Одамлар норози бўлмаса кўчага чиқмайди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:21:15 0:00

Qoraqalpog‘istonda nima bo‘lgan edi?

2022-yilning iyunida Qoraqalpog‘istonda aholi poytaxt Nukus shahrining markaziy maydonida ommaviy norozilik aksiyasiga chiqdi. Odamlar Toshkentning Qoraqalpog‘istonni O‘zbekiston tarkibidagi suveren respublika maqomidan mahrum etish rejasiga shu yo‘sin norozilik bildirishdi. Hukumat namoyishni kuch bilan bostirdi.

Rasmiy Toshkent Nukus voqealarida 21 kishi halok bo‘ldi, deb bayonot berdi. Ulardan biri vakolatli kuchishlatar idoralar xodimlaridir. Avstriyada ro‘yxatdan o‘tgan Freedom for Eurasia inson huquqlari tashkiloti qaydlariga ko‘ra, aholi bilan hukumat o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvlarda kamida 70 kishi o‘lgan.

2022-yil 7-noyabrda Human Rights Watch xalqaro tashkiloti O‘zbekiston hukumati Nukusdagi norozilik aksiyalari chog‘ida o‘qotar qurol qo‘llaganini da’vo qilib, ochiq tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi.

Tashkilot voqealar guvohlari tomonidan 2022-yil 1-iyuldan 1-avgustgacha bo‘lgan davrda ijtimoiy tarmoqlarda yoyinlangan 55 ta videorolikni verifikatsiya qilib, 31 ta videoyozuv va fotosuratda o‘qotar quroldan o‘lganlar yoki yaradorlar aks etganini aniqladi.

O‘zbekiston hukumati yuz bergan voqealar sabablarini o‘rganish maqsadida parlament huzurida maxsus komissiya tuzdi, ammo taftish natijalari jamoatchilikka e’lon qilinmadi.

Nukus voqealaridan so‘ng Qoraqalpog‘istonda norozilik kayfiyati susaydi. Faol yoshlar o‘z siyosiy qarashlarini Telegram’da bildira boshladilar.

Nukus voqealaridan so‘ng

Qoraqalpog‘istondagi g‘alayon bostirilganidan so‘ng O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev respublikaga kelib, mahalliy aholini tinchlantirishga urindi. Mirziyoyev respublikaning suveren maqomini o‘zgartirishni qoraqalpoqlarning o‘zlari taklif qilganlarini aytdi.

“Mening sizlarga ayrim e’tirozlarim bor. Bu ishning boshida turgan o‘zingiz edingiz, o‘zingiz boshladingiz, hujjatni imzolab, tasdiqlab berdingiz”, dedi u Qoraqalpog‘iston Oliy Kengashida so‘zlagan nutqida.

Qozog‘istondagi qoraqalpoq diasporasi vakili Aqilbek Muratovga ko‘ra, xalq hukumatning tashabbusidan Konstitutsiyaga tuzatishlar loyihasi e’lon qilinganidan so‘nggina xabar topgan.

Keyinroq, Nukus voqealari munosabati bilan Qoraqalpog‘istonning 61 fuqarosi sud qilindi. Sud ularning aksarini “O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash va hokimiyatni bosib olish maqsadida til biriktirish”da aybdor deb topdi.

Ayblanuvchilardan eng og‘ir jazo olgan “El qizmetіnde” gazetasi xodimi, advokat Dauletmurat Tajimuratov bo‘ldi. Unga “ommaviy tartibsizliklar tashkil qilish” ayblovi bo‘yicha 16 yillik qamoq, shuningdek 228,8 million so‘m miqdorda jarima jazosi tayinlandi.

Amnesty International xalqaro inson huquqlari tashkiloti sud adolatsiz va biryoqlama bo‘ldi, vakolatlarini suiiste’mol qilgan kuchishlatar xodimlarni tergov qilish zarur, deya bayonot berdi. O‘sha yilning avgustida O‘zbekiston Oliy sudi Nukus voqealari munosabati bilan IIVning uch xodimi 3 yildan 7 yilgacha qamoq jazosiga hukm etilganini ma’lum qildi. Hukmda ular hibsxonalarda fuqarolarni qiynoqqa solgani, noqonuniy tergov harakatlari o‘tkazgani aytiladi.

Qozog‘istondagi qoraqalpoq diasporasi vakili Aqilbek Muratovga ko‘ra, sud qaroridan so‘ng qoraqalpoq yoshlarining noroziligi ortgan, ammo maxsus xizmatlarning bosimi tufayli ular o‘z siyosiy qarashlarini ochiq ifoda eta olishmaydi.

XS
SM
MD
LG