Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 20:39

Farg‘onada bloger Olimjon Haydarov ustidan sud jarayoni boshlandi


Farg‘onalik bloger Olimjon Haydarovning ozodlikdagi so‘nggi surati. 29-iyul, 2023-yil.
Farg‘onalik bloger Olimjon Haydarovning ozodlikdagi so‘nggi surati. 29-iyul, 2023-yil.

Oliy sud matbuot xizmatining 31-oktabrda bildirishicha, tovlamachilikda gumonlanib 29-iyul kuni qamoqqa olingan bloger Olimjon Haydarovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida sud jarayoni boshlandi. Avvalroq Olimjon Haydarovning advokati Dilshod Jabborov tergov yakunlangani va ish sudga oshirilganini Ozodlikka tasdiqlagan edi. Bloger qamoqqa olinganidan buyon uning ahvoli va tergov tafsilotlari haqida jamoatchilikka hech qanday ma’lumot berilmagan.

Oliy sud matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, “1989-yilda Rossiya Federatsiyasida tug‘ilgan, bloger, muqaddam sudlanmagan Olimjon Haydarov” ustidan jarayon jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudida o‘tkaziladi.

Olimjon Haydarov Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 2-qismi “a”, 3-qismi “a” bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi va 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a”, “b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Mazkur ish Farg‘ona tuman sudining raisi A. Ergashev raisligida ko‘rib chiqilmoqda.

“Sud majlisi ochiq deb e’lon qilingach, dastlab sudlanuvchining himoyachisi tomonidan sud jarayoni mobaynida audio va videoyozuvni amalga oshirish haqidagi iltimosnomasi yuzasidan taraflar fikri tinglandi. Jinoyat ishi doirasidagi jabrlanuvchilarning shaxsiga doir ma’lumotlar ommaga oshkor etilishini xohlamasligi bois iltimosnomani rad qilish haqidagi fikrlari inobatga olinib, sud sudlanuvchining himoyachisi keltirgan iltimosnomani rad qilish haqida ajrim chiqardi”,deyiladi rasmiy bildiruvda.

Sudlanuvchining advokati Dilshod Jabborov 12-oktabrkuni Ozodlikka bergan intervyusida Olimjon Haydarovga qo‘yilgan ayblarni “asossiz” deb hisoblashini bildirgan edi:

“Olimjon Haydarovning umuman aybi yo‘q. Soliqdan bo‘yin tovlash masalasi bo‘yicha aybi bo‘lishi mumkin, lekin unda ham faqat ma’muriy javobgar bo‘ladi. Olimjon O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining tovlamachilik, haqorat qilish, tuhmat qilish moddalari bo‘yicha ayblanyapti. Ammo bu ayblovlarning bari asossiz, biror bir dalillarga asoslanmagan ham, isbotlanmagan ham. Biz sudda Olimjonning to‘la oqlanishiga harakat qilamiz va bunga qo‘limizda yetarli dalillarimiz bor”.

Advokat Ozodlikka intervyu berishidan bir necha kun oldin Olimjon Haydarov tergov izolyatoridan maktub chiqargani haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgan edi. Ozodlikda nusxasi mavjud maktubda Haydarov o‘zining siyosiy mahbus ekanligini ta’kidlar ekan, tovlamachilikda ayblanib qo‘lga olinishini uzoq va puxta tayyorlangan “spektakl” deb ataydi.

"Ўзимни сиёсий маҳбус деб ҳисоблайман". Олимжон Ҳайдаров устидан тергов тугаб, иш судга оширилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:33 0:00

Olimjon Haydarov o‘zining hibsga olinish jarayoni haqida bunday deb yozadi:

“Menga nisbatan ochilgan ish oddiy tovlamachilik ishi emas. DXX, IIB mening telefon qo‘ng‘iroqlarimni eshitish orqali men bilan shartnoma qilmoqchi bo‘lgan, IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan tadbirkordan katta ehtimol bilan «ixtiyoriy» ariza yozishi «iltimos» qilingan . Normal tovlamachilik ishlarida bunday bo‘lmaydi, tadbirkor o‘zi kelib , o‘zi shartnoma taklif qilib kelishuvdagi pulni yarmini berib, keyin ariza yozmaydi. Bu ish to‘liq siyosiy xarakterda bo‘lib, oxirgi kunlarda Qo‘qondagi ayrim amaldorlar faoliyatini keskin tanqid qilishim natijasida buyurtma tadbiri deb hisoblayman”.

Olimjon Haydarov maktubida o‘zini siyosiy mahbus deb ta’riflaydi. U avvalida hukumat va prezident jamoasi bilan do‘stona munosabatda bo‘lgani, ammo so‘ngra prezident olib borayotgan siyosatni ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilishi ortidan ta’qib va kuzatuvga tushganini yozadi:

“Men nima uchun o‘zimni siyosiy mahbus deb hisoblayman? Men o‘zimga nisbatan qilinayotgan harakatlarni jurnalistik, blogerlik, biroz bo‘lsada muxolif fikrlarim, faoliyatim sabab deb hisoblayman. Hammasi Mirziyoyevning 2-saylovda yutganidan keyin boshlandi. Saylovdan keyin erkin fikr, diniy qarashlarga nisbatan kichik-kichik repressiyalar boshlandi. Prezident Konstitutsiya eskirgani haqida gapirganda xayolimga, «nahotki Mirziyoyev ham Karimov kabi prezidentlik muddatini uzaytirish uchun Konstitutsiyani yangilasa» degan fikr keldi. Shu vaqtdan buyon yaxshi Prezident qonunlarga amal qilgan Prezident ekani, Konstitutsiya yangilansa xam Prezident qayta saylanishi demokratik jarayonga yomon ta’sir qilishi haqida yoza boshladim va xorijiy OAV larga ham bu haqida fikrimni ayta boshladim

Keyinroq Qozog‘iston voqealarini yoritishim, Ukrainaga ruslarni hujumi haqida yozganlarim, mening nazarimda Prezidentning noto‘g‘ri harakatlari haqidagi fikrlarim meni hukumat nazdida «muxolif»ga chiqardi.

Shu kabi sabablar bilan 2 yilda yaqin do‘stdan yomon dushmanga aylandim. Men o‘tgan 2 yilda xech ham o‘zgarmadim. Avval ham, hozir ham o‘zbek xalqi erkin, farovon, har tomonlama mustaqil bo‘lib yashashini hohlayman, shuning uchun harakat qilaman. Kim davlat raxbari bo‘lsa ham, maqsadlarimiz mushtarak bo‘lsa, qonunlarga amal qilsa, hamfikr bo‘laman, qo‘llab quvvatlayman. Agar qonunlarga amal qilmasa, xalqni emas, xalqumini o‘ylasa, avtoritar-diktator bo‘lsa, - unga qarshi tomonda tanqid qilaman. Shu harakatlarim sabab, hukumat o‘z siyosatiga meni muxolif sifatida ko‘rib dushmanlik qilayapti. Meni bu maydondan yo‘q qilib tashlashga topshiriq bo‘lgani sababli o‘zimni siyosiy mahbus deb hisoblayman”.


Olimjon Haydarov ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidiy chiqishlari ortidan hibsga olingan birinchi bloger emas. Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida o‘ndan ortiq jurnalist va bloger turli xil ayblovlarda ayblanib hibsga olindi, ayrimlari uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi doirasida 19-sentabr kuni nutq so‘zlagan prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston so‘z va vijdon erkinligi prinsiplariga sodiqligini iddao qilgan edi.

“Joriy yil aprel oyida milliy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi yangilangan Konstitutsiya bo‘yicha O‘zbekiston tarixida birinchi marta umumxalq referendumi bo‘lib o‘tdi. Referendumda ovoz berganlarning 90 foizdan ziyodi ushbu chinakam xalq Konstitutsiyasini qo‘llab-quvvatladi. Shu tariqa islohotlarimizning ortga qaytmaydigan muqarrar tus olishi ta’minlandi”,- degan edi prezident.

Avvalroq Ozodlik bilan eksklyuziv suhbatda AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik o‘zbek rasmiylarini so‘z va matbuot erkinligini hurmat qilishga chaqirgan edi:

“O‘zbekiston oxirgi bir necha yilda matbuot erkinligi borasida ulkan qadamlarni qo‘ydi. Ammo shu bilan birga, blogerlarga qarshi jinoyat ishlari tashvishga sabab bo‘lmoqda. Men O‘zbekiston hukumatini matbuot, so‘z va ifoda erkinligini hurmat qilishda davom etishga chaqiraman. Hukumat bu jinoyat ishlari ortida siyosiy sabablar turmaganiga amin bo‘lishi kerak, deb hisoblayman”.

Demokratiya, siyosiy erkinliklar va inson huquqlarini kuzatuvchi Freedom House xalqaro nodavlat tashkiloti o‘zining 2023-yilgi hisobotida O‘zbekistonni internet erkin bo‘lmagan davlatlar ro‘yxatida qoldirdi. Tashkilotga ko‘ra, prezident Mirziyoyevning ayrim islohotlariga qaramasdan O‘zbekiston avtoritar davlat sifatida qolmoqda.

XS
SM
MD
LG