Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida 17 yoshli qiz o‘zini yuqori qavatdan tashlash natijasida halok bo‘ldi.
Gazeta.uz nashrining Bosh prokuratura matbuot xizmatiga tayangan holda xabar qilishicha, fojia 7-fevral kuni soat 09:35 atrofida sodir bo‘lgan. Shaharning Naqshab mahallasida yashagan Sh. Z. Navo mahallasidagi 16 qavatli uyning tom qismidan o‘zini pastga tashlab joniga qasd qilgan.
Hodisaga guvoh bo‘lgan fuqarolar qizni to‘xtatishga harakat qilgani, biroq qiz ularning gapiga quloq solmagani aytilmoqda. Marhuma Qarshi shahridagi 12-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi bo‘lgan.
Qarshi shahri prokuraturasi hodisa yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borayotgani bildirilgan.
So‘nggi oylarda O‘zbekistonning turli viloyatlarida qizlarning o‘zini yuqori qavatdan pastga tashlash orqali joniga qasd qilishi bilan bog‘liq bir necha holat qayd etilgan.
Ozodlik avvalroq Samarqand shahridagi 29-maktabning 8-sinf o‘quvchisi M.R. ko‘p qavatli turarjoy binosining 8-qavat yo‘lak derazasidan o‘zini pastga otgani haqida xabar qilgandi.
Samarqand shahrida 2024-yilning 12-dekabriga o‘tar kechasi taniqli byuti-bloger va kosmetolog Go‘zal Mahmatqulovaning 8-qavat derazasidan tushib ketib o‘lgani ham muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.
Rasmiylar marhuma o‘z joniga qasd qilganini aytishgan, ammo yaqinlari bu versiyani rad etishgan. Hodisa maishiy zo‘ravonlik oqibati degan taxmin ham ilgari surilgandi.
2024-yil noyabr oyida Surxondaryo viloyati Denov tumani Buyuk kelajak MFY hududida ham shu kabi fojia ro‘y bergandi.