Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 17:59

"O‘zlari kelishib olishsin". Tramp va boshqa rahbarlar Suriyadagi voqealar haqida


Damashq, Suriya. 8-dekabr, 2024
Damashq, Suriya. 8-dekabr, 2024

Yakshanbaga o‘tar kechasi Bashar Asad hukumatiga muxolif guruhlar Suriya poytaxti Damashqni o‘z nazoratiga olib, rejim ag‘darilganini e’lon qilishdi. Prezident Asad muhtamalan uchoqda mamlakatdan qochib ketdi. Prezident Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov dushanba kuni Rossiya Asadga boshpana berganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu boradagi qarorni Putin qabul qilgan.

Bashar Asad rejimi qulagani haqidagi xabar dunyoga yoyilishi bilan turli mamlakatlar hukumatlari va xalqaro tashkilotlar Suriyada hukumat almashganiga o‘z munosabatlarini bildira boshladi.

AQSHning amaldagi prezidenti Jo Bayden Suriyadagi voqealar rivojini “diqqat bilan kuzatayotgani”ni bildirdi. AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Asad rejimi Rossiya dastagidan mahrum bo‘lgani sababli qulaganini aytdi. “Uning himoyachisi – Vladimir Putin boshliq Rossiya uni himoya qilishdan ortiq manfaatdor bo‘lmay qoldi”, deb yozdi Tramp o‘zining Truth ijtimoiy tarmog‘ida.

7-dekabr kuni esa Tramp X ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozgan edi: “Rossiya Ukraina bilan band, bu urushda 600 ming askarini yo‘qotib bo‘lgan. Rossiya yillardir Suriyani himoya qilib keldi, ammo endi u isyonchilar harakatini to‘xtatishga qodir emas. Endi uni Asadga qo‘shib siqib chiqarishmoqda, bu ular uchun eng ma’qul yo‘l bo‘lsa, ehtimol. Nima bo‘lganida ham Suriya qorishdi, u bizga do‘st emas. AQSH u bilan oldi-berdi qilmasligi kerak. Bu bizning janjalimiz emas. O‘zlari kelishib olishsin”.

BMTning Suriya bo‘yicha maxsus elchisi Otto Pedersen o‘z bayonotida ushbu hafta voqealarini Suriya tarixidagi “qariyb 14 yillik azob-uqubatlar va ta’riflab bo‘lmas judoliklar nihoyasi” deb atadi. U fuqarolar urushi yillarida mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan suriyaliklar uylariga qaytib, oilalariga qovushishlariga, Damashqni o‘z nazoratiga olgan qurolli guruhlar esa xalqaro hamjamiyat ko‘magida mustaqil Suriyani tiklab qonun va tartibga rioya etishiga, tinch aholini muhofaza qilishiga umid bildirdi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 8-dekabrni – Yaqin Sharq uchun tarixiy kun, ag‘darilgan Asad rejimini esa “Eron yovuzlik o‘qi”ning eng muhim qismi deb atadi. Netanyaxuga ko‘ra, Suriyadagi to‘ntarish Isroil tomonidan Asad hukumatining asosiy suyanchiqlari bo‘lgan Eron va “Hizbulloh” radikal guruhiga berilgan zarbalarning “bevosita natijasi”dir.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan diplomatlarning Dohada bo‘lib o‘tgan uchrashuvida xalqaro tashkilotlar hamda Yaqin Sharq mamlakatlari hukumatlarini oqilona yo‘l tutishga va Suriyaning hududiy yaxlitligini saqlab qolishga chaqirdi. “Suriyaning yangi rahbariyati tartib va barcha tomonlarni jalb qilish tamoyillari asosida tuzilishi lozim, toki hech kim alamzada bo‘lib qolmasin”, dedi u.

Сурияда Асад режими қулади, унинг ўзи қочди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:18 0:00

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy dunyoni ogohlikka chaqirdi: “Hozir rossiyaliklar Suriyadan chekinishmoqda, ammo bu ular endi qaytishmaydi va yana o‘zlari bilan sanoqsiz o‘limlar olib kelishmaydi, degani emas”, deya Zelenskiydan iqtibos keltirmoqda Reuters agentligi. Ukraina TIV rahbari Andrey Sibiga: “Putinga suyangan barcha diktatorlarning holi shunaqa bo‘ladi. Putin undan umid qilgan barchani mana shunday sotadi. Endilikda eng muhimi – Suriyada xavfsizlikni tiklash va uning aholisini zo‘ravonlikdan himoya qilishdir”, deb yozdi. Vazirga ko‘ra, Ukraina hokimiyat almashuvidan so‘ng Suriya bilan aloqalarini tiklashga tayyor.

Yevropa Ittifoqi diplomatik mahkamasi rahbari Kaya Kallas Asad rejimi qulashida Rossiya va Eronning ojizligini ko‘rganini aytdi. Asad rejimi ag‘darilganini esa u “uzoq kutilgan ijobiy voqea” deb atadi.

“YI uchun ustuvor masala bu mintaqada xavfsizlikni ta’minlashdir”, urg‘uladi Kallas.

Rossiya TIV bayonotida shunday deyiladi: “B.Asad SAR hududidagi qurolli mojaro ishtirokchilari bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng prezident lavozimidan bo‘shashga qaror qildi va hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirishga farmoyish bergach mamlakatni tark etdi. Rossiya ushbu muzokaralarda qatnashgan emas”. OAVlar va ochiq manbalarda Asad Suriyadan qochib ketishi oldidan muxoliflari bilan muzokara qilgani yoki biron farmoyish bergani xususida ma’lumot yo‘q.

Rossiya tashqi ishlar mahkamasi ham “Suriyada bo‘layotgan dramatik voqealarni katta tashvish bilan kuzatayotgani”ni va qurolli muxolifatga mansub barcha guruhlar bilan muloqot olib borayotganini urg‘uladi. TIVga ko‘ra, Suriyadagi Rossiya harbiy bazalari yuqori jangovar shaylik holatiga keltirilgan, ayni chog‘da ularning xavfsizligiga jiddiy tahdid yo‘q.

Germaniya kansleri Olaf Shols Bashar Asad o‘z xalqiga zulm qilganini ta’kidladi. “U sonsiz-sanoqsiz odamlarning umriga zomin bo‘ldi, ko‘plab odamlarni Suriyadan qochishga majbur qildi va ulardan bir qanchasi Germaniyaga kelgan”, deya kanslerdan iqtibos keltirmoqda Deutsche Welle. Shols endilikda mamlakat hududida “qonun va tartib-intizomni tiklash” muhimligini va Suriyadagi mojaro BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan 2015-yilda qabul qilingan 2254-sonli rezolyutsiya doirasida siyosiy vositalar bilan hal etilishi mumkinligini urg‘uladi. Mazkur rezolyutsiya mamlakatda BMT kuzatuvida saylov o‘tkazishni va konstitutsiyani ishlab chiqishni nazarda tutadi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron X ijtimoiy tarmog‘ida qisqa qilib: “Yovuz davlat quladi. Nihoyat”, deya xabar qoldirdi, so‘ngra Fransiya Yaqin Sharq xavfsizligini qo‘llab-quvvatlashiga va’da berdi.

Suriyada fuqarolar urushi 2011-yilda boshlangan. Unda turli qurolli guruhlar va siyosiy kuchlar ishtirok etmoqda. Rossiya qo‘shinlari urushda 2015-2020-yillarda faol qatnashgan, bu davrda hukumat kuchlari Rossiya va Eron ko‘magida mamlakat hududining katta qismini egallashga muvaffaq bo‘lgan. Biroq 2024-yil noyabrda muxolif guruhlar yashin tezligida hujum boshladi va ikki haftadan so‘ng Asad rejimi quladi. G‘arb mamlakatlari Suriya hukumatini ommaviy qotilliklar va qatag‘onlarda, shuningdek bir necha holatda kimyoviy qurol qo‘llaganlikda ayblab kelar edi. Shunga qaramay G‘arb mamlakatdagi qurolli harakatlarga aralashmagan.

XS
SM
MD
LG