Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

“Olg‘a, Qoraqalpog‘iston” O‘zbekistonda ekstremistik deb topildi


Paraxat Musapbarovga nisbatan chiqarilgan hukmga oid sud saytidagi ma’lumotdan skrinshot
Paraxat Musapbarovga nisbatan chiqarilgan hukmga oid sud saytidagi ma’lumotdan skrinshot

O‘zbekiston Oliy sudi muxolifatdagi “Olg‘a, Qoraqalpog‘iston” harakatini “ekstremistik tashkilot” deb topgan va mamlakat hududida uning faoliyatini taqiqlagan.

“Memorial” huquqbonlik markazi Markaziy Osiyo dasturi direktori Vitaliy Ponomaryovga ko‘ra, sud mazkur qarorni shu yil 22-fevralida chiqargan.

Huquq himoyachisining bunga oid xabari 6-iyun kuni Turkmaniston inson huquqlari bo‘yicha Xelsinki jamg‘armasi (TFH) saytida yoyinlangan.

O‘zbekiston Oliy sudi qarorini ochiq manbalardan topib bo‘lmadi.

Taqiqlovchi qaror borligi haqida joriy yilning 30-mayida Xo‘jayli tuman sudi tomonidan olti yilga ozodlikdan mahrum etilgan Paraxat Musapbarov ishi bo‘yicha sud qaroridan ma’lum bo‘o‘lgan. Faolga qo‘yilgan ayblovlar orasida O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 244-2-moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bo‘yicha ayblov ham bor. Hukm matnida Oliy sudning “Olg‘a, Qoraqalpog‘iston”ni taqiqlash to‘g‘risidagi qarori ham eslatilgan.

Joriy yilning fevral oyi oxirida qo‘lga olingan Musapbarov ishi, aftidan, “Olg‘a, Qoraqalpog‘iston” tarafdoriga bu kabi ayblov qo‘yilishi bilan bog‘liq ilk jinoyat ishidir.

X ijtimoiy tarmog‘idagi Alga Qara'qalpaqstan akkaunti 7-iyun kuni O‘zbekistonda “maxfiy sud” “Qoraqalpog‘iston demokratik partiyasi” faoliyatini “ekstremistik” o‘laroq taqiqlash haqida qaror chiqarganini yozdi.

“Olg‘a, Qoraqalpog‘iston” harakati tarixi 2008-yilning sentyabr oyiga borib taqaladi. Harakat lideri Aman Sagidullayev 2023-yil 10-mayida O‘zbekiston prezidentini omma oldida haqoratlash yoki unga tuhmat qilish moddasi doxil mamlakat Jinoyat kodeksining qator moddalari bo‘yicha sirtdan 18 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Sagidullayev o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etgan. U Qoraqalpog‘iston mustaqilligiga tinch yo‘l bilan erishishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganini qayd etgan. Sagidullayevning fikricha, bu ayirmachilik emas, balki muxtor hududga Konstitutsiyaga muvofiq ravishda berilgan haq bo‘lib hisoblanadi.

XS
SM
MD
LG