Линклар

Шошилинч хабар
15 январ 2025, Тошкент вақти: 21:55

Olimpia o‘yinlari: Kutilmagan oltin medallar Markaziy Osiyoda ehtiroslarni olovlatmoqda


52 kilogrammgacha vaznda oltin medalni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik dzyudochi Diyora Keldiyorova
52 kilogrammgacha vaznda oltin medalni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik dzyudochi Diyora Keldiyorova

Markaziy osiyolik sportchilar Parij Olimpiadasida Tokio va Rio-de-Janeyrodagidan ham past natijalarni qayd etadi, deya bashorat qilingandi. Ammo mintaqa natijalar buning aksini ko‘rsatmoqda.

Parijda yozgi Olimpiya o‘yinlari boshlanishidan oldinroq AQSHning Sports Illustrated (SI) jurnali 329 sport turining barchasi bo‘yicha ehtimoliy yakuniy natijalarni prognoz qilgan edi.

Bu prognoz Markaziy Osiyoning besh mamlakati uchun bir xil emasdi. Masalan, Qozog‘iston o‘z tarixida eng kam medal olishi, O‘zbekiston esa boksda sakkiz yil oldin Rio-de-Janeyroda ko‘rsatgan yuqori natijalarini takrorlay olmasligi bashorat qilindi. Qirg‘izistonga kelsak, SI prognoziga ko‘ra, mamlakat o‘z tarixidagi dastlabki ikki oltin medalini qo‘lga kiritishi kerak edi.

Biroq Markaziy Osiyo sportchilari dastlabki besh kundayoq ulkan yutuqlarga erishib, muxlislarga Parijda hali bundan ham ajoyib finallar bo‘lishiga umid berdi.

O‘zbekistonning yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi ilk g‘olibasi

O‘zbekiston erkaklar boksida oltin medallarga umid qilishga tamomila haqli, ammo o‘zbekistonliklar ushbu Olimpiadani aynan ayol sportchi tufayli eslab qoladigan bo‘lishdi.

52 kilogrammgacha vaznli dzyudochi Diyora Keldiyorova, SI bashoratiga ko‘ra, musobaqalarning ikkinchi kunida bronza medalini olishi kerak edi. Biroq u 28-iyul kuni “Mars maydoni” arenasida amaldagi chempion va besh yildan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan yaponiyalik Uta Abeni ilk raunddayoq mag‘lub qilib, muxlislarni hayratga soldi.

Shohsupaning eng yuqori pog‘onasida turar ekan, qiz quvonch yoshlarini to‘xtata olmadi va uning missiyasi “vatandagi ayollar hayotini o‘zgartirish” ekanini aytdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘ng‘iroq qilib, O‘zbekistonning dzyudo bo‘yicha Olimpiada chempioni bo‘lgan birinchi ayol sportchisi va yozgi Olimpiya o‘yinlarida oltin medal yutgan birinchi o‘zbek sportchi ayoli bo‘lgani bilan shaxsan tabrikladi.

O‘zbekiston uchun eng barakali Olimpiada 2016-yilgi Rio-de-Janeyro Olimpiadasidir (13 ta medal, undan to‘rttasi oltin). Tokioda esa mamlakat terma jamoasi atigi 5 ta medal (uchtasi oltin) olgan.

O‘zbekiston tarixidagi 10 ta oltin medaldan beshtasi erkaklar boksida qo‘lga kiritilgan, ayniqsa, Rio-de-Janeyro Olimpiadasidan so‘ng O‘zbekistonni havaskorlar boksida o‘ta kuchli mamlakat – Kuba bilan teng ko‘ra boshlagan edilar.

Bu gal Sports Illustrated o‘zbek jamoasiga boksda uchta oltin medal bashorat qilgan edi. Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev 71 kilogrammgacha vaznda kumush medal olishi taxmin qilingan edi, ammo Mo‘ydinxo‘jayev bukmekerlarda favorit bo‘lib turibdi, uning jamoadoshi Bahodir Jalolov esa 95 kilogrammgacha vazn toifasida oltin medalga real da’vogar hisoblanadi.

Bularning bari O‘zbekiston boksda Riodagidan ko‘ra ko‘proq yoki loaqal o‘shancha oltin medal olishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Qolaversa, ushbu Olimpiada O‘zbekiston uchun so‘nggi eng yaxshi imkoniyat bo‘lishi mumkin, chunki boks 2028-yilda Los-Anjelesda o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilmasligi ehtimoli bor.

Qozog‘istonning dzyudo bo‘yicha birinchi Olimpiada chempioni

Parij Keldiyorova uchun birinchi Olimpiada bo‘lsa, 31 yoshli qozog‘istonlik Yeldos Smetovga uchinchi urinishda omad kulib boqdi: u Qozog‘istonning dzyudo bo‘yicha ilk oltin medalchisi bo‘ldi, bungacha u Rioda kumush va Tokioda bronza medallarni yutgan edi.

Smetov shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga eltuvchi yo‘lda dastlab jahon reytingida peshqadam bo‘lib turgan tayvanlik Yun Vey Yanni, keyin esa finalda fransiyalik Luka Mxeidzeni mag‘lub qildi.

Xalqaro dzyudo federatsiyasi saytiga bergan intervyusida Smetov bu g‘alabasini oilasiga, Qarag‘andadagi “Jenis” dzyudo klubiga va ushbu klubda bolaligidan beri unga ustozlik qilgan murabbiy G‘alimjon Jilgeldiyevga bag‘ishlaganini aytdi. Shuningdek, u o‘zbek hamkasbi Diyora Keldiyorovani tabriklab, Markaziy Osiyo sportchilarining birdamligini namoyish etdi.

Olimpiya o‘yinlarining birinchi kuni mening timsolimda Qozog‘istonga oltin olib keldi, ikkinchi kunida esa Diyora timsolida O‘zbekiston ham oltinlik bo‘ldi. Demak, bu O‘yinlar Markaziy Osiyo uchun allaqachon o‘ziga xos bo‘lib ulgurdi”, dedi Smetov.

Qozog‘iston ushbu yozgi Olimpiya o‘yinlarida yangi dovonlarni zabt etishdan ko‘ra nomini oqlab olishni ko‘proq ko‘zlagan bo‘lsa ajab emas. Gap shundaki, mamlakat mustaqillikning 30 yili mobaynida 74 ta medalni (15 ta oltin) qo‘lga kiritgan, ammo shundan 10 tasi (oltitasi oltin) doping mojarolari ortidan bekor qilingan.

Tokioda Qozog‘istonga 8 ta bronza medal nasib qilgan, xolos, sportga katta mablag‘ tikiladigan mamlakatni bu mutlaqo qoniqtirmadi. Parij – Qozog‘iston Milliy olimpiya qo‘mitasining yangi rahbariyati uchun birinchi Olimpiada. Yil boshida qo‘mitaga mamlakatning eng mashhur boskchisi Gennadiy Golovkin prezident etib tayinlangan.

Milliy olimpiya qo‘mitasining sobiq rahbari Timur Kulibayev sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning kuyovi bo‘lib, jamoatchilik nazarida “eski Qozog‘iston”ni tamsil qilardi.

Medalning yaxshi-yomoni bormi? Lekin Qirg‘iziston uchun emas!

Aholisi ko‘pligi va sportga salmoqli e’tibori hisobiga O‘zbekiston va Qozog‘iston Markaziy Osiyodagi qolgan uch mamlakatga nisbatan anchagina ko‘p olimpiya medalini qo‘lga kiritgan.

Masalan, tojikistonlik muxlislar o‘z sportchilari Tokiodan farqli o‘laroq, Parijga bekorga bormaganini eshitib, yengil tin olgan bo‘lishsa ajab emas: 30-iyul kuni Somon Mahmadbekov 81 kilogrammgacha vaznda bronza medal yutdi. Albatta, dzyudo musobaqasida!

Umuman, Markaziy Osiyoning olimpiya sportchilari orasida dzyudochilar eng kuchlilardan sanaladi: Turkmanistondan boshqa barcha mamlakatlar o‘z vaqtida sportning ushbu turida medal olgan, aksar hollarda bronza medallarni.

Sports Illustrated 25 yoshli Mahmadbekovning bronza olishini kutmagan bo‘lsa-da, og‘ir vaznli boshqa tojik sportchisi, 27 yoshli Temur Rahimov kumush medalga sazovor bo‘lishini karomat qilgandi. Oltin medal ushbu musobaqada rostakam sensatsiya bo‘lur edi, chunki oldinda Rahimovni – uch karra oltin medal sohibi, ko‘pchilik barcha davrlarning eng kuchli dzyudochisi deb ataydigan fransuz Teddi Riner bilan bellashuv kutmoqda.

Shunisi aniqki, milliy dzyudo federatsiyasi rahbari va ayni chog‘da prezident Emomali Rahmonning nabirasi Ismoil Mahmadzoir har qanday medalga jon deydi.

SI Turkmaniston uchun biron xayrli bashorat qilmagan. Mamlakat o‘zining birinchi olimpiya medalini 4 yil burun Tokioda oldi: o‘shanda Polina Gureva ayollar og‘ir atletikasida kumush yutgandi.

Olimpiya shohsupasi cho‘qqisiga hech qachon chiqmagan yana bir mamlakat – Qirg‘iziston. Ammo kurash sportida eng muvaffaqiyatli qirg‘iz sportchisi Aysuluu Tinibekovaning yulduzli onlari kelgandek tuyulmoqda.

31 yoshli Tinibekova – uch karra jahon chempioni. Biroq u o‘zining yagona olimpiya medalini (kumush) faoliyatidagi uchinchi Olimpiada bo‘lmish Tokiodagi O‘yinlarda qo‘lga kiritgan. Ko‘plar uni 62 kilogrammgacha vaznda favorit hisoblaydi.

Parijda kurash bo‘yicha musobaqalar kelasi haftaga belgilangan. Yulduzli karyerasi va 2028-yilgi Olimpiadagacha yoshi o‘tib qolishini nazarda tutganda, Parij Aysuluuning oltin medal olish uchun so‘nggi imkoniyati bo‘lishi mumkin.

Qirg‘izistonda ayollar kurashi gullab-yashnamoqda: Tinibekova murabbiy Nurbek Izabekov jamoasining bosh qahramoni. Bu jamoada yana Tokio bronza medalchisi, 24 yoshli Meerim Jumanazarova hamda 2023-yilgi jahon chempionatining kumush medali sohibasi, 25 yashar Ayperi Medet qizi kabi sportchilar bor.

Sports Illustrated Tinibekova bilan Medet qiziga – oltin, yunon-rum uslubida kurashchi Jolaman Sharshenbekovga ham oltin va yana uch sportchiga bronza medallar bashorat qilgan.

Amerika jurnali bashorati to‘g‘ri chiqsa, bu Qirg‘izistonning hozirgacha barcha Olimpiya o‘yinlaridagi eng katta yutug‘i, shuningdek ma’lumoti bo‘yicha “sport murabbiyi” bo‘lmish prezident Sadir Japarovning populistik rejimi uchun ayni muddao bo‘lur edi.

Darvoqe, qirg‘iz sportchilari Parijda yangi bayroq ostida ishtirok etmoqda: Japarov “kungaboqarga o‘xshaydi” degan bahona bilan o‘tgan yili bayroq dizaynini yangilatgan.

Tinibekova bayroq o‘zgartirilishiga ochiq norozilik bildirgan bir necha sportchi qatorida edi, Sharshenbekov esa dekabrda “musobaqalarda faqat eski bayroqni ko‘tarib chiqaman”, deya bayonot bergan.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi va amalda Japarov bilan birga mamlakatni idora qilayotgan Qamchibek Tashiyev o‘shanda Sharshenbekovga: “Rasmiy musobaqalarda davlat bayrog‘isiz chiqishga hech bir sportchining haqi yo‘q. Qani, chiqib ko‘r-chi!” deya po‘pisa qilgan edi.

XS
SM
MD
LG