Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 04:37

Olmaotada Nukus voqealariga aloqador ko‘rilgan ikki qoraqalpoq faoli hibsga olindi


Iyul oyining boshida O‘zbekistonning yangi tahrirdagi konstitutsiyasida Qoraqalpog‘iston maqomining o‘zgartirilishiga qarshi ommaviy norozilik chiqishlari xavfsizlik kuchlari tomonidan bostirilgandi.
Iyul oyining boshida O‘zbekistonning yangi tahrirdagi konstitutsiyasida Qoraqalpog‘iston maqomining o‘zgartirilishiga qarshi ommaviy norozilik chiqishlari xavfsizlik kuchlari tomonidan bostirilgandi.

Qoraqalpog‘istonda iyul oyi boshida ro‘y bergan ommaviy norozilik namoyishlari yuzasidan Qozog‘istonning Olmaota shahrida kamida ikki qoraqalpog‘istonlik faol hibsga olingan.

Qozog‘istondagi qoraqalpoqlar diasporasi vakili Oqilbek Muratovning Ozodlikka ma’lum qilishicha, faollar Qo‘shqarbay To‘remuratov va Jangeldi Jaksimbetov 13-sentabr kuni uylaridan olib ketilgan.

"Bizda diaspora markazi bor. Soat 19:00 atrofida o‘sha markazga bir ayol murojaat qilib, Jangeldi Jaksimbetovni patrul olib ketganini aytdi. Men uni faqat sirtdan taniyman. Bir necha soatdan keyin Qo‘shqarbay To‘remuratov ham qo‘lga olingani ma’lum bo‘ldi, u soat 22: 00 da hibsga olingan, uni o‘zbekistonlik xodimlar uyidan olib ketishdi”, — dedi Oqilbek Muratov.

Qozog‘istonda hibsga olingan qoraqalpog‘istonlik faol Qo‘shqarbay To‘remuratov.
Qozog‘istonda hibsga olingan qoraqalpog‘istonlik faol Qo‘shqarbay To‘remuratov.

Qo‘shqarbay To‘remuratovning rafiqasi Qaliya Mangibayeva Ozodlik bilan suhbatda eriga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining ikki moddasi - “Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz” (159-modda) va “Jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallar tayyorlash” (244-modda) bo‘yicha ayblov qo‘yilganini aytdi.

“Kecha kechqurun grajdan formasi kiygan odamlar hech qanday hujjat va order ko‘rsatmasdan erimni olib ketdi. “Ikki soatdan keyin qo‘yib yuboramiz” deb aytishdi. Keyin xo‘jaynimni o‘zi telefon qilib, menga 159 va 244-moddani qo‘yishyapti, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilishadi, deb aytdi.”, - deydi Qaliya Mangibayeva.

Qozog‘istonda hibsga olingan qoraqalpog‘istonlik faol Jangeldi Jaksimbetov.
Qozog‘istonda hibsga olingan qoraqalpog‘istonlik faol Jangeldi Jaksimbetov.

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi qoraqalpog‘istonlik faollarning hibsga olinganini hanuz izohlagani yo‘q.

Ozodlik muxbiri chorshanba kuni ertalab Olmaota shahar politsiya boshqarmasi bilan bog‘lanishga urindi, biroq javob ololmadi.

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Oleg Ivashenko “bo‘lgan voqeadan xabari yo‘qligini” aytdi.

O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi ham Ozodlikning yozma so‘rovini javobsiz qoldirdi.

Qo‘shqarbay To‘remuratovning rafiqasi Qaliya Mangibayeva 14-sentabr kuni turmush o‘rtog‘i bilan uchrashuv so‘rab Olmaota shahar Ichki ishlar boshqarmasiga borganida uning talabi rad etilgan.

“Erim Olmaota shahar Ichki ishlar boshqarmasi hibsxonasida ushlab turilibdi ekan, uchrashtirishmayapti. Ular aytyapti, erimni O‘zbekiston 8-avgustdan xalqaro qidiruvga bergan, 1-sentabrda hibsga olish haqida so‘rov olingan ekan. Erim bu yerda O‘zbekiston pasporti bilan yashagan”, - deydi Qaliya Mangibayeva.

Qozog‘istondagi qoraqalpoqlar diasporasi vakili Oqilbek Muratovning Ozodlikka aytishicha, hibsga olingan faollar Olmaotada uzoq vaqtdan beri yashab kelishadi.

“Har ikkalasini oilasi, farzandlari shu yerda, yashab, ishlaydi, lekin vatani bilan yaqin aloqada. O‘zbekistondagi voqealarni ilk kunlardanoq kuzatib boryapmiz va o‘z pozitsiyamizni bildirib kelamiz. Lekin, bu yerdagi qoraqalpoq diasporasining Qoraqalpog‘istonda bu qadar katta sondagi aholini ko‘chaga olib chiqadigan darajada salohiyati yo‘q. Bizning nazarimizda O‘zbekiston hukumatining Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘iston maqomii o‘zgartirish urinishi aslida noroziliklarga turtki bo‘ldi”, - deydi Oqilbek Muratov.

Ozodlik Qoraqalpog‘istondagi voqealardan uch kun o‘tib Qozog‘istonda faollar Ichki ishlar bo‘limlariga chaqirtirilib so‘roq qilinayotgani haqida xabar bergan edi.

Iyul oyining boshida O‘zbekistonning yangi tahrirdagi konstitutsiyasida Qoraqalpog‘iston maqomining o‘zgartirilishiga qarshi ommaviy norozilik chiqishlari xavfsizlik kuchlari tomonidan bostirilgandi.

Andijon qatliomidan keyingi eng qonli voqea

Nukus voqealari mustaqil O‘zbekistonning yangi tarixida 2005-yil mayidagi Andijon qatliomidan keyin eng qonlisi bo‘ldi.

O‘zbekiston rasmiylari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 1-2-iyul kunlari Nukusda tartibsizliklarga aylanib ketgan norozilik namoyishlari chog‘ida 21 kishi halok bo‘lgan, huquq-tartibot idoralari xodimlari doxil 243 kishi yaralangan.

Norozilik namoyishlari ortidan besh yuzdan ziyod kishi qo‘lga olingani haqda xabar qilingandi. O‘tgan hafta qamoqqa olingan gumonlanuvchilardan 34 nafari uy qamog‘iga chiqarilgani bildirildi.

Bu chora Qoraqalpog‘istondagi voqealarni o‘rganayotgan komissiya a’zolarining taklifi va Qoraqalpog‘iston parlamentining iltimosnomasiga ko‘ra amalga oshirilgani aytildi.

Ayni paytda Qoraqalpog‘istondagi tartibsizliklarda gumonlanib, qancha odam hisbda saqlanayotgani, ular orasida xorijdan ushlab olib kelingarlari ham bor-yo‘qligi xususida aniq rasmiy ma’lumot yo‘q.

Nukus voqealari va "tashqi kuchlar"

Nukusdagi voqealarni o‘rganayotgan komissiya a’zolaridan biri A’zam Farmonov Ozodlik bilan suhbatda Nukusdagi voqealarda Qozog‘istondagi qoraqalpoqlarning ham roli bo‘lganini aytadi.

"Men Qozog‘istonda qo‘lga olinganlar, ularning Nukusdagi voqealarga aloqasi qanchalik ekani haqida ma’lumotga ega emasman. Lekin, shuni aytishim mumkinki, Qozog‘istonda, Rossiyadagi qoraqalpoq diasporasi vakillari feyk, yasama axborotlarni tarqatib, odamlar g‘azabini qo‘zotish bilan shu voqealarda rol o‘ynagan. Hozir ham qarasangiz tarmoqlarda gij-gijlab o‘tirganlarni ko‘pchiligi Qozog‘istondan", - deydi A’zam Farmonov.

O‘zbek rasmiylari namoyishchilarga qarata o‘t ochilganini rad etishgan, Milliy Gvardiya, IIV hamda Mudofaa vazirligi namoyishlarni bostirish chog‘ida qo‘llangan maxsus vositalarni namoyish etgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev voqealarda “tashqi kuchlar”ni ayblagan. Mirziyoyevga ko‘ra, ommaviy norozilik namoyishlarini tashkillashga tashqi kuchlar tomonidan yillar davomida tayyorgarlik ko‘rilgan.

"Albatta, bu voqealar bir kunda yoki o‘n kunda tashkil qilingan emas. Bu harakatlarga chetdagi g‘arazli kuchlar tomonidan yillab tayyorgarlik ko‘rilgan.

Ularning asl maqsadi O‘zbekistonning hududiy yaxlitligiga tajovuz qilish va millatlararo nizo keltirib chiqarishga qaratilgan", - degan prezident Mirziyoyev 6-iyul kuni.

O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov namoyishlar "tinch boshlangani"ni e’tirof etgan va voqealar yuzasidan AQSh Kongressiga maxsus hisobot taqdim etilishini bildirgan.

Qo‘shni davlatlar, Rossiya va Xitoy voqealar bo‘yicha O‘zbekiston hukumatining rasmiy pozitsiyasini qo‘llab quvvatlagan, Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning hududiy butunligi va suverenitetini dastaklashini bildirgan.

XS
SM
MD
LG