Линклар

Шошилинч хабар
03 январ 2025, Тошкент вақти: 08:55

Olmaotadagi faollar “AES kerak emas” platformasini tuzishdi


“AES kerak emas” platformasini tuzgan qozog‘istonlik faollar, olimlar va ekologlar Olmaotadagi matbuot anjumanida, 2024-yil 10-sentyabri
“AES kerak emas” platformasini tuzgan qozog‘istonlik faollar, olimlar va ekologlar Olmaotadagi matbuot anjumanida, 2024-yil 10-sentyabri

Qozog‘istonning Olmaota shahrida ekofaollar guruhi “AES kerak emas” platformasini tuzishganini e’lon qilishdi. Ular platforma orqali jamoatchilikka atom elektr stansiyasi qurilishiga qarshi chiqayotgan qozog‘istonliklarning dalillarini yetkazishni hamda mazkur qurilish xavfi haqida fuqarolarni xabardor qilishni niyat qilishgan, deya xabar qildi Ozodlikning qozoq xizmati.

O‘ninchi sentyabr kuni Olmaotada o‘tkazilgan matbuot anjumanida faollar, olimlar va ekologlar Qozog‘iston AES qurilishi uchun texnologiya yetkazib berishi mumkin bo‘lgan xorijiy davlatga bevosita qaram bo‘lib qolishi mumkinligini bildirishgan.

AES qurilishiga qarshi platformani biolog va “Goldman” xalqaro ekologiya mukofoti laureati Qaysha Ataxanova, energetika bo‘yicha ekspert Aset Naurizbayev, ekologik huquq va iqlim bo‘yicha ekspert Vadim Ni, siyosatshunos Asel Iztayeva va ekolog Gulsum Kakimjanovalar tuzishmoqda.

Vadim Ni AES qurilishi g‘oyasi ortida faqatgina siyosat ko‘rayotganini bildirgan. U referendumga “Aholi AES qurilishini dastaklaydimi yoki yo‘q?” degan masalagina olib chiqilayotganini, qozog‘istonliklarga atom stansiyasi qurilishini kimga topshirishni tanlash huquqi berilmayotganini qayd etgan.

Avvalroq Rossiya, Xitoy, Fransiya va Janubiy Koreya arizalari ko‘rib chiqilayotganini bildirgan mamlakat rasmiylari bu borada qozog‘istonliklar fikrini so‘ramasdan, o‘zlari shartnoma tuzishadi”, degan Vadim Ni.

Ekologlar Balxash ko‘li sohilida AES qurilishi ekotizimga tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazishiga shubha qilishmaydi.

Hatto referendum bizning foydamizga hal bo‘lmasa ham, Qozog‘istonda AES qurilishi tarafdorlari uzoq yo‘lni bosib o‘tishlari kerak bo‘ladi va bu yo‘lda biz muxoliflarimiz ustidan g‘alaba qozonish niyatidamiz, chunki Balxash ko‘lida Chernobil va Fukusima fojiasi takrorlanishiga yo‘l qo‘yolmaymiz”, degan Vadim Ni.

Qaysha Ataxanova radioaktiv chiqindilarni saqlash muammosi hal etilmaganiga e’tibor qaratgan.

Aset Naurizbayev Qozog‘istonda elektr energiyasi tanqisligiga oid iddaolar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligiga amin. U Energetika vazirligida Qozog‘iston energotizimini AESsiz ham rivojlantirish mumkinligiga oid ssenariylar borligini qayd etgan. Shamol va quyosh doxil qayta tiklanuvchi toza energiya manbalari muhimligi haqida gapirar ekan, Naurizbayev elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun gidroresurslar misolini keltirgan.

Bizning mamlakatda Buxtarmin, Qapchig‘ay, Shulbi va Mo‘ynoq suv omborlari kabi energiya yig‘uvchilar faoliyat olib bormoqda va biz ular bilan ishlashni bilamiz. Shuning uchun ham biz yana 10-20 yil bu borada umuman muammoga duch kelmaymiz”, deb hisoblaydi Naurizbayev.

Prezident Qasim-Jomart Toqayev o‘tgan hafta boshida Qozog‘istonda AES qurilishi bo‘yicha referendum 6-oktyabr kuni o‘tkazilishini e’lon qilgan. Parlamentda qilgan chiqishida u “global miqyosda energiya tanqisligi ortib borayotgani”ni aytib, “Biz ishonchli va ekologik jihatdan toza energiya manbalariga o‘ta muhtojmiz”, deya bildirgan.

Mening fikrimcha, atom energetikasini rivojlantirishga katta diqqat-e’tibor qaratish zarur. Generatsiyaning bu turi mamlakat iqtisodiyotining tez o‘sib borayotgan ehtiyojlarini sezilarli darajada qondirishga qodir”, degan Toqayev.

Yozda Qozog‘iston shaharlarida rasmiylar tomonidan AES qurilishi bo‘yicha jamoatchilik tinglovi shaklida uchrashuvlar o‘tkazilgan, bu uchrashuvlarda Energetika vazirligi va taklif qilingan ekspertlar energiya tanqisligining oldini olish zarurligi hamda atom generatsiyasining ijobiy jihatlaridan bahs etishgan.

AES qurilishiga qarshi bo‘lganlar esa atom elektr stansiyasi mamlakatni ulkan qarz botqog‘iga botirishi, ekologik xavfsizlik va aholi salomatligi uchun xatar tug‘dirishi hamda mamlakatni texnologiya yetkazuvchi davlatlarga qaram qilib qo‘yishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.

XS
SM
MD
LG