Линклар

Шошилинч хабар
29 декабр 2024, Тошкент вақти: 08:03

Onkologiya markazida bemorlar nur berish uskunasining tuzatilishiga ko‘z tikmoqda


Toshkentdagi Onkologiya markazida qariyb 3 million dollarlik zamonaviy chiziqli tezlatkich nur berish uskunasi 2018 -yilda o‘rnatilgan.
Toshkentdagi Onkologiya markazida qariyb 3 million dollarlik zamonaviy chiziqli tezlatkich nur berish uskunasi 2018 -yilda o‘rnatilgan.

Toshkentdagi Respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida saratonga qarshi yagona radioterapiya uskunasi so‘nggi olti oy ichida uchinchi marta ishdan chiqqan.

Ozodlikka bu haqda xabar yo‘llagan bemorlarga ko‘ra¸ uskunaning bot-bot ishdan chiqishi sabab muolajalar kechikmoqda.

Nur vositasida davolanayotgan ayrim saraton bemorlari orasida ahvoli og‘irlashganlari ham borligi aytiladi.

Bahosi qariyb 3 million AQSh dollariga teng Elekta Infinity chiziqli tezlatkich nur berish uskunasi Toshkentdagi markazga 2018 - yilda Britaniyadan olib kelib o‘rnatilgandi.

Markaz bosh shifokori Odiljon Ahmedov 9 - mart kuni Ozodlik bilan suhbatda uskunaning muhim detali ishdan chiqqani, uni chetdan oldirib kelish cho‘zilayotganini aytdi.

"Lineyniy uskoritel, juda qimmat va juda murakkab apparat, 2 million 800ming turadi. Muammo shuki, bizda buni servis markazi yo‘q. Buzilsa ehtiyot qismlarini chetdan oldirishga to‘g‘ri keladi. Shunga kutyapmiz. Xudo xohlasa, yanagi haftaga tuzatiladi”, - dedi Respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Odiljon Ahmedov.

Elekta Infinity chiziqli tezlatkich nur berish uskunasi Toshkentdagi markazga 2018 - yilda Britaniyadan olib kelib o‘rnatilgandi.
Elekta Infinity chiziqli tezlatkich nur berish uskunasi Toshkentdagi markazga 2018 - yilda Britaniyadan olib kelib o‘rnatilgandi.

Muammo faqat uskunaning buzilgani emas

Toshkentlik Regina Nigmatulina bosh miya saratoniga chalingan turmush o‘rtog‘i Marat Nigmatulin nur berish uskunasi buzilib qolgani sabab bir oydan beri zarur muolajani ololmayotganini aytadi.

Nigmatulinaga ko‘ra, muammo faqat radioterapiya uskunasining buzilganida emas.

“Sentabr oyida erimning boshida o‘simta borligi aniqlandi. Radioterapiya qilishlari kerak edi. Ikki oy kutdik. Sababi bosh miya MRTsini qilish uchun “Magnilek” preparati lozim edi. Uni Belarusdan kelishini kutdik. O‘zbekistonda bu preparat yo‘q. Preparat hal bo‘ldi, endi terapiyani boshlaymiz, deb turganimizda apparat buzilib qoldi. Bu apparat bilan muolaja yordamida o‘simtaning o‘sishini sekinlashtirish yoki to‘xtatish mumkin. Hozir shu uskunaning tuzatilishi biz uchun hayot-mamot masalasi bo‘lib turibdi”, - deydi Nigmatulina.

Toshkentdagi Onkologiya markazida Marat Nigmatulin qatori o‘nlab bemor nurlanish apparatining tuzalishiga ko‘z tikkan.

Mutaxassislarga ko‘ra, bemorlardan ko‘pchiligining onkologik kasallikdan tuzalish-tuzalmasligi aynan o‘z vaqtida qilinadigan radioterapiya muolajasiga bog‘liq.

Shulardan biri ko‘krak bezi saratoniga chalingan 36 yoshli Nasiba Mirzayevadir.

“Nurlanish apparatida o‘ttizta kurs lecheniya olishim kerak, lekin ololmayapman, buzilgan. Agar muolajani vaqtida olmasam, o‘simta rivojlanaveradi. Mening yonimda yigirmadan ortiq bemor bor, ular ham shu apparatning tuzalishiga ko‘z tikib o‘tirishibdi, - deydi Mirzayeva.

Toshkentdagi Respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya markazi Markaziy Osiyodagi saratonga qarshi yetakchi markazlardan sanaladi.
Toshkentdagi Respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya markazi Markaziy Osiyodagi saratonga qarshi yetakchi markazlardan sanaladi.

“18-20 soatlab tinimsiz ishlaydi”

Markazda stantsionar sharoitda davolanayotgan bemorlar Ozodlikka radioterapiya uskunasining har kun tungi soat 1 gacha ishlatilganiga guvoh bo‘lganliklarini aytishgan.

Regina Nigmatulina ham buni tasdiqlaydi.

“Kuniga 18-20 soatlab tinimsiz ishlaydi. Chunki apparat bitta, kasallar ko‘p. Nagruzka katta, dosh berolmayapti aftidan ”, - deydi Regina Nigmatulina.

Respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Odiljon Ahmedov O‘zbekistonning 6ta joyida shu funksiyani bajaradigan radioterapiya uskunasi o‘rnatilgani, nur muolajasi juda zarur bo‘lgan bemorlar markazning boshqa bo‘limlariga jo‘natilayotganini aytadi.

Shu apparat oltita joyda bor. Funksiyasi huddi shu. Buxoro, Qoraqalpog‘iston, Sirdaryo, Jizzax, Toshkentda. Markazimizdagiday emasku, lekin funksiyasi bir xil. Juda shoshilinch bemorlar bo‘lsa, ularni shu bo‘limlarimizga yuboryapmiz. Lekin uzog‘i bilan kelasi hafta tuzatiladi”, - deydi Odiljon Ahmedov Ozodlik bilan suhbatda.

Ammo Regina Nigmatulina ta’kidlashicha, erini davolayotgan vrach boshqa bo‘limlardagi nurlanish uskunasi unga to‘g‘ri kelmasligini aytgan.

“Toshkent shahar bo‘limida ham bor ekan shunday uskuna. Lekin vrach boshqacha uroven apparat dedi. Bizga faqat Respublika Onkologiya markazidagi uskoritel to‘g‘ri kelar ekan”, - deydi Nigmatulina.

Yetakchi markaz

Toshkentdagi Respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Markaziy Osiyodagi saratonga qarshi yetakchi markazlardan sanaladi.

O‘zbekistonning chekka viloyatlari va qo‘shni davlatlardan bemorlar radioterapiya bilan davolanish ilinjida shu yerga kelishadi.

Ozodlik bog‘langan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mulozimi Onkologiya markazida saratonga chalingan bemorlar uchun yagona radioterapiya uskunasining ishdan chiqqani haqida ma’lumotga ega emasligini aytdi.

Radioterapiya muolajasi davomida tananing ma’lum bir qismidagi saraton hujayralariga maxsus nur yuboriladi.

U saratonning ko‘plab turlarida qo‘llaniladi. Sog‘lom hujayralar zarardan so‘ng tiklanishi mumkin, ammo saraton hujayrasi o‘ladi.

O‘zbekistonning ayrim shifoxonalarida tibbiy uskunalarning ishdan chiqishi fojiali yakun topgan.

O‘tgan yil kunida Toshkent viloyati Bekobod shahridagi COVID klinikasida bir kunda sun’iy nafas olish qurilmasiga ulangan to‘rt bemor o‘lgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

2019 - yil Samarqand Shoshilinch tez tibbiy yordam shifoxonasidagi davlatga qarashli yagona gemodializ bo‘limidagi nosozliklar tufayli esa buyrak yetishmovchiligi kasaliga chalingan 160 dan ortiq bemor boshqa viloyatlarga ko‘chirilgandi.

XS
SM
MD
LG