Линклар

Шошилинч хабар
29 декабр 2024, Тошкент вақти: 05:36

Oskar qo‘mitasi: "Faridaning ikki ming qo‘shig‘i" uchun Oskar eshiklari butunlay yopilmadi


"Faridaning ikki ming qo‘shig‘i" filmidan kadr
"Faridaning ikki ming qo‘shig‘i" filmidan kadr

«O‘zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga binoan «Fox music cinema» studiyasi tomonidan suratga olingan Yolqin To‘ychiyevning «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» Los Anjelesdagi Oskar mukofoti tanloviga qatnashadigan 90 filmdan biri bo‘lishi uchun hali imkon bor.

Bu haqda Ozodlikka O‘zbekiston Oskar qo‘mitasi koordinatori Muxlisa Azizova ma’lum qildi. Azizovaga ko‘ra¸ prodyuser aybi bilan ovoz parametrlari noto‘g‘ri bo‘lgan nushasi AQShdagi tanlov komissiyasiga yuborilgan. Komissiya uni qabul qilmagan.

«Hozir AQShdagi Oskar mukofoti tanlovi vakillari bilan muzokora olib boryapmiz. Yolqin To‘ychiyev suratga olgan «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» mualliflik filmi Oskar tanlovidagi «eng yaxshi chet el kinosi nominatsiyasiga qo‘yiladigan 90 filmdan biri bo‘lishiga hali fevralgacha imkon bor».

Sansolarlik?

«Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmini «O‘zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga binoan suratga olgan «Fox music cinema» studiyasi prodyuseri Doniyor Agzamov Ozodlik bilan suhbatda «film belgilangan vaqtda yuborilmagani sabab "Oskar"da qatnashmasligini» bildirdi.

Agzamovga ko‘ra, O‘zbekiston Oskar qo‘mitasi ma’suliyatsizligi bois 28 - noyabrdan 5 - yanvarga qadar filmni AQSh kinoakademiyasiga yuborilmagan.

«Tayyor narsani yuborishmagan. 28 - noyabr kuni ularning qo‘liga tutqazganman. Shu kungacha yubordinglarmi, deb so‘raganimizda ‘ha, yubordik’ deya javob berib kelishgan. Dekabr oyining boshida filmni Amerikaga ham jo‘natganman, 50 ta DVDP, bitta katta terabaytli xardda, DSP formatda, ‘Surround’ formatida yuborilgan. Lekin Oskar tashkilotchilari videoni so‘rab, O‘zbekiston Oskar qo‘mitasiga 3-4 marta yozishgan, qo‘mita javob ham bermagan. Oskar qo‘mitasining qo‘lida filmning hamma formatdagi nushasi turibdi, nima so‘rashgan bo‘lsa, qilib berganman. Biz shu vaqtgacha O‘zbekiston Oskar qo‘mitasiga ishonib kelgan edik. Hozir asabiy holatdaman. To‘g‘ri tushuning. Bizga film tanlovda qatnashmaydi, deb ochiq-oydin aytildi. 5 - yanvar kuni mening shaxsan o‘zimga AQSh kinoakademiyasidan elektron pochtamga xat keldi, sizlarga soat 5 gacha oxirgi muddat, degan. Biz shokka tushib qoldik. Ulgura olmasdik, chunki kompyuter ‘zagruzka’ning o‘ziga 18 soat ketishi aniq edi».

Film 100 yil oldingi Turkiston haqida
Film 100 yil oldingi Turkiston haqida

O‘zbekkino vakili: Biz qo‘limizdan kelgancha yordam qildik

«Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmi Oskar tanlovida ishtirok etishi yoki etmasligi borasida Ozodlik savoliga javob bergan «O‘zbekkino» Milliy agentligi matbuot xizmati boshlig‘i Nozim Safariy «film jo‘natilmaganida» o‘z tashkilotining aybi yo‘qligini ta’kidladi.

«Avvalambor, "Faridaning ikki ming qo‘shig‘i" filmi Oskar mukofoti saralash bosqichida qatnashmaydi, deyish to‘g‘ri emas. Oskar qo‘mitasi kotibi Oybek Abdushukurovning agentlikka ma’lum qilishicha, Qo‘mita mukofot tashkilotchilari bilan filmni talab etiladigan shaklda taqdim etish bo‘yicha kelishmoqda. Film qabul qilinishi ham mumkin. O‘z navbatida, "O‘zbekkino" Milliy agentligi Yolqin To‘ychiyevning "Faridaning ikki ming qo‘shig‘i" filmini Oskar talablariga moslashtirish, tarjima va subtitrlar uchun qo‘shimcha mablag‘ to‘lab berganligini aytish lozim. Shuningdek, agentlik O‘zbekiston Oskar qo‘mitasining filmlarni saralash jarayoni va g‘olibni aniqlash marosimini o‘tkazish uchun barcha sharoitlarni yaratib, ko‘mak bergan. Filmning Oskar mukofoti saralash bosqichiga qabul qilinishi bo‘yicha ham hozirda ko‘mak berilmoqda".

Filmdagi rollardan birini taniqli aktyor Bahrom Matchonov ijro etgan
Filmdagi rollardan birini taniqli aktyor Bahrom Matchonov ijro etgan

Kim aybdor?

Ozodlik muxbiri "Faridaning ikki ming qo‘shig‘i" filmi Oskar mukofoti saralash bosqichiga jo‘natishga aloqador barcha taraflar bilan gaplashdi; «O‘zbekkino» Milliy agentligi va jamoatchilik tashkiloti bo‘lgan O‘zbekiston Oskar qo‘mitasi, filmni suratga olgan «Fox music cinema» studiyasi. Ozodlik tasarrufidagi o‘nlab hujjat va yozishmalardan kim aybdor ekanini aniqlash qiyin bo‘ldi.

«O‘zbekkino» Milliy agentligi vakli Safariyga ko‘ra, rahbariyat ham bu savolga javob izlamoqda:

«O‘rganyapmiz, Oskar qo‘mitasi prodyuserni ayblamoqda, prodyuser qo‘mitani. Biz tomonimizdan zarur hamma yordam berilgan. Oskar formatiga tayyorlash uchun 74mln so‘m to‘lab berilgan. Subtitrlash, tarjima, video va ovoz formatini o‘zgartirishga faol yordam qilingan".

Rossiyada ijod qilayotgan o‘zbek kinochisi Ulug‘bek Yo‘ldoshev «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» asari bilan bog‘liq muammolar o‘zbek kino sanoatidagi nosog‘lom muhit va "ko‘rolmaslik" kabi illat oqibati, degan fikrda.

«50 kun davomida turli va ayni paytda o‘ta arzimas texnik sabablar bilan kinoning AQShga borishini paysalga solishni boshqacha talqin qila olmayman», - deydi Yo‘ldoshev.

2019 - yil bahorida «O‘zbekkino» Milliy agentligi, O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi va O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Oskar qo‘mitasi tashkil qilingan edi. Komissiyaning 2020 - yil 21 - noyabr kuni o‘tkazgan yig‘ilishida Oskar mukofotining «Eng yaxshi xorijiy badiiy film» nominatsiyasiga O‘zbekiston nomidan «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmi tanlangan.

Oskar qo‘mitasi kordinatorin Muxlisa Azizovaning Ozodlikka aytishicha, qo‘mita uchta filmdan bittasini tanlagan:

«Ayub Shahobiddinovning «Rangsiz tushlar»¸ Jahongir Qosimovning «Ibrat» va Yolqin To‘ychiyevning «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i « filmlari tanlovga qo‘yildi. To‘ychiyevning filmi tanlandi. Chunki filmning xalqaro festivalda yutib chiqish uchun barcha jihati to‘kis edi».

93-Oskar taqdirlash marosimi 2021 - yilning 25 - aprel kuni Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadi.

Oskar mukofoti kino sohasidagi oliy sovrin
Oskar mukofoti kino sohasidagi oliy sovrin

Film nima haqda ?

Prodyuser Doniyor Agzamovga ko‘ra, «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmida o‘tgan asrning boshlarida Turkistonda yuz bergan siyosiy voqealarning shu yurt aholisiga ko‘rsatgan ta’siri bir oila misolida ochib beriladi.

«Filmni ko‘rish, eshitish va his qilish kerak. Filmga ssenariy muallifi va rejissyor Yolqin To‘ychiyev, postanovkachi operator Bahodir Yo‘ldoshev va postanovkachi rassom Bektosh Rajabovning mehnati singgan. Bahrom Matchonov, Yulduz Rajabova, Elmira Rahimjonova, Marjona O‘ljayeva, Sanobar Haqnazarova, Nodira Xojiquliyeva kabi aktyorlar mahorati bor kinoda».

O‘zbek kinochilarining badiiy fim suratga olish jarayoni
O‘zbek kinochilarining badiiy fim suratga olish jarayoni

O‘zbekiston tarixida ilk bor rejissyor Umid Hamdamov suratga olgan «Issiq non» filmi 2020 - yilda Oskar nomzodlari ro‘yxatiga kirgan edi. Ozodlik bilan suhbatda Umid Hamdamov «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmini tomosha qilgani va bu film katta sovrinlarga loyiq ekanligini bildirdi:

«Film go‘zal olingan. Tashkiliy masala sabab Oskar nomzodlari ro‘yxatiga kirmay qolishi ehtimolidan xafaman. Lekin bu holat filmning ahamiyatini tushirmaydi», - dedi kinochi Ozodlik bilan suhbatda.

XS
SM
MD
LG