Ozarbayjon Rossiya Davlat dumasi deputati, sobiq bokschi Nikolay Valuyevni “istalmagan shaxs” (persona non grata) deb e’lon qildi. Bu haqda Ozarbayjon Tashqi ishlar vzairligi bildirdi.
Bunga Ozarbayjon “Rossotrudnichestvo” faoliyatini to‘xtatib, uning Bokudagi vakolatxonasi - “Rus uyi”ni (“Russkiy dom”) yopganidan keyin Valuyev tomonidan bildirilgan keskin fikrlar sabab bo‘lgan.
“Rus uyi” yopilgani ortidan Valuyev Rossiyadagi ozarbayjon diasporasini tugatish, uning vakillari biznesi va mol-mulkini tortib olish, viza tartibi joriy qilish va Rossiyada yashovchi ozarbayjonlik fuqarolarni deportatsiya qilishga chaqirgan edi
Ozarbayjon TIV Valuyevning bu gaplarini tahqirli va mutlaqo nomaqbul, deb atagan. Uning ismi Ozarbayjonga kirishi taqiqlangan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan. Mazkur ro‘yxatga Valuyevdan avval uning Davlat dumasidagi hamkasblari bo‘lmish Konstantin Zatulin va Vitaliy Milonovlar kiritilgan edi. Ularning hammasi Rossiya parlamenti quyi palatasida “Yedinaya Rossiya” hukmron partiyasini tamsil etishadi.
Valuyev “Gazeta.ru” nashriga bergan intervyusida Boku qarori uni hayron qoldirgani va taqiq sabablari o‘zi uchun tushunarsiz ekanini, biroq u bundan xafa emasligini bildirgan.
Ozarbayjon TIV 3-fevral kuni Moskvani mamlakatda “Rossotrudnichestvo” faoliyati to‘xtatilgani va uning vakolatxonasi - “Rus uyi” informatsion-madaniy markazi yopilgani haqida xabardor qilgan edi. Bunga rasmiy sabab o‘laroq “Rus uyi” go‘yo “yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan”i va “tashkilot Ozarbayjon qonunchiligini jiddiy buzgan”i aytilgan.
Avvalroq Ozarbayjon rasmiylari nazorati ostida bo‘lgan Baku.tv Ozarbayjondagi “Rus uyi” faoliyati haqida lavha tayyorlagan. Lavhada “Rus uyi” xodimlari fe’lan do‘st bo‘lmagan, hatto josuslik faoliyatida ayblangan.
Mazkur reportaj “Ozarbayjon havo yo‘llari” aviashirkati uchog‘i Qozog‘istonning Aqtau shahrida qulaganidan bir necha hafta o‘tib yoyinlangan. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev fojiaga Rossiya aloqadorligini bildirib, uchoq Grozniyga qo‘nishga uringan paytda u yerda Rossiya havodan mudofaa tizimi ishlab turganini qayd etgan. Aliyev Rossiya rasmiylari sodir bo‘lgan voqea uchun mas’uliyatni o‘z zimmalariga olmaganini tanqid qilgan.