Линклар

Шошилинч хабар
05 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:35

Ozarbayjonlar ozod qilingan hududlarga qaytishga shoshilmayapti. Nega?


1990-yillar boshida Armaniston bilan urushdan qochgan ko‘plab ozarbayjonlar uchun yana Ozarbayjon nazorati ostiga o‘tgan tumanlarga qaytish necha yillik orzu ro‘yobi kabi tuyulishi mumkin. Biroq ishsiz va shart-sharoitsiz qolib ketishni o‘ylab, ularning aksari qaytishga shoshilmayapti.

Og‘ali qishlog‘ida, yassi adirlar orasida asfalt yo‘l yoqalab oq-yashil tusli yangi uylar qatorlashtirib qurilgan. Tevaragi ihotalangan xonadonlar hali bo‘m-bo‘sh, ammo Ozarbayjon prezidenti aytishicha, 27 yil burun bu yerlarni tashlab ketgan ozarbayjonlar hademay qaytib, bu uylarga joylashadi.

20-21 - oktabr kunlari Tog‘li Qoraboqqa tutash Zangilan tumaniga tashrifi chog‘ida prezident Ilhom Aliyev tuman tarixida “yangi davr” boshlanganini aytdi. 1993 - yildan Armaniston hukmi ostida bo‘lgan ushbu tuman o‘tgan yili olti haftalik qonli urush chog‘ida qaytarib olingan edi.

90-yillar boshida Tog‘li Qorabog‘dagi urush tufayli qochib ketgan minglab ozarbayjon oilalari bu yerlarga qaytishni orzu qilishadi. Biroq, rasmiy va’dalarga qaramay, ko‘plab repatriantlar ko‘nglida hadik bor: ular infratuzilma, maktab va kasalxonalar, eng muhimi ish o‘rinlari hali yetarli emas, deb hisoblashadi.

Og‘alida nutq so‘zlarkan, Aliyev birinchi “aqlli qishloq” loyihasi Zangilon tumanida amalga oshirilajagini aytdi.

Davlat OAVlarida zo‘r berib reklama qilingan “aqlli qishloq” konsepsiyasi, bayonotlarga ko‘ra, an’anaviy qishloqlarni yangilash va ularga raqamli va ekologik toza texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan.

Og‘alidagi yangi uylar
Og‘alidagi yangi uylar

“Ayrim binolar tayyor, kelasi yildan, balki joriy yil oxirlaridan sobiq zangilanliklarni Zangilanga ko‘chirib kelishni boshlaymiz”, dedi Aliyev.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, 1988-1994 - yillarda qariyb 860 ming ozarbayjonlik Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash tumanlarni tashlab ketgan.

Og‘ali tumani ma’muriyati vakili Garay Huseynov Ozodlikning ozarbayjon xizmatiga qaytishi mumkin bo‘lganlar ro‘yxati tuzib bo‘linganini aytdi.

Uning aytishicha, Og‘alidagi yangi shaharchada uch, to‘rt va besh xonali 200 ta uy qurilib, oilalarning ehtiyojiga qarab taqsimlanadi.

ISHSIZ QANDAY YAShASh MUMKIN?

Og‘alida tug‘ilib, hozirda poytaxt Bokuda yashayotgan 51 yoshli Rohib Dunyamaliyev aytishicha, prezidentning nutqidan so‘ng tuman ma’murlari unga ona qishlog‘iga qaytishi mumkinligini bildirganlar. Ammo Dunyamaliyevning hali javobsiz qolayotgan bir talay savoli bor.

“Ish bo‘lmasa bola-chaqani qanday boqamiz?” ajablanadi Rohib.

Rohib Dunyamaliyev
Rohib Dunyamaliyev

U rasmiylarning va’da qilingan bir gektargacha yerni berishiga shubha qiladi, yer berilgan taqdirda ham odamlar ma’muriyat ko‘magisiz ekin-tikin qila olmasligini urg‘ulaydi.

“Bunaqa ishlarni sekin-astalik bilan, shoshmasdan qilish kerak”, deydi u.

Tog‘li Qorabog‘ni qurshagan Zangilan va boshqa tumanlar Armaniston bilan kechgan 44 kunlik urushdan so‘ng, 2020 - yil noyabrda imzolangan otashkesim bitimi doirasida Boku tobeligiga o‘tgan edi.

Bungacha mazkur hududlar etnik armanlar okkupatsiyasi ostida bo‘lgan, armanlar ularni o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi “xavfsizlik zonasi” deb hisoblagan. Zangilanning katta qismi kimsasiz edi, ozarbayjonlardan qolgan uylar esa talangan va vayron qilingan. Ayrim uylarning chordevorlari hozirgacha saqlangan.

Qorabog‘lik qochqinlar ko‘p yillar davomida Ozarbayjon hukumatining “sizlarni albatta uylaringizga qaytaramiz” degan va’dalariga ishonib, og‘ir shart-sharoitda yashab keldi. Mamlakat ulkan neft va gaz zaxiralariga ega bo‘lsa-da, hukumat muhtojlarning hammasini ham uy-joy bilan ta’minlay olmadi, ko‘pchilik konteyner va temir yo‘l vagonlarini boshpana tutishga majbur bo‘ldi.

O‘tgan yilgi urush tugaganidan keyin ayrim qochqinlar Ozarbayjon tobeligiga qayta olingan tumanlarga qaytishga urinishdi. Odamlar eski uy-joylaridan nima qolganiga qiziqishdi. Ayrim repatriantlar maxsus ruxsatnomasiz, hali belgilanmagan yo‘llardan safarga chiqib, arman qo‘shinlari ko‘mgan minalarga to‘qishib nobud bo‘ldilar. Ekspertlar fikricha, qaytarib olingan hududlarni minalardan tozalash kamida o‘n yilga cho‘zilishi mumkin.

Og‘ali qishlog‘i ma’muriyati vakili Garay Huseynovning Ozodlikka aytishicha, avvalo repatriantlar ro‘yxatini to‘liq tasdiqlab, shundan so‘nggina ko‘chirish rejasini tuzish kerak. U hukumat avvalo katta yoshlilarni, maktab va bog‘chalar qurib bitkazilganidan keyin esa yosh bolali oilalarni ko‘chirib borishni mo‘ljallayotganini ma’lum qildi.

Bu odamlar Og‘alida o‘zlarini qanaqa hayot kutayotganini hanuz to‘la tasavvur eta olmay, hadiksirab turgan bo‘lsalar ham Ozarbayjon hukumati qaytarilgan hududlarda infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni to‘xtatgani yo‘q. Mazkur loyihalar sanoat korxonalari, elektr stansiyalari va temir yo‘llarni ham o‘z ichiga olishi aytilmoqda.

TURKIYA KO‘MAGIDA

26 - oktabr kuni Aliyev yoniga uning turk hamkasbi va ittifoqchisi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on yetib keldi. Ikkovlon 2020 - yilda armanlardan tortib olingan birinchi shahar – Fuzuliyda bunyod etilgan xalqaro aeroportning ochilish marosimida qatnashishdi.

Ilhom Aliyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Fuzuliydagi yangi aeroport ochilishida.
Ilhom Aliyev va Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Fuzuliydagi yangi aeroport ochilishida.

Ozarbayjon rasmiylariga ko‘ra, yaqin ittifoqchi bo‘lmish Turkiya shirkatlari infratuzilma loyihalarida va bu tumanlarni tiklashda yetakchi rol o‘ynaydi.

Erdo‘g‘on va Aliyev mintaqadagi yangi avtomagistral va Zangilandagi “aqlli agropark” qurilishini boshlab berishdi.

Bokuda istiqomat qilayotgan sobiq zangilanlik Nurisan Hasanov ko‘chirish rejasida oilalarning hozirgi a’zolari soni inobatga olinishidan umidvorligini aytadi.

– U paytlar bolalar yosh edi, ota-onalari bilan birga turishardi. Hozir esa ko‘pchiligi oila qurib, har yoqqa ko‘chib ketgan, har birining kap-katta farzandlari bor. Uylar qurilishi va aholini joylashtirish rejasida shular ham hisobga olinadimikan?

XS
SM
MD
LG