Линклар

Шошилинч хабар
09 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:30

OzodDayjest: Energetika vaziri o‘rinbosari o‘zi yashaydigan mahallada ham chiroq muttasil o‘chishini tan oldi


Elektr energiyasi yo‘qligi oqibatida qorong‘ilikda dars tayyorlayotgan bolalar.
Elektr energiyasi yo‘qligi oqibatida qorong‘ilikda dars tayyorlayotgan bolalar.

Parlament to‘ylarga doir talablarni bajarmayotgan vazirliklar ustidan hukumatga so‘rov yubormoqda. Taniqli olim lotin alifbosining yangi loyihasi bo‘yicha tanqidiy mulohazalarini bildirdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

“Jarimani to‘laydi-da, xohlaganicha to‘y qiladi” – senator to‘ylarga doir cheklovga rioya qilinmayotganini aytdi

Respublika maxsus komissiyasi to‘ylarni 30 kishidan oshmagan holda o‘tkazishni belgilagan bo‘lsa-da, oxirgi paytlarda bu talabga amal qilinmayapti, deydi Oliy Majlis senatining yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev (www.daryo.uz, 22 - mart).

“Avval boshida to‘y egalari bir kun kuyov bolani do‘stlari, bir kun kelinni o‘rtoqlari, bir kun qudalarga, bir kun mahallaga va qavm-qarindoshlarga osh berib, 30 kishidan to‘ylarni o‘tkazishdi. Hozirgi kunda to‘ylarda mehmonlar soni yana oshib boryapti. Ayniqsa, bu kabi holatlar ko‘proq viloyatlarda kuzatilmoqda. Shu bois Respublika maxsus komissiyasini yig‘ib, ushbu masalalarni ko‘rib chiqmoqchimiz”, - deydi B.Sayfullayev.

Qo‘mita raisiga ko‘ra, to‘ylarni o‘tkazish bo‘yicha nizomni buzgan fuqarolarga juda kam miqdorda jarima qo‘llanadi. “Shu darajadaki, pulni to‘laydi-da, xohlaganicha to‘yni o‘tkazaveradi”.

Ma’lum qilinishicha, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risidagi nizom talablarini bajarishda kamchiliklarga yo‘q qo‘yayotgan vazirlik va mutasaddi tashkilotlar ustidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuboriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 - yil aprel oyida koronavirus tarqalishi va uning oqibatlariga qarshi kurash masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektorda karantin vaqtida to‘y-marosim o‘tkazganlarni “mas’uliyatsizlar” deb atagan edi.

Vazir o‘rinbosari: 1991-2016 - yillarda SSSRdan qolgan energiya zaxirasini yeb tugatdik

O‘zbekiston energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev o‘zi yashayotgan mahalla hududida ham chiroq ta’minoti muammo ekanini tan oldi (www.kun,uz, 19 - mart).

“Senatda, deputatlar orasida tanqidga uchrash, to‘g‘ri, odamga alam qiladi, lekin judayam og‘ir emas. Eng og‘iri – xalqning ko‘ziga qarash. Toshkent viloyatida turaman, men ham uyimga borganimda qop-qorong‘i mahallaga kirib boraman. Kechirasiz-u, qo‘ni-qo‘shnilarim chiqib, ota-onamga e’tiroz bildirgan vaqtlar ham bo‘ladi. Nega o‘zimizning mahallaga chiroqni hal qilib qo‘ymaydi, deb so‘rashadi. Lekin bir hududda doim yonib, bir hududda doim chiroq bo‘lmasligi – buyam adolatdan emas”, - deydi Sh.Xo‘jayev.

Vazir o‘rinbosari O‘zbekistondagi hamma podstansiyalar 2 baravar quvvat bilan ishlaydigan qilib qurilganini aytib o‘tdi.

“Bir narsani ochiq aytay, eng katta muammomiz nimadaligini. 1991 - yildan boshlab to 2016 - yilgacha sobiq SSSR davridan qolgan butun zaxirani yedik. Hamma podstansiyalarimiz 2 baravar quvvat bilan ishlaydigan qilib rejalashtirib qurilgan edi vaqtida. Hammasida zaxira quvvatlar bor edi – yeb tugatdik”, - deydi u.

Qayd etilishicha, “Hududiy elektr tarmoqlari” byudjetidagi mablag‘larning bir qismi rekonstruksiyaga, yana bir qismi yangi qurilishlarga sarflanadi.

“Lekin yangi qurilishlarga talab haddan ziyod ko‘p: zavod, fabrika, tadbirkorlik sub’ektlari, yangi qurilgan uylar – qancha ko‘p qavatli uylar qurilayotganini bilasiz. Shu sabab mablag‘imiz yetmay qolyapti. Agar oldingidan qolgan muammolar bo‘lmaganda edi, shu yilning o‘zida ta’minlash vazifasini bemalol bajara olardik. 30 yillik muammoni surib qo‘ya olmaymiz”, - degan vazir o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, 24 - mart kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda energetika vaziri Alisher Sultonov prezident Shavkat Mirziyoyev bu yil qishda ham, yozda ham elektr energiyasi ta’minotida uzilish bo‘lmasligiga va’da berdi.

“X” va “h” harflarini bitta qilish yuborish kerak” – taniqli olimdan lotin alifbosi islohi bo‘yicha taklif

Taniqli adabiyotshunos olim, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi loyihasi bo‘yicha tanqidiy mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi (“Ishonch” gazetasi, 25 - mart).

“Loyiha mualliflari alifboni o‘zgartirishdan maqsad, birinchidan, yozuvni o‘zbek tilining tabiatiga maksimal darajada yaqinlashtirish, ikkinchidan, yozuvning umumiyligiga tayangan holda turkiy xalqlarni o‘zaro birlashtirishdan iborat bo‘lganini hisobga olmaganlar. Chunki muayyan bir tilning yozuvi uning asl tabiatiga qanchalik yaqin bo‘lsa, til vakillarining yozma savodxonligi shuncha yuqori, nutqi ravon, fikrlash yo‘sini aniq bo‘ladi”, - deydi Q.Yo‘ldoshev.

Olimga ko‘ra, barcha turkiy xalqlar singari o‘zbek tilida ham kamida to‘qqiz unli mavjud va yangi alifbodan ular ham joy olishi kerak. Qolaversa o‘zbek tilining tabiatiga mutlaqo yot bo‘lgan tutuq belgisidan voz kechish, “x” va “h” harflarini xuddi turklardagi singari bitta qilish yuborish lozim.

Ta’kidlanishicha, alifbo loyihasining muhokama muddatini kamida 15 - aprelga qadar uzaytirish va bir zamonlar yo‘l qo‘yilgan barcha xatoliklarni tuzatib, ham o‘zbek tili tabiatiga, ham qardoshlarga yaqinlashish chorasi ko‘rilishi kerak.

“Ayrimlar jamiyatda shuncha muammo turganda, alifboni takomillashtirish shartmi, boridan foydalanilaversin-da, demoqda. Barcha muammolar aynan o‘zligimizni tanish va tanitishga xizmat qiladigan milliy belgilarga befarqligimiz, loqaydligimiz tufayli sodir bo‘ladi. Agar o‘zlikni anglatadigan jihatlarga jiddiy yondashib, e’tiqod butunligiga erishilganda edi, suv omborlarimizga baliqning, tomlarimizga shamolning kuchi yetmagan bo‘lardi. Ba’zi odamlar tilni siyosatga aralashtirmaslik kerak, deyishlari mumkin. Holbuki, aynan til siyosatga aylanmagani uchun ham siyosat chinakam siyosat darajasiga chiqa olmaydi”, - deb xulosa qiladi Q. Yo‘ldoshev.

XS
SM
MD
LG