Линклар

Шошилинч хабар
16 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:43

OzodDayjest: O‘zbekistondagi AES uchun tanlangan reaktor dunyo bo‘yicha eng xavfsiz ekani iddao qilindi


O‘zbekiston uchun tanlangan reaktor "Boing” samolyotining to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarbasiga ham dosh berishi aytildi.
O‘zbekiston uchun tanlangan reaktor "Boing” samolyotining to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarbasiga ham dosh berishi aytildi.

Eshitish qobiliyati zaif fuqarolarning asosiy muammosi aytildi. Huquq organlari o‘z tizimidagi jinoyatlarni yashirishga urinmoqda. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Nogironlar uyushmasi raisi: “Eshitish qobiliyati zaif fuqarolarning atigi bir foizi ishli”

O‘zbekistonda 35 ming nafar eshitish qobiliyati zaif fuqarolar yashaydi, ammo ularning bir foizi ish bilan ta’minlangan, xolos (www.kun.uz, 3 - dekabr).

“Kar-soqovlarni ish bilan ta’minlash – juda og‘ir masala. Sababi ularning tilini tushunadiganlar juda kam”, - deydi mamlakat O‘zbekiston nogironlar uyushmasi raisi Oybek Isoqov.

Yaqinda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Ushbu hujjat 2021 - yil 16 - yanvardan kuchga kiradi. Unda 20 kishidan ko‘p odam ishlovchi tashkilotda nogironlar uchun 3 foizlik alohida kvota ajratilishi nazarda tutilgan.

O.Isoqovga ko‘ra, bunga oid norma azaldan bo‘lgan, ammo amalda deyarli ishlamagan.

“Mehnat birjasiga borilsa, ularga ham umumiy vakansiya ko‘rsatiladi, lekin umumiy vakansiya orqali ishga borishsa, nogironligini ko‘rib, biz bu o‘ringa odam olib qo‘ydik, deyishadi”,- deya holatni bayon etadi nogironlar uyushmasi raisi.

Qayd etilishicha, Koreyada davlat tashkilotlarida 7 foiz nogironlar ishlaydi. O‘zbekistonda esa davlat tashkilotlarida 0,001 foiz nogironlar ishlaydi.

“Davlat o‘zi namuna bo‘lib o‘zidan boshlasa bo‘lardi. Tadbirkor ham “davlat o‘zi 3 foizlik kvotani bajarmayapti, nega bizga osilasiz” deb aytishi mumkin... Nogironlarga pensiya emas, ish kerak. Biz ham ishlashni xohlayapmiz. Biz birovga muhtoj, birovga yuk bo‘lishni xohlamayapmiz. Ishlash orqali bizning ham vatanimizga, xalqimizga nafimiz tegsin”,- deydi O.Ishoqov.

O‘qituvchi pora bilan ushlansa, olamga jar solishadi, sudya korrupsiyaga qo‘l ursa-chi?..

Joriy hafta Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori o‘rinbosari Umida To‘xtasheva sud tizimidagi korrupsiya holatlari haqida ma’lumot berdi.

Xususan, Toshkent shahri sudi sudьyalari IIBB YHXB xodimlari bilan jinoiy til biriktirib, haydovchilar jarimasi ortidan 5 mingga yaqin soxta qaror chiqarib, 8 mlrd so‘mni talon-toroj qilgan.

Urganch tumanlararo sudi sudyasi esa pora sifatida kelishilgan 10 ming dollarning 1200 dollarini olayotganda qo‘lga olingan.

Telegramdagi Davletov.uz kanali muallifi mazkur holatga munosabat bildirib, huquq idoralari o‘z tizimlarida sodir bo‘layotgan jinoyatlar haqida noxolis ravishda sukut saqlayotganini qayd etdi.

“Oddiy o‘qituvchi yoki shifokor pora olsa, bankir qo‘lga tushsa, huquq-tartibot idoralari butun elga jar soladi, biror jurnalist qonunni buzsa, birinchi bo‘lib qoralanadi, izza qilinadi. Lekin oxirgi paytlarda ko‘ryapmizki, sud va huquq-tartibot organlari saflaridagi poraxo‘r, firibgar va qonunbuzarlar tiqilib yotibdi. Shunchaki ular o‘z safidagi “ayrim adashib qolgan” ishlarini “yopti-yopti qiladi”, og‘iz birlik qilib, bu haqda batafsil axborot bermaydi. Uzog‘i bilan yil oxirida tizimdagi 5 yoki 6 nafar nopok xodimdan voz kechildi deyiladi, xolos”,- deb yozadi bloger.

Qayd etilishicha, sud tizimi o‘z mustaqilligiga urg‘u berib, jamoatchilik nazoratidan qochishga harakat qiladi, sud jarayoniga jurnalistlarni kiritmaslikka intiladi, cudning obro‘si, ishchanlik nufuzini ro‘kach qiladi.

Vaholanki, ularning orasida adolatga, manfaatlar to‘qnashuviga tupurib qo‘ygan, milliardlab mablag‘larni o‘zlashtirishda bevosita ishtirok etayotgan sudyalar ham ko‘p.

“Sud va huquq-tartibot organlari o‘z tizimlaridagi korrupsionerlarga nisbatan murosasiz, toqatsiz bo‘lishi kerak. Buning uchun tizimdagi har bir nojo‘ya xatti-harakat haqida u aniqlanishi bilanoq jamoatchilikka quruq emas, batafsil axborot berilishi lozim”, - deb talab qiladi Davletov.uz kanali muallifi.

Alisher Sultonov: “O‘zbekistonda quriladigan AES reaktori “Boing” samolyotining zarbasiga dosh beradi”

O‘zbekiston energetika vaziri Alisher Sultonov Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi haqida gapirdi (www.spot.uz, 30 - noyabr).

Vazir O‘zbekiston uchun tanlangan reaktor (VVER-1200) dunyodagi eng xavfsiz ekanini ta’kidlagan. Qayd etilishicha, u Chernobil fojiasi kabi hodisalarning oldini olishga imkon beradigan qurilmaga ega yagona reaktordir. U “Boing” samolyotining to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarbasiga ham dosh beradi.

Vazir atom energiyasining toza ekanligi – atmosfera zararlanmasligi, chiqindilar ajralib chiqmasligiga e’tibor qaratgan.

Bundan tashqari, u O‘zbekiston yadro yoqilg‘isi sohasida katta resurslarga va yadro fani borasida boy tarixga (50 yildan ortiq) ega ekanini aytgan. “Undan foydalanmaslik gunoh” deb ta’kidlagan vazir.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zatom” agentligi “Rosatom” bilan AES qurilish maydonida muhandislik ishlarini bajarish bo‘yicha shartnoma imzolagan.

Ushbu loyihaga qarshi bo‘lganlar AES qurilishi xavfsizlik jihatdan o‘zini oqlamasligini ta’kidlaydi. Ayrim strategik inshootlarning Rossiya boshqaruviga o‘tishi ham jamoatchilik tomonidan xavotirli hol o‘laroq baholangan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda AES qurilishi 11 milliard dollardan 20 milliardga qadar tushishi mumkin.

XS
SM
MD
LG