Линклар

Шошилинч хабар
09 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:22

OzodDayjest: Turist O‘zbekiston taksichilarini surbet va xira pashshaga tenglashtirdi


Illyustrativ surat. O‘zbekistonlik taksi haydovchilari.
Illyustrativ surat. O‘zbekistonlik taksi haydovchilari.

Termizda o‘rta asrlar allomasining qabri o‘zboshimchalik bilan buzildi. Yosh aktrisa taniqli rejissyorni tegajoqlikda aybladi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Surxondaryoda o‘rta asrlar allomasining qabri buzib tashlandi

Surxondaryo viloyati Termiz shahrida davlat muhofazasiga olingan tarixiy hududda o‘zboshimchalik bilan tuproq qazish ishlari olib borilgan. Oqibatda buyuk alloma Abu Bakr Varroq Termiziy qabri yo‘q qilingan, shu hududdagi qariyb 3 gektarlik eski qabriston ham buzilgan (“Milliy tiklanish”, 31 - mart).

Termiz shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “Complex Technical Services” MChJga avtotransport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish va gaz quyish stansiyasi qurish uchun 10 gektar yer maydoni ajratilgan.

MChJ mas’ullari esa 100 metr uzoqlikda joylashgan “Eski Termiz” hududida ham noqonuniy ravishda tuproq qazib olish ishlari olib borilgan. Ushbu holat bo‘yicha qonuniy chora ko‘rish uchun viloyat prokuraturasiga hujjatlar taqdim etilgan.

Ma’lumot uchun aytish kerakki, Termizdagi Qoratepa, Fayoztepa Termiz shohlar saroyi kabi o‘nlab jahonga mashhur obidalarni qamrab olgan “Eski Termiz” arxeologik hududining 500 gektarlik umumiy yer maydoni davlat muhofazasiga olingan va hududda qurilish, ta’mirlash, tekislash va boshqa ishlarni amalga oshirish qat’iyan man etiladi.

Manbalarda keltirilishicha, IX-X asrlarda yashagan Abu Bakr Varroq Termiziy hadis, kalom, fiqh va boshqa ilmlarda ham benazir bo‘lgan, shayx va avliyo maqomiga erishgan. Yunon va yahudiy tillarini ham mukammal bilgan. Alloma Abu Bakr Varroq ulug‘ muhaddis Imom Termiziyning tog‘asi hamdir.

"Albatta, tadbirkorlik subyektiga nisbatan o‘zboshimchalik bilan madaniy inshoot va eski qabristonni buzgani uchun huquqiy baho berilar, u jazolanar. Ammo, lekin... Ming afsuski, buzilgan eski maqbara o‘rni va bu yerdagi ulug‘ alloma qabrini qayta tiklashning endi imkoni yo‘q", - deb yozadi gazeta va madaniy meros inshootlarini qat’iy muhofaza etishga chaqiradi.

“Turistga xira pashshadek yopishadilar” – jahongashta tadbirkor sulloh kirakashlar haqida

"O‘zbekistondagi aeroport va vokzallarda mijoz poylayotgan sulloh kirakashlar kasriga turizmni rivojlantirishga yo‘naltirilgan ayrim chora-tadbirlar kutilgan natijani bermayapti", - deydi jahongashta ishbilarmon, sayyohlikka oid “SakVOYaJ” jurnali ta’sischisi Anton Zaxarevich (“XXI asr” gazetasi, 1 aprel).

“Ko‘pchiligi qo‘rs, surbet. Turistga xira pashshadek yopishadilar, chet tilini bilmaganidan og‘ziga kelganini javrab, qo‘yarda-qo‘ymay, majburlagandek mashinaga o‘tqizmoqchi bo‘ladilar. Ularning aft-angori, xatti-harakatini ko‘rgan mehmon xayoliga “bular meni chekkaroqqa olib chiqib, to‘nab ketishmasa bo‘lgani” singari noxush o‘ylar kelishi tabiiy”, - deydi A.Zaxarevich.

Qayd etilishicha, ko‘p avtomobillar saloni ham toza emas. Shu kabi salbiy holatlar Lonely Planet, Wikitravel kabi sayyohlik yo‘l ko‘rsatkichlarida, ijtimoiy tarmoqlarda aks sado beryapti. Oqibatda O‘zbekistonga kelishni istovchilar kamaymoqda.

“Menimcha, Markaziy Osiyoda sulloh taksichilar bilan faqat Qozog‘istongina
qat’iy kurashyapti. Mazkur davlatning ma’muriy huquqbuzarliklar kodeksiga ko‘ra jamoat joylarida shilqimlik qilganlarga 5 sutkagacha qamoq jazosi tayinlanadi. Muhimi, qoida qog‘ozda qolib ketmagan – hech kim sizga xiralik qilmaydi”, -
deydi ellikdan ziyod mamlakatga safar qilgan tadbirkor.

Aeroport va vokzallar, xususan, Toshkent aeroportidagi shilqim taksichilar mamlakat obro‘siga putur yetkazayotgani haqida bir necha yildan beri bong urilmoqda. Ammo hozircha bu masala hal etilganicha yo‘q. Qayd etilishicha, taksichilar barmoqlarida kalitlarini aylantirib o‘ynagancha hamon o‘lja qidirmoqda.

Yosh aktrisa taniqli rejissyor Said Muxtorov uni zo‘rlamoqchi bo‘lganini iddao qildi

“Qadam” serialidagi Kumush obrazi bilan tomoshabinlar e’tiboriga tushgan aktrisa Kamila Gimandinova taniqli aktyor va rejissyor Said Muxtorovning unga nisbatan nojo‘ya xatti-harakatlari haqida so‘zlab berdi (www.daryo.uz, 27 - mart).

“Men u bilan birga ishlaganman, uning kinolarida men ommaviy sahnalarda suratga tushganman. Eng qizig‘i, u mening bobom tengi. Men o‘shanda 14 yoshda bo‘lsam, u esa 50 yoshdan oshgan edi. O‘sha voqeadan keyin men bu sohadan ketgandim, hech qachon qaytmayman, deb o‘ylagandim. Bu voqea “O‘zbekfilm”da bo‘lgan. U niyatiga erisha olmagan, sumkam bilan yuziga urib qochib ketganman. U buvimni va dadamni juda yaxshi tanirdi. Buvim meni unga ishonardi. U inson haqida fikrimiz yaxshi edi”, - degan aktrisa.

Avvalroq Iroda Nosirova, Shahzoda Muhammedova, Feruza Normatova va Jayrona kabi aktrisalar “Daryo” nashriga san’atkor qizlarga bo‘ladigan nojo‘ya takliflar haqida so‘zlab bergan edi.

“Aktrisani kastingga chaqirishadi, kirasiz, boshida ijodiy savol-javob bo‘ladi. Keyin maqsadga o‘tib, “Bir rol bor, bu seni kashf qiladigan rol” deb shu darajada gapirib berishadiki, siz u rolda yashay boshlaysiz. “Faqat bu rolni o‘ynash uchun puling bormi?” deyishadi. Avval prodyuserlarni reklama qilib ko‘rishadi, u deb-bu deb oxiri maqsadga o‘tib, “Qizligingga tegmayman, men bilan yursang bo‘ldi” degan taklifni berishadi” , - deya kino san’atining xos sirlaridan gap ochgan aktrisa Jayrona.

XS
SM
MD
LG