Vengriyaning Heviz shaharchasidagi yangi qurilayotgan pravoslav cherkovida ish to‘xtab qolgan.
Budapeshtdan deyarli 200 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan mashhur Heviz kurort shaharchasi chekkasida, Vengriya yeparxiyasi rus pravoslav cherkovini qurishni boshlagan edi. Qurilish 2020-yil fevral oyida boshlangan va 2020-yilning dekabrida yakunlanishi kerak bo‘lgan.
Heviz uzoq vaqtdan beri ruslar uchun mashhur joy bo‘lib kelgan. Ammo, koronavirus pandemiyasi va hozirda Kremlning Ukrainaga qarshi urushi dam olish uchun keladigan rossiyalik sayyohlar oqimini to‘xtatib qo‘ydi. Daromadning keskin kamayishi, qurilish va investitsiyalarning sekinlashishidan mahalliy aholi tashvishga tushgan.
Kurort shahar shifobaxsh Heviz ko‘liga yaqin joylashgan. Asrlar davomida mazkur ko‘l cho‘milish maskani bo‘lib kelgan. Ammo 18-asrga kelib shahar kengaya boshlaganidan so‘ng, buloqning shifobaxsh kuchi ko‘pchilikni jalb qiladigan manzilga aylandi.
Rossiyaliklarning kurort shaharchaga qiziqishi Ikkinchi Jahon urushidan keyin, 1945-46- yillarda Sovet Armiyasi gospitali joylashtirilgan paytda yanada ortdi. 1948-yilda kurort hududi va shifoxona milliylashtirildi va Vengriya davlati ixtiyoriga o‘tkazildi. 1986-yilda sodir bo‘lgan dahshatli yong‘inda ko‘l ustida joylashgan yangi binolar vayron bo‘ldi, ammo keyingi bir necha yil ichida ularning ko‘plari qayta qurildi.
2020-yilda boshlangan pandemiya davrida Heviz sayyohlikdan keladigan daromadlarining katta qismini yo‘qotdi. Yo‘qotish poytaxt Budapeshtdagidan keyin mamlakatdagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.
Rossiyalik sayyohlar oqimining to‘xtashi Hevizga katta ta’sir ko‘rsatdi. Ko‘plab qurilish loyihalari, jumladan, markaziy avtovokzalda olib borilayotgan ishlar to‘xtatildi yoki keskin sekinlashdi.
Shahar chetidagi yangi pravoslav cherkovi qurilishi ham to‘xtab qolgan. Vengriya hukumati 2017-yilda cherkov qurilishi uchun 400 million forint (taxminan 1 million dollar) ajratgan. 2011-yildagi ma’lumotlarga ko‘ra, Vengriyada atigi 40 000 pravoslav xristian bor. Bu umumiy aholining taxminan 0,5 foizini tashkil qiladi, aholining aksariyati (64,8 foiz) katolikdir.
Mahalliy sayyohlik agentligi rahbari Tomas Palffining so‘zlariga ko‘ra, ilgari mehmonxonalarda rossiyaliklar qariyb 17 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, ba’zi mehmonxonalarda bu ko‘rsatkich 25 foizga yaqinroq bo‘lgan.
Arab bahori qo‘zg‘olonlaridan so‘ng Yaqin Sharqdan uzoqlashgan rossiyalik sayyohlar orasida Heviz shahri 2010-yillarning boshlarida yanada mashhur bo‘ldi.
Ruslar shahar mahalliy iqtisodiyotiga katta hissa qo‘shdi. Ayniqsa, 2008-yilgi global inqirozdan so‘ng, ruslar shaharga muntazam ravishda tashrif buyurdi va ko‘chmas mulklar sotib oldi. Sotuv belgilari rus tiliga tarjima qilindi. Mahalliy "Etalon" jurnali 2014-yilda rus tilidagi sonini nashr etdi. Shaharda Rossiya oziq-ovqat do‘koni ochildi.
Boshqa sayyohlar singari, ruslar nafaqat shifobaxsh suv uchun, balki shaxsiy tibbiy muolajalar uchun ham kelishgan. Hevizda 30 ga yaqin stomatologik klinikalar mavjud bo‘lib, bu 5000 kishilik shaharcha uchun hayratlanarli raqam.
Hevizning asosiy yo‘llaridan birida hali ham mo‘ynali kiyimlar sotiladigan do‘kon mavjud. Do‘kon menejeri Edina Lorins “Ruslar mijozlarimizning 60 foizini tashkil qilardi”, deya xotirlaydi.
Nemis sayyohlari soni ham kamaydi. Ukrainadagi urush esa ko‘pchilikni bu yerdan uzoqlashtirmoqda. "Germaniyadan qaraganda xuddi biz front chizig‘iga yaqin davlatdek ko‘rinamiz. Vaholanki, biz Ukrainaning narigi tomonidamiz. Ular agar bu yerga kelsak, urushga yaqinlashamiz, deb o‘ylashadi”, deydi turizm agenti Palffi.
So‘nggi o‘n yil ichida Rossiya va Vengriya ancha yaqinlashdi. So‘nggi yillarda avtoritar boshqaruvi uchun tanqid qilingan Vengriyaning ziddiyatli bosh vaziri Viktor Orban Rossiya bilan yaqin aloqalar o‘rnatish istagini bildirgan.
Palffiga ko‘ra, ruslar va ukrainlar urush boshlangunga qadar shaharchada tinch-totuv yashab kelishgan. Mahalliy rus va ukrainlar ukrainalik qochqinlar uchun birgalikda mablag‘ yig‘ishgan. Yetti yil oldin vengriyalik eri bilan birga bo‘lish uchun bu yerga ko‘chib kelgan Heviz shahrida yashovchi rossiyalik fuqaroning aytishicha, sanksiyalar tufayli ko‘pchilik ketishga majbur bo‘lgan. Shaxsi sir qolishini ma’qul ko‘rgan ayolning aytishicha, bu yerda shaxsan u hech qanday muammoga duch kelmagan.
Hukumat 1-avgustdan boshlab qat’iy o‘rnatilgan energiya narxlarini bekor qilgandan so‘ng, ba’zi hashamatli mehmonxonalar elektr va gaz uchun 2021-yil dekabr oyidagidan besh baravar ko‘p to‘lashga majbur bo‘lmoqda.
"Retsessiya bo‘lmoqda. Ammo ishonamanki, rossiyaliklar agar moliyaviy ahvoli va YeI imkon bersa, bu yerga yana qaytib kelishadi", deya umid qilmoqda ismi oshkor etilmasligini xohlagan mehmonxona menejeri.
"Iloji bo‘lsa, Hevizga qaytishadi, – dedi Palffi. – Biz qanday qilib aniqligini bilmaymiz. Lekin biz Hevizning turizmini yoshartirish mumkinligiga ishonamiz va buning uchun hamma narsani qilamiz."