Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 10:59

Parijda yozgi Paralimpiya o‘yinlariga start berildi


Fransiya poytaxti Parijda 28-avgust oqshomida XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 8-sentyabrgacha davom etadigan o‘yinlarda 22 ta sport turi bo‘yicha jami 549 ta sovrin o‘z egalarini topadi.

Bir oy avvalgi Olimpiadaning ochilish marosimi kabi Paralimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi ham ilk bor stadionda emas, Parij markazida o‘tkazilgan.

Marosimni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi rahbari Endryu Parsons ochib berishgan.

Bi-bi-si rus xizmati xabariga ko‘ra, marosimda ayniqsa Ukraina delegatsiyasi yig‘ilganlar tomonidan jarangdorroq olqishlangan.

O‘n bir kun davom etadigan musobaqalarda ishtirok etish uchun Parijga 185 ta delegatsiya tarkibida qariyb 4,5 ming sportchi yig‘ilgan. Bu esa, Le Figaro nashrining yozishicha, rekord natija bo‘lib hisoblanadi.

Parijda o‘tkazilajak Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekistondan sportning to‘qqizta turi bo‘yicha 65 nafar para atlet qatnashishi aytilgan.

Avvalroq Ozodlik O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kichik qizi Shahnoza Mirziyoyeva Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga saylangani haqida xabar qilgan edi.

Shahnoza Mirziyoyeva yaqindagina turmush o‘rtog‘i, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov bilan birgalikda Parijda yozgi Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari yonida ko‘rinish bergandi.

Mazkur Olimpiadada O‘zbekiston milliy olimpiya jamoasi 13 ta medalni (8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza) qo‘lga kiritib, medallar soni bo‘yicha dunyoda 13-o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG