Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo assambleyasi xalqaro kuzatuvchilari joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarni kuzatishga taklif qilindi. Bu haqda Oliy Majlis Senati axborot xizmati ma’lumot tarqatdi.
Qayd etilishicha, mazkur taklif Senat raisi Tanzila Norbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi tomonidan o‘tgan hafta Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan MDH PA Kengashining yig‘ilishida ochiqlangan.
O‘zbekistonda kelayotgan kuzda parlament va mahalliy kengashlarga saylov o‘tkazilishi shu kungacha na Markaziy saylov komissiyasi, na-da boshqa bir vakolatli idora tomonidan rasman tasdiqlangan emas.
Saylov qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartishlar e’tiborga olinsa, saylov 2024-yilning oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligi birinchi yakshanbasida bo‘lib o‘tishi kerak.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil 6-martida siyosiy partiyalar rolini oshirish uchun - majoritar va proporsional saylov tizimiga o‘tishni taklif qilgan.
Ushbu taklif asosida 2023-yilning 18-dekabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan.
Hujjatga muvofiq, bundan buyon parlamentdagi 150 o‘rinning yarmi - proporsional shaklda - partiyaviy ro‘yxatlar bilan, yarmi - majoritar tizimda - nomzodlarga ovoz berish yo‘li bilan taqsimlanishi lozim.
Bundan tashqari, yangi qonunchilikka ko‘ra, O‘zbekistonda parlament o‘zini o‘zi tarqatib yuborish vakolatiga ham ega bo‘lgan. Bu yangilik jamoatchilik orasida galdagi parlament saylovi joriy yilning “yo bahor, yo kuz”ida bo‘lib o‘tishiga oid taxminlar urchishiga sabab bo‘lgan, biroq muddatidan ilgari saylovlarga oid taxminlar ham o‘z tasdig‘ini topgan emas.
Taxminlar orasida tasdiqlanish ehtimoli eng yuqori bo‘lgani – bu galgi saylovlarda ham muxolifat vakillarining saylovga qo‘yilmasligi bo‘lib turibdi. O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, parlament va mahalliy saylovlarda faqat mamlakatda rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan partiyalargina ishtirok etishi mumkin. Ayni paytda mamlakat beshta siyosiy partiya ro‘yxatga olingan bo‘lib, bular O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi (XDP), O‘zLiDeP, “Milliy tiklanish”, “Adolat” va Ekologik partiyalardir.
O‘zbekistonda o‘tgan asrning 90-yillari boshida ro‘yxatga olingan “Birlik” va “Erk” partiyalarini o‘zbek rasmiylari amaldagi partiya o‘laroq tan olmay kelishadi. Liderlari xorijda bo‘lgan bu ikki partiya vakillarining O‘zbekiston Adliya vazirligida qayta ro‘yxatdan o‘tishga harakatlari hatto prezident Shavkat Mirziyoyev davrida ham ijobiy natija bergan emas. Shuningdek, professor Xidirnazar Allaqulov boshchiligidagi faollar tomonidan yangi bir partiya tuzish bo‘yicha 2021-yildan buyon amalga oshirilgan bir necha urinish ham muvaffaqiyatsiz yakunlangan.