2024-yil 1-sentyabrdan O‘zbekistonda eng kam pensiya miqdori 15 foizga oshdi. Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida ham pensiya va nafaqalar oshirildi. Ammo pensionerlar baribir pensiya kamligidan shikoyat qilib, bu pul eng oddiy ehtiyojlarga ham yetmasligini aytishadi. Chunki barcha ustamalarni inflyatsiya yutib yubormoqda.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, to‘rt mamlakatda eng kam pensiya quyidagicha:
- Qirg‘izistonda: 6900 som (80 dollar);
- O‘zbekistonda: 834 ming so‘m (65 dollar);
- Tojikistonda: 195 somoniy (18 dollar);
- Qozog‘istonda: 57 853 tenge (110 dollar).
Bu pulga bir oy yashasa bo‘ladimi? Ozodlik radiosi Farg‘ona byurosi muxbirlari pensionerlarning o‘zlaridan so‘rab ko‘rishdi.
O‘zbekistonlik Erkinoy Boboxeva pensiya oshganini eshitib xursand bo‘lgan edi. U ilgari 1,5 million so‘m olardi, hozir pensiyasi salkam 2 million so‘mga chiqqan, lekin hayoti yengillashgani yo‘q.
Sentyabrda rasmiy o‘rtacha yillik inflyatsiya 10 foizdan ko‘proqni tashkil qilgan edi, biroq voqelik bir oz boshqacha.
“Har oy pensiyamdan 800-900 mingni dori-darmonga sarflayman. Dorilarning narxi oshmaganida bizga birmuncha yengillik bo‘lardi”, deydi o‘zbekistonlik pensioner ayol.
O‘zbekistonda 4,05 million pensioner bor. Mamlakatning pensiya tizimi majburiy badallarga asoslangan tizimdan tarkib topgan bo‘lib, davlat budjetidan moliyalanadi.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, o‘zbek pensionerlarining asosiy qismi Farg‘ona viloyatida yashaydi.
Farg‘onalik pensioner Hojiakbar Ubaydullayev ham zo‘rg‘a kun kechirayotganidan noliydi.
“2 million so‘mdan ko‘proq olaman, lekin bu pul hech nimaga yetmaydi”, deydi Ubaydullayev.
O‘zbekistonda eng yuqori pensiya – 3 mln 888 ming so‘m (hozirgi kurs bo‘yicha 300 dollar).
Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng ko‘p pensiya Qozog‘istonda, ammo u yerda ham pensionerlarga oson emas.
Olmaotalik Jamol Temirgaliyeva 259 ming tenge (taxminan 500 dollar) pensiya oladi. U Ozodlik radiosi jurnalisti bilan suhbatda omadi borligini, chunki hanuz “sovet” pensiyasini olayotganini aytdi.
“Ish stajim 36 yil. Pensiyam mehnat staji asosida hisoblanadi, ya’ni, boshqacha aytganda, sovet pensiyasi. Bundan tashqari, mening ixtiyoriy pensiya jamg‘armam ham bor edi. Ammo, shunga qaramay, kamtarona yashayapman. Oziq-ovqat va kommunal xizmatlardan tashqari, davolanishga ham har oy pul sarflayman. Yaqinda stomatologga bordim, bitta tishimdagi kariyesni davolagani uchun 24 ming tenge (46 dollar) oldi. O‘tgan oyda esa tizza bo‘g‘imlarimni davolatgan edim. Har oy shu ahvol”, deydi olmaotalik pensioner ayol.
Ismini ochiqlashni istamagan boshqa qozog‘istonlik pensioner 37 yillik mehnat stajiga egaligini va 180 ming tenge (378 dollar) pensiya olishini ma’lum qildi.
Qozog‘istonda ham solidar, ham majburiy jamg‘ariladigan pensiya tizimi amal qiladi. Davlat tomonidan to‘lanadigan solidar pensiya 1998-yilgacha, ya’ni pensiya islohotiga qadar ishlagan odamlarga mo‘ljallangan. Qolgan barcha keksayganida faqat o‘z jamg‘armasiga umid qilishi mumkin.
Qozog‘istonda erkaklar – 63, ayollar 61 yoshdan pensiyaga chiqishadi. Ayollarning pensiya yoshi muntazam uzaytirilmoqda. 2024-yil 1-oktyabr holatiga ko‘ra, Qozog‘istonda pensionerlar soni 2 mln 413 ming kishini tashkil qiladi.
Joriy yilning iyulida Yagona jamg‘ariladigan pensiya fondi (YJPF) ma’lum qilishicha, Qozog‘istonda eng ko‘p pensiya miqdori 945 752 tenge (qariyb 1830 dollar)ga teng.
Qirg‘izistonda ham aralash pensiya tizimi amal qiladi. 2010-yilda mamlakatda Qozog‘iston va Rossiya namunasida jamg‘arib boriladigan pensiya joriy qilingan edi. Hozirgi kunda bu sug‘urta badallarining 10 foizini tashkil qiladi.
“Qirg‘izistonliklar pensiyaning jamg‘aarib boriladigan qismiga 2 foiz, solidar qismiga esa 10 foiz sug‘urta badali to‘lashadi. Pensiya bazaviy (3170 som) va solidar qismlardan iborat. Jamg‘arma fondda puli bo‘lgan odam pensiyasining jamg‘arma qismi oshadi”, deya izoh berdi Ozodlikka ijtimoiy ta’minot masalalari bo‘yicha ekspert Jamila To‘g‘uzbayeva.
Qirg‘iziston Ijtimoiy fondi ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yilning oktyabr oyi holatiga ko‘ra mamlakatdagi pensionerlar soni 787 500 kishini tashkil qiladi.
O‘tgan yilgi qaydlarda Qirg‘izistonda eng yuqori pensiya 100 ming somdan ziyod (1150 dollar) deb ko‘rsatilgandi. Ammo Fond qancha odamga shuncha miqdorda pensiya to‘lanishini ochiqlamagan.
Markaziy Osiyoda yoshga doir pensiyalar eng kam mamlakat bu Tojikiston. 2024-yil 1-iyuldan mamlakatda pensiyalar miqdori 30 foizga oshdi va davlat mehnat stajiga qarab 180 somoniy (17 dollar)dan 1500 somoniy (138 dollar)gacha pensiya to‘lamoqda. Pensionerlar bu pulga umuman yashab bo‘lmasligidan noliydilar. Mamlakatda erkaklar 63, ayollar 58 yoshdan pensiyaga chiqadilar.
Tojikistonda eng ko‘p pensiya miqdori yashiriladi. Bir necha yil muqaddam ba’zilar 200 somoniy, boshqa bir toifadagi odamlar esa 10 ming somoniydan ziyod pensiya olishi ma’lum bo‘lganida jamoatchilik orasida jiddiy norozilik paydo bo‘lgandi. Shu voqeadan so‘ng Tojikiston Ijtimoiy sug‘urtalash va pensiya ta’minoti agentligi pensiyalar miqdorini va eng ko‘p pensiya oluvchilarni ochiqlashni to‘xtatgan.
Xo‘jandlik Mavjuda Rahmonova Farg‘ona byurosi jurnalisti bilan suhbatda uning eng kam oylik xarajatlari pensiyasi miqdoridan ancha ko‘pligini aytadi.
“Narx-navo qimmat. Boya go‘sht olgani boruvdim. Bozorda bir kilo go‘shtning bahosi 105-110 somoniy (10 dollar). Men 40 somoniy (4 dollar)lik oldim. Shu go‘shtni 3-4 haftaga yetkazishim kerak”, deydi pensioner ayol.
Mavjuda Rahmonova Xo‘jand bozorlarida 1 kg mol go‘shti 105 somoniy (salkam 10 dollar) turishini aytadi.
Qirg‘izistonning O‘shida esa 1 kilo mol go‘shtining narxi 600 som yoki qariyb 7 dollar.
Olmaotaning Yashil bozorida 1 kg lahm mol go‘shti 4-4,5 ming tenge (7,5-8 dollar) bahoda sotilmoqda.
Farg‘ona shahri markaziy bozorida mol go‘shtining narxi 85 ming so‘m (6,60 dollar).
“Lahm mol go‘shti qimmatroq – 1 kilosi 100 ming so‘m. Suyakli go‘shtni esa 85 mingdan sotamiz”, deydi Farg‘ona markaziy bozori qassoblaridan biri.
Markaziy Osiyo mamlakatlarida pensiyalar yil sayin oshib turadi, lekin bu pul birlamchi ehtiyojlarnigina qoplaydi, xolos.
Ayrim kuzatuvchilar Markaziy Osiyo respublikalari pensiya tizimini tubdan qayta qurishi kerak, deb hisoblashmoqda.
Biroq qirg‘izistonlik ijtimoiy ta’minot masalalari bo‘yicha ekspert Jamila To‘g‘uzbayeva bu fikrga qo‘shilmaydi. Uning nazarida mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotni ko‘tarib, aholi daromadlarini oshirmas ekan, fuqarolar pensiya jamg‘armalariga ixtiyoriy va muntazam to‘lov qilib, katta badal yig‘gan taqdirda ham ularga yaxshi pensiya to‘lashning imkoni yo‘q.
“Pensiya tizimi iqtisodiyotdan alohida, o‘zicha mavjud bo‘la olmasligiga mutlaqo aminman. Mamlakatning iqtisodiy ahvoli qancha yaxshi bo‘lsa, pensiya ta’minoti darajasi shuncha yuqori bo‘ladi. Oylik ish haqlari kam va aholining bandlik darajasi past bo‘lgan davlat katta pensiyalar to‘lay olmaydi. Faqat pensiya siyosatini o‘zgartirib, pensiya miqdorlarini oshirish ilojsiz ish”, deydi ekspert.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston konstitutsiyalarida eng kam pensiya miqdori minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lishi mumkin emasligini nazarda tutuvchi moddalar mavjud. Tojikiston Konstitutsiyasida bunaqa modda yo‘q, ammo maxsus qarorlarda minimal ijtimoiy kafolatlar sekin-asta eng quyi turmush darajasiga tenglashtirilishi ko‘rsatilgan.
O‘zbekistonda 2024-yilning mayidan boshlab eng kam iste’mol xarajatlari kishi boshiga bir oyga 648 ming so‘mni tashkil qiladi. Bu ko‘rsatkich Qozog‘istonda – 43 407 tenge (83 dollar), Qirg‘izistonda – 8144 som (94 dollar) va Tojikistonda 325 somoniy (30 dollar)ga teng.
O‘zbekiston, Qozog‘iston,Qirg‘iziston va Tojikistondagi aksar pensionerlar ularga farzandlari va qarindoshlari puldan yordam qilib turishini aytishdi. Ammo keksaygan chog‘ida qashshoqlikda yashayotgan odamlar ham ko‘p.