Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov “Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida hududlar almashuvi imkonsiz” ekanini aytdi.
Mulozimga ko‘ra, Rossiya o‘z hududini almashish mavzusini hech qachon muhokama qilmagan va qilmaydi ham.
“O‘z-o‘zidan ma’lumki, Ukraina qo‘shinlari bu hududdan haydab chiqariladi. Yo‘q qilinmaganlarning hammasi haydab solinadi”, deya bildirgan Peskov.
Kuni kecha Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy muzokaralar o‘tkazilgan taqdirda, Moskvaga Kursk viloyatidagi Ukraina Qurolli kuchlari nazorati ostida bo‘lgan hududlarni Ukraina yerlariga almashtirishni taklif qilishi mumkinligini bildirgan edi.
Zelenskiy Kiyev Kursk viloyatining bir qismi o‘rniga Rossiya tomonidan ishg‘ol etilgan yerlarning qaysi qismini so‘rashini hozircha bilmasligini qayd etgan.
Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralarga tayyor ekanini, biroq o‘z mamlakati kuchli pozitsiyada turib gaplashishini istashini ham aytgan.