General-leytenant Po‘lat Bobojonov O‘zbekiston prezidentining kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda IIV matbuot kotibi ma’lum qildi.
3-mart kuni Po‘lat Bobojonov ichki ishlar vaziri lavozimidan bo‘shatilib, uning o‘rniga Toshkent shahar IIBB boshlig‘i lavozimida xizmat qilib kelgan Aziz Toshpo‘latov tayinlangani ortidan sobiq vazirning keyingi taqdiri noma’lum bo‘lib qolayotgan edi. Yangi tayinlov Ozodlik manbalarining Bobojonovga prezident administratsiyasidan ish berilishi haqidagi ma’lumotini tasdiqlamoqda.
2017-yil sentyabrdan buyon IIVga rahbarlik qilib kelgan Po‘lat Bobojonov endilikda prezidentning kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi G‘ofurjon Mirzayevga o‘rinbosarlik qiladi.
O‘tgan yil noyabrida ichki ishlar vazirligi va Toshkent shahri IIBBning qator yuqori lavozimli va tezkor xodimlari ishdan bo‘shatilgandi.
Ozodlik manbalari bu iste’folar prezident administratsiyasi sobiq mulozimi Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdga bog‘liq ekanini aytishgan.
Ozodlik ixtiyorida Bobojonovning iste’fosini Allamjonovga suiqasd bilan bog‘lovchi ma’lumot yo‘q, ammo huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbalari buni aynan suiqasddan kuch tizimlarida boshlangan “tozalash”ning davomi demoqda.
Ularning taxminicha, boshqa kuch tuzilmalari, shuningdek, Oliy sudda ham o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda.
Prokuraturadan chiqqan va Karimov boshqaruvi davrida bir muddat Xorazm viloyati hokimi lavozimida ishlagan 65 yashar Po‘lat Bobojonovning IIVga rahbarligi davrida tizim qiynoqlar bilan bog‘liq mojarolar markazida bo‘ldi.
Huquq faollari ichki ishlar to‘g‘risida uzoq kutilgan qonun qabul qilinganidan ko‘p o‘tmay vazir lavozimiga tayinlangan Bobojonovni qiynoqlar bilan bog‘liq vaziyatni o‘zgartira olmagani uchun tanqid qilishgan.
IIBdagi qator shubhali o‘lim hodisalari ortidan O‘zbekistondagi jamoat faollari Bobojonovning iste’fosini ham talab qilgani ma’lum. Vazirning o‘zi bu kabi chaqiriqlar va faollarning tanqidlariga rasmiy munosabat bildirmagan. U mahalliy jurnalist va blogerlarning matbuot bilan ochiq muloqot qilish haqidagi chaqiriqlarini ham javobsiz qoldirgan.