Pokistonda 11-mart kuni “Belujistonni ozod qilish armiyasi” guruhi a’zolari tomonidan garovga olingan poyezd yo‘lovchilarining 300 dan ziyodi ozod qilingan. Armiya vakili amaliyot chog‘ida 33 nafar hujumchi o‘ldirilganini ma’lum qildi, deya xabar qilgan Bi-Bi-Si.
Iddaoga ko‘ra, guruh a’zolari garovga olinganlardan 25 nafarini o‘ldirgan, ulardan to‘rt nafari harbiy bo‘lgani aytilmoqda.
Hujum chog‘ida poyezd ichida jami 440 ga yaqin odam bo‘lgan. Xavfsizlik xizmati vakillari guruhning ayrim a’zolari o‘zlari bilan noma’lum sanoqdagi yo‘lovchilarni olib poyezdni tark etgan bo‘lishlari mumkinligini bildirishgan. Ayrim yo‘lovchilar qochishga va chor-atrofga yashirinishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lishlari mumkin – hozirda ular harbiylar tomonidan qidirilmoqda. Poyezd yo‘lovchilaridan qanchasi bedarak ketgani hozircha ma’lum emas.
“Belujistonni ozod qilish armiyasi” guruhi a’zolari 11-mart kuni garovga olinganlar ichida ayollar, bolalar va qariyalar doxil fuqaroviy shaxslarni ozod qilishganini bildirishgan. Bo‘lginchilarga ko‘ra, garovda 182 kishi qolgan, ular orasida Pokiston armiyasi harbiylari va xavfsizlik xizmatlari xodimlari bo‘lgan. Xabarlarga ko‘ra, bo‘lginchilar, agar rasmiylar belujistonlik siyosiy mahbuslarni 48 soat ichida ozod qilishmasa, garovga olinganlarni o‘ldirish bilan tahdid qilishgan.
Seshanba oqshomida poyezddan tushib qolishga muvaffaq bo‘lgan ayrim yo‘lovchilar keyingi temiryo‘l bekatiga yetib olish uchun qariyb to‘rt soat piyoda yurishga majbur bo‘lishgan, deb yozdi Bi-Bi-Si guvohlar so‘zlariga tayangan holda.
Armiya vakiliga ko‘ra, hujumda ishtirok etganlarning barchasi javobgarlikka tortiladi.
AQSH ““Belujistonni ozod qilish armiyasi”ni terror tashkilotlari ro‘yxatiga kiritgan.