AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Moskva Ukrainada ishg‘ol qilgan hududlardan qaysi qismini saqlab qolishi mumkinligini muhokama qilgan. Bu haqda Politico nashri Tramp atrofidagi o‘z manbalari so‘zlariga tayangan holda xabar qildi.
Nashr bu muzokaralar qaysi formatda o‘tkazilayotgani, hozir qaysi bosqichda ekani va gap qaysi hududlar haqida ketayotganiga oid tafsilotlarni ochiqlagan emas. Ayni paytda Politico o‘zaro muzokaralarda Ukraina va Gruziyaning NATOga kirish imkoniyati ham ko‘rib chiqilayotgani xususida yozgan.
Kreml prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov tili bilan bunday muzokara bo‘lib o‘tganini rad etgan. “Bunday bo‘lgan emas”, degan Peskov jurnalistlarga.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak Vashingtonga safari chog‘ida Trampning rejalari yuzasidan izoh bera turib, Ukraina Rossiya bilan murosaga borishga va urushni to‘xtatish uchun o‘z hududining biror-bir qismini berishga tayyor emasligini bildirgan.