Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 14:58

Rossiyada qurolli isyon ko‘targan Yevgeniy Prigojin kim?


Yevgeniy Prigojin. Rostov, 23-iyun, 2023
Yevgeniy Prigojin. Rostov, 23-iyun, 2023

Sankt-Peterburgdagi restoran biznesmenidan Kreml oshxonasi ta’minotchisigacha aylangan, «Vagner» xususiy harbiy shirkatiga asos solgan, Rossiyaning Ukraina bilan urushida ham asosiy shaxsga va ayni paytda Rossiya harbiy qo‘mondonligining o‘tkir tanqidchisiga aylangan sobiq mahkum Yevgeniy Prigojin hozir Rossiya davlatiga qarshi ochiq qurolli isyon ko‘tardi.

Prigojin 1961-yilda Leningradda tug‘ilgan. O‘smirlik davrida o‘g‘rilik qilgani uchun jazolangan. Bu uning qurolli talonchilik va voyaga yetmaganlar savdosi kabi tobora og‘ir jinoyatlarining boshlanishi edi. U to‘qqiz yildan sal ko‘proq qamoqda o‘tirgan.

1990-yilda Sovet Ittifoqida Mixail Gorbachyovning oshkoralik va qayta qurish siyosati avjiga chiqqanda ozodlikka chiqdi. Prigojin onasining ikkinchi eri, o‘gay otasi bilan birgalikda hot-dog stendlari tarmog‘ini ochdi. O‘zining aytishicha, bu ish ancha muvaffaqiyatli chiqqan edi.

Prigojinning Putin bilan munosabatlari ilk bor qachon boshlangani noma’lum. U yangi bir tadbirkor bo‘lgan 1990‑yillarda Putin shahar meriyasida karyerasini boshlagan edi.

Пригожин қўшинларини ортга қайтарди. Исён хроникаси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:30 0:00

Keyinchalik Prigojin restoran biznesiga kirdi. Uning Sankt-Peterburg yemakxonalari hashamatli bo‘lib, ularga hokimiyatdagilar va shahar elitasi tez-tez borib turishardi. Keyinchalik u Concord Catering nomi ostida avval maktablar, kasalxonalar va qamoqxonalar uchun, keyin esa yirik hukumat tadbirlari uchun oziq‑ovqat shartnomalari tuzib, oziq-ovqat biznesini yanada kengaytirdi.

Shuningdek, u Kreml va boshqa rus elitalari uchun oziq-ovqat shartnomalari tuzdi, shu bilan "Putin oshpazi" laqabini ham orttirvoldi.

2006-yilda AQSH prezidenti Jorj Bush Sankt-Peterburgga tashrif buyurganida, Prigojin Putin mezbonlik qilgan kechki ziyofatda Bush va uning rafiqasi Lauraga sharob quygan edi.

2012-yilda Prigojin kompaniyalari Mudofaa vazirligi bilan Rossiya harbiylariga oziq-ovqat va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun yog‘li shartnoma tuzdi. Shartnoma favqulodda vaziyatlar vaziri va Putinning uzoq vaqtdan beri sodig‘i bo‘lgan Sergey Shoygu mudofaa vaziri etib tayinlanganidan bir necha yil o‘tib nihoyasiga etdi. Bu esa Prigojinning Shoyguga nisbatan adovatini kuchaytirgan bo‘lishi mumkin.

Yollanma askarlar va trollar

Prigojinning xususiy harbiy kompaniyalarning qorong‘i dunyosiga qachon kirgani aniq emas, ammo kuzatuvchilar Suriya mojarosi boshlangan va unga Rossiya aralashgan vaqtda deb taxmin qilishadi.

Suriyada faoliyat yuritgan boshqa xususiy kompaniyalarning sho‘’ba korxonasi bo‘lgan Vagner guruhi taxminan 2014-yilda Rossiya Ukraina sharqidagi qo‘zg‘olonni dastaklab, uni moliyalashtirgan paytda paydo bo‘lgan. Kompaniyaning taniqli rahbarlaridan biri sobiq harbiy razvedka xodimi edi.

Ko‘p yillar davomida Prigojin Vagner guruhining homiysi ekanligiga ishonishgan, biroq 2022-yil sentabrigacha, ya’ni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan bir necha oy o‘tguncha, u guruhga egaligini ochiq tan olmagan.

Vagner jangchilari Suriyadagi urushda vahshiylik va urush jinoyatlari sodir etganlikda ayblangan. Ular boshqa mamlakatlarda ham paydo bo‘lgan: Sudan va eng muhimi, Prigojin bilan bog‘liq kompaniyalar oltin va boshqa foydali qazilmalar bo‘yicha foydali kontsessiyalarga ega bo‘lgan Markaziy Afrika Respublikasida.

2013-yil sentabr oyida rossiyalik jurnalistlar Sankt-Peterburg shimoli-g‘arbiy chekkasida joylashgan «Internet tadqiqot agentligi», keyinchalik Rossiya trol fabrikasi nomini olgan kompaniyani surishtirishni boshladi. Prigojinning Concord biznes tarmog‘iga tegishli bo‘lgan kompaniya ko‘pincha Facebook, Twitter va VK kabi ijtimoiy tarmoqlarda turli profillar ochish, asabni buzuvchi sharhlar yozish yoki soxta akkauntlar yaratish uchun odamlarni yollagan.

2018-yilda, AQSHda Donald Tramp g‘alaba qozongan prezidentlik saylovlaridan ikki yil o‘tib, AQSH Adliya vazirligi Prigojin va yana 13 nafar rossiyalikka nisbatan ayblov e’lon qildi va uni saylovlarga ta’sir qilishga uringanlikda ayblab, hibsga olishga order berdi.

Tadqiqotchilar «Internet tadqiqot agentligi» trollari amerikalik saylovchilarga qanchalik ta’sir qilgani haqida bahslashsa ham, bu harakatlar Prigojin uchun muvaffaqiyat sifatida ko‘rildi.

Prigojin bosqoni

Rossiya 2022-yil 24-fevralda Putin buyrug‘i bilan Ukrainaga keng ko‘lamli hujum boshladi. Rossiya rasmiylari va generallar Ukraina qo‘shinlari tezda mag‘lub bo‘lib, Kiyevdagi hukumat taslim bo‘lishini kutgan edi.

Unday bo‘lmadi va rus armiyasidagi muammolar oshkor bo‘lgach, Prigojinning Vagner jangchilari jang maydonida ko‘proq rol o‘ynay boshladi. Vagnerning yollanma askarlari Mariupolni qamal qilishda, keyinchalik Severodonetsk, Lisichansk va Baxmutdagi shahar janglarida asosiy rol o‘ynadi.

Prigojin Rossiya qamoqxonalaridan mahbuslarni yollash bilan ham shug‘ullandi. U Rossiya harbiy rahbarlarini, ayniqsa, Shoyguni keskin tanqid qila boshladi, uni haqorat qildi va Putinni umumiy safarbarlik e’lon qilishga undadi. U bir necha bor Rossiya harbiylari Vagnerni zarur o‘q-dori bilan ta’minlashdan bosh tortganidan shikoyat qilgan. Prigojin intizomni saqlash yoki qo‘rqitish uchun zo‘ravonliklardan keng foydalanadi. Suriyadagi vagnerchilar asirni qiynoqqa solgani, bosqon bilan urgani ko‘rsatilgan videolar tarqalgan edi.

Bosqon Prigojin uchun ramzga aylandi; 2022-yil noyabr oyida Vagner bilan bog‘liq Telegram kanalida video paydo bo‘ldi. Unda ukrainlarga qochgan va keyinchalik qo‘lga olingani aytilgan askar qanday qilib bosqon bilan o‘ldirilgani ko‘rsatilgan. Keyinchalik Prigojin bu aktni ma’qulladi.

Bosqin boshlanganidan ko‘p o‘tmay, qonunchilar rus armiyasini ommaviy tanqid qilishni jinoyatga tenglashtirganliklari sababli Prigojinning tanqidlari diqqat tortdi. Boshqa tomondan bu qonun urushga qarshi norozilik bildirgan o‘nlab ruslarni qamoqqa tashlash uchun qo‘llanilgan.

Ammo Vagner qo‘shinlari ba’zi hollarda oddiy rus qo‘shinlariga qaraganda samaraliroq urushgan bo‘lsa‑da, guruhning yollanma askarlari, ayniqsa, Donetskning Baxmut shahri atrofida juda katta yo‘qotishlarga uchradi. G‘arb rasmiylari piyoda askarlarining tinimsiz oqimi paydo bo‘lganini ta’kidlashdi, ularning aksariyati Vagner tomonidan yollangan sobiq mahbuslar edi.

20-may kuni deyarli 10 oylik qamaldan so‘ng rus qo‘shinlari Baxmutni egallaganini e’lon qildi. Putin Vagner askarlarining bu kurashdagi rolini tan oldi, lekin Prigojinni tilga olmadi.

O‘z navbatida Prigojin imkoniyatdan foydalanib, Rossiya harbiy rahbariyati jig‘iga tega boshladi. Kremlparast teleboshlovchi Konstantin Dolgov bilan suhbatda u nafaqat Shoyguni, balki uning farzandlarini ham masxara qildi. U, shuningdek, Ukrainadagi urush muvaffaqiyatsizlikka uchragani, harbiy holat joriy etishga chaqirdi va 1917-yilgi bolsheviklar to‘ntarishidan farqli bo‘lmagan to‘ntarish xavfi haqida ogohlantirdi.

Vagner qurolli kuchlari janubdagi Rostov-Don shahrida pozitsiyalarni egallab, shimolga, asosiy magistralь bo‘ylab Moskva tomon harakatni boshlaganidan bir necha soat o‘tgach, Putinning o‘zi 1917-yilga ishora qilib, Prigojin isyoni uning 23 yillik hokimiyati davomidagi eng katta sinovga aylanib borayotganini ta’kidladi.

XS
SM
MD
LG