Rossiyada bloger Nastya Ivleyeva uyushtirgan va ko‘plab pop-yulduzlar yig‘ilgan “qariyb yalang‘och bazm” ishtirokchilariga qarshi kampaniya davom etmoqda. Bazmga borganlar – Kseniya Sobchakdan tortib Filipp Kirkorovgacha – Ukraina bilan urush manzarasida bunday tadbirni noma’qul deya g‘azabga kelgan “Z-patriotlar” bosimi ostida birin-ketin uzr so‘rab chiqishganiga qaramay ta’qib va repressiya qilinmoqda. Ularning korporativ ziyofatlarga buyurtmalari bekor qilinyapti, ismlari afishalardan o‘chirilyapti, daromadlari soliq xizmati tomonidan tekshirilayotir. Kreml matbuot kotibi Kirkorovni “Nima balo qildinglar?” deya savolga tutdi.
Ayni savolni Vladimir Putinga ham berish mumkin. Roppa-rosa 24 yil muqaddam u Peterburgda striptiz-bazmda bo‘lgan. Oradan olti kun o‘tib uni prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlaganlar. O‘shanda ham Rossiya, xuddi hozirgidek, urush qilayotgandi – Ikkinchi chechen urushida.
Yuksak martabali mehmon
1999-yil 25-dekabr soat 19:00 larda RF prezidentining xavfsizlik xizmati Peterburgdagi “Luna” tungi klubini o‘rab oladi – bu yerga Vladimir Putin qadam ranjida qilishi kerak edi. “Barcha xonalarga, kirish-chiqishga soqchi qo‘yildi, Voznesenskiy ko‘chasida harakat cheklandi. Oshxona nazoratga olinib, oziq-ovqat mahsulotlari, yaxna va spirtli ichimliklarning sifat sertifikatlari tekshirildi”, deb yozgan edi o‘shanda “Nezavisimaya gazeta”.
Nashr “Luna”ni “Shimoliy Venetsiyaning eng hashamatli ko‘ngilochar-erotik klublaridan biri” deya ta’riflab, asosiy “fazilatlari”ni sanab o‘tadi: shahar markazida joylashgan, 100 kishiga mo‘ljallangan ikki zali bor, stollarga shamlar qo‘yilgan va kursilarga qizil barqut qoplangan.
Erotik bazmlari bilan dong taratgan ushbu muassasa 1994- yilda ochilgan bo‘lib, hozirda peshtoqiga “an’analar va barqarorlik” degan shior osilgan Sankt-Peterburg davlat sanoat texnologiyalari va dizayn universiteti joylashgan binoda edi.
“Nezavisimaya gazeta” muxbiri Besik Pipiya Putin avval ham, ya’ni shahar vitse-meri bo‘lib ishlagan paytlarida ham “Luna”ga kelib turganini eslatadi. Bo‘lajak prezident klubga nafaqat kelgani, balki u yerda ish yuzasidan uchrashuvlar ham tashkil qilgani haqida 2016-yilda Ozodlikning rus xizmatiga tadbirkor Maksim Freydzon ham so‘zlab bergan edi. Xususan, unga ko‘ra, Putin shaharga tegishli ko‘chmas mulklar va qimmatbaho qog‘ozlarni pora evaziga xususiy qo‘llarga topshirgan (Kreml ushbu ayblovlarga izoh bergan emas).
Freydzon o‘zi ham “Luna”da Putin bilan kamida uch marta uchrashganini aytgan. “Oddiy striptiz klub edi, barning orqa tarafida qizlar bo‘lishardi, ularni olib xos xonalarga o‘tish mumkin edi”, degan Ozodlik suhbatdoshi.
“Nezavisimaya gazeta”ga ko‘ra, 1999-yil dekabrda Putin “Luna”ga o‘z hukumati tarkibidagi bir necha vazir bilan birga kelib, shundoqqina sahna to‘g‘risidagi o‘rindiqlardan biriga o‘tirgan. Putinga prezident qo‘riqlash xizmati hamrohlik qilgan, holbuki o‘shanda u bosh vazir edi, bazmdan olti kun keyingina Putinni davlat rahbari vazifasini bajaruvchi etib tayinlashdi. Xavfsizlik choralari kuchaytirilishida jon bo‘lgan, shekilli: olti oydan so‘ng “Luna” portlatildi, Peterburg tungi klublari tarixida birinchi portlash edi bu.
Putin qadam ranjida qilgan bazmning “qaymog‘i” – “Oy shukuhi” erotik tomoshasi bo‘lgan. 2003-yilda, “Nezavisimaya gazeta”dan bir necha oy keyin Rossiyaning “Ekspress gazeta” tabloidi tomoshani quyidagicha ta’rifu tavsif qilgan:
“Kechki ovqat tortilib, ziyofat qiyomiga yetgan mahal sahnada “Oy shukuhi” shousi boshlandi. Sharqona joriyalar muqom ayladilar, yarim-yalang‘och toreador qiz ishtirokida erotik korrida namoyish qilindi. Jimjimador va anchayin ochiq liboslar raqqosalarning qaddi-bastini ko‘z-ko‘z qilib turardi. Har qanday ta’bu didga mos qiz bor edi bunda. Musiqa bilan xoreografiya eng yuqori saviyada edi. Vladimir Vladimirovich raqqosalarning chiqishlarini ochiq maroq bilan tomosha qildi. Aytishlaricha, yuksak martabali mehmon o‘z e’tibori bilan tajribali striptizchi qizlarni biroz xijolat qilganmish. “U menga tikilib turganini ko‘rib, sal xijolat bo‘ldim”, deya eslaydi raqqosa Oksana”.
“Tomoshada hamma narsa bor: jazirama sahroda joriyalar bilan ishq o‘yinlari, ilon-ayolning maftunkor raqsi, xizmatkor bilan oqsoch muhabbati sahnalari, qudratli buqa bilan nozik-nihol toreador qiz epchillik bobida o‘zaro bellashgan ehtirosli korrida va hokazo. Siynalarning mo‘l-ko‘lligini aytmaysizmi: kichik, o‘rtacha, bo‘liq – har xilidan bor, bari tarang, hissiyotli, titroq, tashna, qaynoq, ozod, tillavor, orzumanda, masrur...”, – Putinning ko‘zlarini quvnatgan “Oy shukuhi” haqida jurnalist Besik Pipiya shunday deb yozgan. Shou tugaganidan so‘ng, o‘shanda Rossiya bosh vaziri bo‘lgan Putin klub devoriga “yangi mingyillikda baxt” tilab dastxat qoldiradi.
Dastxat olish vazifasi “Nezavisimaya gazeta” “striptizchi qiz” deb atagan o‘sha Oksanaga yuklatilgandi. “Putinning kayfiyati juda yaxshi edi”, deya xotirlaydi u.
Keyinroq Putinning dastxatini metall lavhga o‘yib tushirib, gardishga solib klub devoridagi boshqa kazo-kazo mehmonlarning imzolari qatoriga ilib qo‘yadilar. U kamida 2003-yilgacha o‘sha yerda osig‘liq turgan, deya eslaydi klub rahbariyatiga yaqin kishilardan biri. Xavfsizlik vajidan ismi ochiqlanishini istamagan ushbu manba bunaqa klubga kelishni siyosatchining obro‘yiga putur yetkazadigan ish deb hisoblamaydi: “Ajoyib raqs tomoshalar qo‘yiladigan yaxshi tungi klub edi. Aniqrog‘i, shou-tomoshali restoran. Demak, uni “yalang‘och bazm” bilan taqqoslash noo‘rin”.
Putinning “Luna” klubidagi ko‘ngilxushligidan bir necha kun o‘tib poyoniga yetgan eski mingyillik Rossiya uchun ko‘p ham xayrli bo‘lmadi. Rossiya armiyasi Ukrainada qonli urush olib borayotgani tufayli bugun Ivleyevaning “yalang‘och bazmi” ishtirokchilari jamiyat g‘azabiga nishon bo‘lishmoqda. Lekin o‘shanda ham urush edi, 1999-yil avgustda boshlangan Ikkinchi chechen urushi avj pallada edi. Putin “Oy shukuhi”da rohat qilganidan bir oy oldin Rossiya qo‘shinlari Grozniyni qamal qilgandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya Ikkinchi chechen urushida 7 mingdan ziyod askar va ofitserini yo‘qotgan.
Ushbu voqealar sadolarini o‘sha kunlari chiqqan matbuot nashrlaridan topsa bo‘ladi. Putin “Luna” klubiga kelgan 25-dekabr kuni “Kommersant” gazetasi Yevropa kengashining Parlament assambleyasi Checheniston urushi sababli Rossiyani ushbu tashkilotga a’zoligini to‘xtatmoqchi ekani haqida yozgan. Gazetaning 24- dekabr sonida Ingushetiya prezidenti Ruslan Aushevning “Bizning respublika Checheniston muammosi kuch bilan hal etilishini ma’qullamaydi”, degan so‘zlarini o‘qish mumkin. 28- dekabrda esa nashr “G‘alaba ta’mi” nomli maqola bilan chiqdi.
“Yettinchi avgustda Rossiya urushga kirdi. Ulug‘ Vatan urushidan keyingi birinchi xalqchil urushga. Uning xalqchilligi sababi yarim asrda ilk bor Rossiyaga hujum qilingani emas. To‘g‘rirog‘i, yolg‘iz buning o‘zi emas. Gap shundki, Rossiya so‘nggi yarim asrda ilk daf’a g‘alaba ta’mini tuydi”, deb yozgan edi o‘shanda “Kommersant”.
Kabare va Putin saroyidagi striptiz xonasi
Rossiyada birinchi shaxslar hanuzgacha yalang‘och badan tomoshalari qo‘yiladigan klublarda ko‘ngil yozadilar va bu rasmiy ko‘ngilxushlik sanaladi. 2022-yil 26-dekabrda, Rossiya armiyasi o‘zi yaqinda tashlab chiqqan Xersonni o‘qqa tutayotgan kuni Sankt-Peterburg markazida harakat deyarli to‘xtab qoldi: ko‘plab ko‘chalar MDH rahbarlarining norasmiy sammiti munosabati bilan to‘sib qo‘yildi. Vladimir Putindan tashqari, Armaniston, Belarus, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston prezidentlari qatnashgan rasmiy qism Senat maydonidagi Prezident kutubxonasida o‘tkaziladi va, negadir, tezda tugaydi. Putin bilan Qasim-Jomart Toqayevning qisqagina nutqlaridan so‘ng jurnalistlar zaldan chiqarib yuborishadi, prezidentlarni esa avtobusga solib, “Leningrad-sentr”ko‘ngilochar markaziga eltadilar. Lukashenkoning matbuot xizmatiga ko‘ra, sammitning norasmiy qismi “Leningrad-sentr”da yopiq tarzda yana yetti soat davom etgan.
Inqilobgacha ko‘rgazma pavilyoni, keyin “Leningrad” kinoteatri bo‘lgan tarixiy bino uzoq ta’mirdan so‘ng 2014- yilda qayta ochilgan. Dastlab bu yerga “Fantanel” kabaresi joylashadi deya taxmin qilingan bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan rasmiy konsepsiya o‘zgartirildi va hozirda “Leningrad-sentr” o‘zini “chegara va formatlardan xoli san’atni taklif qiluvchi shoular maskani, teatr va zamonaviy ko‘ngilxushlik madaniyati markazi” deya ta’riflaydi.
“Fantanel” kaberasi ochilishi arafasida rejissyor Feliks Mixaylov raqqos va raqqosalarni ishga olgan edi, kabare o‘rnida “shoular maskani” tashkil qilinib, unga Mixaylovning o‘zi rahbar etib tayinlanganidan so‘ng esa “Leningrad-sentr” repertuari asosini, garchi konsepsiya o‘zgargan bo‘lsa-da, yarim-yalang‘och artistlarning kabare sahnalari tashkil qildi. 2023-yil arafasida, ya’ni MDH sammiti o‘tkazilgan kunlar markaz dasturining “guli” – “faqat kattalarga mo‘ljallangan eng jur’atli Yangi yil tomoshasi” deya maqtalgan “Yarim tungacha ulguring” nomli postanovka edi.
“Kommersant” jurnalisti Andrey Kolesnikov sammit haqidagi reportajida “Leningrad-sentr”ni (muassasa aka-uka Kovalchuklar hamda Putinning ma’shuqasi Svetlana Krivonogixga aloqador biznes tuzilmalariga tegishli) “MDH mamlakatlari rahbarlarining uchrashuvlari xaritasidagi yangi nuqta” deb ataydi. Lekin aslida bunday emas. 2021- yilda, yana aynan MDH liderlari uchrashuvi bo‘lgan kuni ham Peterburg markazida ulkan tirbandlik hosil bo‘lgandi. “Fontanka” nashri xabarida o‘sha kuni “Leningrad-sentr” o‘rab olingani alohida qayd etilgan. OAVlar prezidentlar uchrashuvining ushbu norasmiy qismini deyarli yoritmagan.
Yangi yil arafasida kattalarbop tomoshalar qo‘yiladigan muassasalarga borish Vladimir Putin uchun an’anaga aylangan ko‘rinadi, biroq yalang‘och badan shoulariga qiziqish unda avvaldan bor. Rossiya prezidenti Germaniyada ishlagan chog‘larida striptizda bo‘lganini o‘zi ochiq tan olgan. 2000-yilda chop etilgan “Birinchi shaxs tilidan. Vladimir Putin bilan suhbatlar” kitobida uning Hamburgda erotik tomoshaga kirgani haqida shunday hikoya qilinadi:
“Bir kuni do‘stlar bilan erotik tomoshaga bordik. Aslida erotik deb atash to‘g‘ri emas, undan ham zo‘rroq shou edi. Xotinlarimiz bilan borgandik! Bizni bunga undagan ularning o‘zlari edi. “Biron joyga olib bor, hayron qoldiradigan joy bo‘lsin...” deb holi jonimga qo‘yishmadi. Chet elga birinchi chiqishlari edi. “Balki keragi yo‘qdir?” dedim. “Kerak, biz xohlaymiz, kap-katta bo‘lib qoldik!” – “Unda mayli, o‘zlaring shuni istadinglar”, dedim. Keldik, stolga o‘tirdik. Boshlandi. Afroamerikalik solistlar chiqishdi: bo‘yi salkam ikki metrli bir davangir [qora tanli erkak] bilan kichkina qiz [qoratanli ayol]. Ular yoqimli musiqa sadolari ostida shoshilmasdan yechina boshladilar...”
Ko‘p yillar o‘tib, 2013-yilning 8- aprelida Putin Angela Merkel bilan Hannover shahrida bo‘lib o‘tgan sanoat ko‘rgazmasiga tashrifi chog‘ida xuddi o‘sha xotiralarini eslagan bo‘lsa ajab emas. Tadbir vaqtida Ukrainaning Femen harakati a’zolari payt poylab Putinga tashlanadilar: ayollar belidan tepasi yalang‘och bo‘lib, yelkalariga “Idi na***, Putin” deb yozib olishgandi. Ko‘rgazmadan so‘ng matbuot anjumanida Rossiya prezidenti aksiya unga ma’qul bo‘lganini aytarkan, “siyosiy masalalarda munozaralarni kiyingan holda qilish kerak, yechinish uchun esa boshqa joylar bor”, deya hazil qilgandi.
2021- yilda Aleksey Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash fondi “Putinning saroyi”ga bag‘ishlangan surishtiruvini e’lon qildi. Mualliflar Gelenjik yaqinidagi muhtasham saroy tarxini o‘rganib, u yerda striptiz qo‘yiladigan maxsus xona borligini aniqlashgan. Surishtiruv mualliflariga ko‘ra, saroy qurilishiga Putinning do‘sti va qudasi Nikolay Shamalov boshchilik qilgan, imoratni FQX xodimlari qo‘riqlaydi, ob’ekt tepasidan uchoqlar o‘tishi taqiqlangan. Surishtiruv chiqqanidan so‘ng Putinning yana bir do‘sti – Arkadiy Rotenberg “bu saroy meniki”, deya da’vo qildi.
2023-yil 26-dekabrda, Filipp Kirkorov “yalang‘ochlar bazmi”ga borgani uchun uzr so‘rab chiqqan kuni Peterburgda yana MDH rahbarlarining norasmiy sammiti bo‘lib o‘tdi. Ammo bu gal dasturda “Leningrad-sentr”ga qadam ranjida qilish degan band yo‘q edi. Buning o‘rniga mehmonlarga allaqanday boyarlar ishtirokidagi sahna tomoshasi qo‘yildi va Sergey Roldugin violonchel chalib berdi.