Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Putin ommaviy tadbirlarga o‘q o‘tmas kamzul kiyib chiqmoqda


The Moscow Times iddaosiga ko‘ra, 9-maydagi paradga Vladimir Putin paltosi ostidan o‘q o‘tkazmaydigan kamzul kiyib chiqqan
The Moscow Times iddaosiga ko‘ra, 9-maydagi paradga Vladimir Putin paltosi ostidan o‘q o‘tkazmaydigan kamzul kiyib chiqqan

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ochiq havoda o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlarga ust kiyimi ostidan o‘q o‘tkazmaydigan kamzul kiyib chiqa boshlagan. Bu ishni qilishni undan xavfsizlik xizmati astoydil iltimos qilmoqda. Bu haqda The Moscow Times gazetasi materialida aytilgan.

Prezidentni bu kabi tadbirlarda yaqindan ko‘rgan nashr suhbatdoshlari uning yo‘q deganda 2023-yildan buyon zirhli kamzul kiya boshlaganini iddao qilishmoqda. Jurnalistlar iltimosiga ko‘ra 9-may kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan G‘alaba paradida Putin aks etgan videoni o‘rganib chiqqan xavfsizlik bo‘yicha ekspertlardan biri uning palto ostidan o‘q o‘tmas kamzul kiyganini tasdiqlagan.

Materialda Federal qo‘riqchilik xizmati tomonidan ko‘rilayotgan xavfsizlikning boshqa choralari haqida ham aytilgan. Putin bilan safarlarga shaxsiy oshpazlar ham borishadi, biroq xodimlarning maxsus guruhi prezident ovqatlanishidan oldin yemaklarning barchasini totib-tekshirib chiqadi. Putin atrofidagi qo‘riqchilarda diplomat shaklidagi buklama zirhli qalqonlar bor.

Nashr prezident xavfsizlik xizmati dunyodagi siyosatchilarga qarshi uyushtirilgan qator hujumlar ortidan, shu jumladan 2022-yilda Yaponiya sobiq bosh vaziri Sindzo Abening o‘ldirilishi hamda Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoga qilingan suiqasddan keyin xavotirga tushib qolganini urg‘ulagan.

Boshqa xatarlar qatorida Rossiyaning Ukrainaga bosqini, Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi tomonidan Putinni hibsga olish haqida berilgan order hamda radikal islomchilarning muhtamal hujumlari keltirilgan.

Match nashri 2022-yilning 9-iyunida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning xavfsizligi va sog‘lig‘i qanday saqlanayotgani haqida o‘z surishtiruvini yoyinlagan edi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, xorijiy safarlarda Federal qo‘riqchilik xizmati xodimlari Putinning najosatini to‘plab, axlatlarni bu maqsad uchun mo‘ljallangan paketlarga joylab, maxsus jomadon bilan Rossiyaga yetkazadilar.

Bu kabi xavfsizlik choralariga Putinning O‘zbekistonga so‘nggi safari chog‘ida ham rioya qilinganmi-yo‘qmi — ma’lum emas. Rossiya prezidenti 26-may oqshomida ikki kunlik davlat tashrifi bilan Toshkentga borgani, biroq O‘zbekistonda rejalanganidan bir kun ko‘proq qolib ketgani haqida Ozodlik avvalroq xabar qilgan edi.

Kreml voizi Dmitriy Peskovga ko‘ra, Rossiya prezidentining O‘zbekistonda ko‘proq qolib ketishiga mezbon prezident Mirziyoyevning Putinni o‘z uyida mehmon qilib, ikki o‘rtada “yarim shaxsiy, yarim ishchi ruhda” muloqot o‘tkazilgani sabab bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG