Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Putin Rossiyadagi AQSH mulklarini musodara qilishga ruxsat berdi


Vladimir Putin o‘z farmoni bilan AQSH va amerikalik fuqarolarning Rossiyadagi mol-mulkidan foydalanishga ruxsat berdi. Hujjatga muvofiq, mazkur ruxsat rossiyalik oligarxlar va Rossiya Markaziy bankining AQSHdagi aktivlari musodara etilishidan ko‘rilgan zararni qoplash uchun berilgan.

Farmonda RF hukumati AQSHning “do‘stona bo‘lmagan va xalqaro huquqqa zid bo‘lgan” xatti-harakatlari tufayli Rossiyaga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha maxsus tartib o‘rnatishi shartligi ta’kidlangan.

Rossiya Vazirlar Mahkamasi tomonidan tuzilgan maxsus komissiya AQSH yuridik shaxslariga tegishli qimmatbaho qog‘ozlar doxil mulklarni aniqlaydi, bu mulklardan ko‘rilgan zararni qoplash uchun foydalanilishi mumkin.

Farmonga ko‘ra, zararni qoplash uchun Qo‘shma Shtatlarga yoki AQSH fuqarolariga tegishli ko‘chuvchi va ko‘chmas mulk, Qo‘shma Shtatlarga yoki AQSH fuqarolariga tegishli qimmatbaho qog‘ozlar hamda ularning Rossiya yuridik shaxslari ustav kapitalidagi ulushlari, Qo‘shma Shtatlarga yoki AQSH fuqarolariga tegishli mulk huquqidan foydalanish mumkin.

Joriy yilning 24-aprelida AQSH Senati Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini Ukrainaga o‘tkazib berish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qullagan edi. Avvalroq AQSH Kongressi Namoyandalar palatasi tomonidan qabul qilingan mazkur qonun loyihasini hali prezident Jo Bayden imzolagan emas.

Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlagan 2022-yil fevralidan keyin AQSH, YI va boshqa mamlakatlar RF va rossiyalik oligarxlarga qarshi sanksiyalar joriy qilib, ularga tegishli aktivlarni muzlatib qo‘ygan edi. 2023-yil yozida AQSH Moliya vazirligi rossiyalik oligarxlar va RF Markaziy bankiga qarashli bo‘lgan va umumiy qiymati 330 milliard dollardan oshgan aktivlar blokirovka qilingani haqida bildirgan.

Avvalroq Financial Times nashri “Katta yettilik” davlatlari Rossiyaning muzlatilgan aktivlarining bir qismini Ukraina o‘tkazib berishga oid muzokaralarni jadallashtirgani haqida yozib chiqqan. Nashr manbalari ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH Rossiya Markaziy bankining Yevropadagi muzlatilgan aktivlarini jangovar harakatlar natijasida yetkazilgan zarar uchun to‘lanajak tovonning “avans”i o‘laroq Ukrainaga o‘tkazib berishni taklif qilgan. FT suhbatdoshlari fikricha, Rossiya har qanaqa holatda ham bu mablag‘larni Ukrainaga to‘lab berishga majbur bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG