O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-oktyabr kuni amaliy tashrif bilan Moskva shahriga jo‘nab ketgan.
Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Mirziyoyev RF poytaxtida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo davlatlar rahbarlarining galdagi sammitida ishtirok etadi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tug‘ilgan kuniga mo‘ljallab uyushtirilayotgan Moskvadagi sammitda O‘zbekiston prezidentidan tashqari MDH ishtirokchisi bo‘lgan qator davlatlarning rahbarlari ham qatnashishi kutilmoqda.
Aslida har yili Putin tug‘ilgan kunida Kremlga “do‘st” mamlakatlar prezidentlarining Moskvaga borib, Rossiya prezidentini shaxsan tabriklab kelishlari o‘ziga xos an’anaga aylanib ulgurgan. Avvalgi yillardagi uchrashuvlar MDH, KXSHT va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar rahbarlarining uchrashuvlari shaklida tashkil etilgandi.
Deylik, o‘tgan yilning shu kunida Putin Novo-Ogarevodagi o‘z qarorgohida Toqayev va Mirziyoyev bilan birgalikda Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berishga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etgan edi. 7-oktyabr kuni 72 yoshga to‘lgan Vladimir Putin Rossiya Federatsiyasini qariyb chorak asrdan buyon boshqarib kelmoqda.