Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:59

Qamoqxonalardan maktablarga: O‘zbekiston davlat madhiyasini kuylash majburiy bo‘ldi


Joriy yil 10 - noyabridan boshlab O‘zbekiston maktablarida darsdan oldin madhiya kuylanib, tanaffusda maxsus radiokarnaylardan vatan mavzusidagi she’r va qo‘shiqlar eshittirila boshlandi.

Xalq ta’limi vazirligi Ma’naviyat boshqarmasi vakili Akbar Tog‘ayev Ozodlik bilan suhbatda bu tadbir o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun joriy qilinganligini ta’kidladi.

Ruhshunos olim Maxmudjon Yo‘ldoshev Ozodlik bilan suhbatda bu holatni “o‘quvchilardan tanaffusni o‘g‘irlab, ularni mafkuraviy zo‘riqtirish” deb atadi. Suhbatdoshga ko‘ra¸ O‘zbekiston Konstitutsiyasining 12-moddasi hech bir mafkura, xususan vatanparvarlik mafkurasini ham o‘quvchilarga yagona mafkura o‘laroq singdirishga yo‘l qo‘ymaydi.

Xorazm viloyatidagi o‘rta maktabda adabiyotdan dars beradigan Norjon Sharipova esa, tanaffus paytida zamonaviy o‘zbek shoirlari she’rlari radiodan yangrab turishini ma’qullaydi. Muallimaga ko‘ra¸ shu tariqa o‘quvchilar Abdulla Oripov va Erkin Vohidov she’rlarini yod olishadi. Bu esa, o‘z navbatida, ularning adabiyotga munosabatini o‘zgartiradi.

Maktablarda darsdan oldin gimn¸ tanaffusda esa, vatanparvarlik mavzuidagi she’rlarni aytish topshirig‘i xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev imzolagan xat asosida amalga oshirildi.

Ozodlikda nusxasi bo‘lgan va 2 - noyabr sanasi bilan imzolangan xat tizimning 14 ta hududdagi mas’ul rahbarlariga yo‘llangan.

Bunday topshiriq berilishiga Prezident Administratsiyasining 23 - oktabrdagi yig‘ilishi bayoni asos bo‘lgani xatboshida yozib qo‘yilgan.

Xatdan iqtibos:

“Tasarrufingizdagi barcha umumta’lim muassasalarida har kuni dars boshlanishidan oldin sinf xonalarida (ikki smenali ta’lim muassasalarida ham darsdan oldin) O‘zbekistonning Davlat madhiyasini o‘quvchi va o‘qituvchilar tomonidan jo‘r bo‘lib kuylanishini hamda tanaffus vaqtlarida Vatan haqidagi qo‘shiq va she’rlarning (ta’lim muassasalarining imkoniyatlaridan kelib chiqib, radio tarmog‘i yoki ovoz kuchaytirgich orqali) eshittirilishini tashkil etishingiz so‘raladi.’, – deyiladi xatda.

Vazirlik mulozimi: Xalqaro tajribadan ilhomlandik

Xalq ta’limi vazirligi Ma’naviyat boshqarmasi vakili Akbar Tog‘ayev Ozodlik bilan suhbatda o‘quvchilarning dars boshlanishi oldidan davlat gimnini kuylashi xalqaro tajribada mavjudligini aytadi:

“Xalqaro tajribani o‘rganib, umumta’lim muassasalarida madhiyani kuylash, qo‘shiq va she’rlarni eshittirish o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim omil bo‘lib xizmat qilishiga ishonch hosil qildik. Erkin Vohidov¸ Abdulla Oripov kabi shoirlar asarlari bilan birga, jadid adabiyoti vakillari ijodi ham targ‘ib qilinadi"¸ - dedi mulozim.

Akbar Tog‘ayevning aytishicha¸ "Yangicha O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash" deb nomlangan dasturga 50 nafar o‘zbek ijodkori asarlari kirgan va ular orasida Cho‘lpon hamda Fitrat kabi ulug‘ daholar bor".

Tog‘ayevga ko‘ra¸ maktab binosi ichiga o‘rnatilgan ekranlarda namoyish qilish uchun o‘nlab roliklar hozirlangan va bu roliklarda 41 nafar xonanda qo‘shiqlaridan foydalanilgan.

Mulozimga ko‘ra¸«Yangicha O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash» shiori targ‘ibot tadbirlarini yil davomida o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita va Respublika shtabi tashkil etilgan.

O‘zbek blogerlari Xalq ta’lim vazirligi joriy qilgan bu “yangilikni” salbiy qarshiladi. Ular nazarida, bu tajriba “Turkmanistonda qo‘llanilib, teskari natija bergan.”

Xorazm viloyatidagi o‘rta maktabda adabiyotdan dars beradigan Norjon Sharipova esa, bu tajribani olqishladi.

“Umar Xayyom bir ruboiysida piyola chetidagi she’rning “har kuni va har on” o‘qilishi haqida yozadi. Tanaffusda o‘quvchi she’r eshitib yursa¸ o‘zi bilmagan holda bu she’rni yod oladi. "Quloq qondi" deyiladi bu xalq tilida. Men o‘zim “Olovli yo‘llar” filmida Hojiakabar Nurmatov o‘qigan she’rlarga qiziqib, adabiyot o‘qituvchisi bo‘ldim. Roliklarda chiroyli, badiiy qilib o‘qilgan she’rlar bor. Masalan, Cho‘lponning “Xalq dengizdir” she’ri. Bu she’r o‘quvchilarga ijobiy motivatsiya beradi. Umuman yaxshi she’r eshitgan odamning ichi ravshan bo‘ladi. Vatan haqida har kuni va har on eshitaveraylik ", - deydi muallima.

"Bezdirmaylik"

Psixolog olim Mahmudjon Yo‘ldoshev esa, tanaffus paytida o‘quvchilarni o‘z xoliga qo‘yish kerakligini aytadi:

“45 minut o‘qigan bolaga tanaffus lozim. U yugursin. Quvlashsin. Uni mafkuraviy zo‘rlash pedagogika ilmi va bola psixologiyasga zid. Endi darsdan oldin madhiya aytish masalasiga kelsak... Madhiya, bu - davlat ramzi. Bu ramz maxsus ritual va ehtiromni taqozo qiladi. Madhiya aytilganida odamlar qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, qotib turishi lozim. Bu ritualni bolalar o‘z tabiatiga ko‘ra jiddiy amalga oshira olmaydi. Har kuni madhiya eshitaverib, zada bo‘ladi. Madhiyadan nafratlanishi ham mumkin. Men ma’qul ko‘rmadim bu tadbirni. Hatto eng mafkuraviy sovet tizimi ham tanaffus paytida bolalarni tinch qo‘ygan.”

Yo‘ldoshev o‘z so‘zida davom etib, “bu tadbir Konstitutsiyaga zid” deya ta’kidladi:

“O‘zbekiston Konstitutsiyasi ning12-moddasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning hilma-xilligi asosida rivojlanadi. Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas , deb aniq yozib qo‘yibdi. Vatanparvarlik ham bir mafkura, biz uni yagona ijtimoiy ong shakli, deya o‘quvchiga singdira olmaymiz. Konstitutsiyaga zid bu.”

Mahkumlar uchun qiynoqning bir turi

Islom Karimov boshqaruvi davrida qiynoqlar bilan nom chiqargan O‘zbekiston jazoni o‘tash muassasalarida mahkumlarni davlat madhiyasini kuylashga majburlash xalqaro inson huquqlari tashkilotlari hisobotida qiynoq turi, sifatida tasniflangan.

Madhiya hamda vatanparvarlik ruhidagi she’rlarni radiouzel orqali yoyinlash Mirziyoyev iqtidori davrida ko‘zga tashlangan “nou-xau” sifatida ko‘riladi.

Birinchi karantin davrida mahalla markazida turgan zirhli xarbiy avtomobillar karnayidan patriotik qo‘shiqlar muntazam yangrab turishi joriy qilingan edi.

2019 - yil 11 - iyulida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan press-brifingda ayollar ma’naviyatini oshirish haqida gapirgan Bosh vazir o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova ko‘chalarda she’r aytish taklifini ilgari surgan.

“Bozorlarda qo‘mitaning boshlang‘ich tashkilotlari tuziladi. Alohida ma’naviyat xonasi tashkil etiladi. U yerda kutubxona bo‘ladi, ma’rifiy suhbatlar o‘tkaziladi. Radiouzeldan har kuni 5-6 marta Zulfiyaxonim ijodidan namunalar, muomala madaniyatiga o‘rgatuvchi hadislar eshittiriladi”.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishlarida Erkin Vohidov va Abdulla Oripov singari shoirlar nomini bot-bot tilga oladi va ular ijodini rasman targ‘ib qilishga da’vat etib keladi.

Uning o‘zi Navoiy viloyati Konimex tumanidagi etnik qozoqlar bilan uchrashuv chog‘ida “Irrigator bo‘lmaganimda, albatta shoir bo‘lardim”, deb aytgan edi.

Ammo Ozodlik suhbatdoshlariga ko‘ra, Xalq ta’limi vazirligi joriy etgan yangi tartib prezidentning adabiyotga bo‘lgan muhabbatidan ko‘proq narsani aks ettiradi.

Tanqidchilar bu kabi noodatiy yangiliklar maktablarning ayanchli moddiy-texnik bazasi, o‘qituvchilarning majburiy mehnati va ta’lim saviyasining pastligi kabi real muammolardan jamoatchilik e’tiborini chalg‘itishini ta’kidlaydilar.

XS
SM
MD
LG