Линклар

Шошилинч хабар
19 декабр 2024, Тошкент вақти: 20:48

Qarshida abiturientlar ota-onalari norozilik aksiyasiga yig‘ildi. Milliy gvardiya va IIB yordamga chaqirildi


Norozi ota-onalarning bir guruhi.
Norozi ota-onalarning bir guruhi.

23 - mart kuni Qarshi shahridagi Jamoat salomatligi texnikumida qo‘shimcha kvota bo‘yicha o‘qishga qabul qilinmagan abiturientlarning ota-onalari norozilik bildirib, texnikum binosi oldiga to‘plandi.

Voqea guvohlariga ko‘ra, ota-onalar qabul jarayoniga korrupsiya aralashganini iddao qilib, norozilik bildirgan.

Norozilarni tinchlantirish uchun Milliy gvardiya va IIB xodimlari yordamga chaqirtirilgan.

10-15 - mart kunlari mamlakatning ayrim ta’lim muassalarining 2020-2021 - o‘quv yili uchun qo‘shimcha kvota asosida yangi talabalar qabul qilingan.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mulozimlari norozi ota-onalarning korrupsiya iddaolarini inkor qildi.

Ozodlikka bog‘langan qashqadaryolik ota-onalarning aytishicha, ular 23 - mart kuni Qarshi shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi (sobiq Tibbiyot kolleji) binosi oldida qabul jarayoniga korrupsiya aralashganini iddao qilib yig‘ilgan:

"Biz Kasbi tumanidan keldik. Qizim o‘tgan yili medtexnikumga hujjat topshirib, o‘qishga kira olmadi. 71 ball to‘pladi, biroq bu ball o‘qishga kirishiga yetmadi. Martning boshida qo‘shimcha kvota e’lon qilishgan, lekin buni abiturientlar eshitmagan. Texnikum rahbariyati pul evaziga faqat tanish-bilishlarini o‘qishga qabul qilishgan”, - dedi ismini ochiqlamagan kasbilik ayol.

Қарши шаҳридаги Жамоат саломатлиги техникумидаги норозилик
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:36 0:00

Qarshi tumanidan kelgan Sadoqat Xidirova ham qizi ushbu texnikumga imtihon topshirib kira olmaganini aytdi:

- Haqiqat bormi- yo‘qmi? Pul berganlar o‘qib, pul bermaganlar o‘qimaydimi? Ota-onalar haqqini talab qilib bordi. "Nima uchun balli pastlarni ham olasan pul bilan" deb. Ular “bizlar 15 - martgacha qabul qildik” deyishdi. Lekin hech kimga qabul haqida aytmagan. Pul olgani yoki tanish-bilishi borlar chaqirtirilgan. “Direktor chiqsin buyoqqa, yuzma-yuz bo‘lib, ota- onalarga tushuntirsin”, dedik. Lekin direktor chiqmadi. Ota-onalarni tartibga chaqira olmaganidan keyin texnikum o‘qituvchilari Milliy gvardiyani chaqirtirdi.

Nishonlik yigitning aytishicha, ota-onalarni tinchlantirish uchun o‘ndan ziyod formali shaxs jalb qilingan:

“Mening singlim ham 55,7 ball bilan ushbu texnikumga kira olmadi. Lekin undan ham past ball olganlar o‘qishga kirgan. Odamlar korrupsiya borligini aytib, to‘polon qilgach, texnikum rahbariyati Milliy gvardiya bilan IIBni chaqirdi. Bir mashina Milliy gavardiya, yana bir mashina IIB xodimlari keldi. Jami formalilar 10-15 odam edi. Ular kelib, odamlarni tinchlantirib, korrupsiya borasida xabar berish uchun telefon raqamlari berishdi. Keyin texnikum xodimlari ham ota-onalarni qabul qilib, 2 - aprelgacha ular shikoyati bo‘yicha aniq javob aytishga va’da berishdi. Keyin odamlar uylariga ketdi”.

Texnikumga chaqirtirilgan IIB xodimlarining bir guruhi
Texnikumga chaqirtirilgan IIB xodimlarining bir guruhi

Qarshi shahar Jamoat salomatligi texnikumi va viloyat Kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish boshqarmasidan ota-onalar iddaolariga biror izoh olish imkoni bo‘lmadi.

Oliy va o‘rta ta’lim vazirligining mas’ul mulozimi qashqadaryolik ota-onalarning korrupsiya borasidagi iddaolarini inkor qilib, buni tushunmovchilik bilan bog‘ladi.

“Har bitta ta’lim yo‘nalishi kesimida qabul kvotalari soni belgilab berilgan. Davlat test markazi tomonidan ushbu songa asosan qabul chegarasidan pastga qarab, ballar ketma- ketligida o‘sha son belgilab berilgan ya’ni qabul chegarasi chizib berilgan. Familiya bo‘yicha ro‘yxat har bir ta’lim muassasasiga yuborilgan va shu ro‘yxat asosida qo‘shimcha kvotaga o‘quvchilar qabul qilinyapti. Ota-onalarning bu da’volari asossiz. Tushunmovchilik asosida bu ayblov kelib chiqqan. Sababi har-xil yo‘nalishlarda har-xil ball belgilangan. Masalan, hamshiralik yo‘nalishida eng yuqori balldan hisoblab ketilgan. Bu ball farmatsevtika yo‘nalishida balki grantga ilingan bo‘lishi mumkin. Bitta yo‘nalishda kontraktga ilinmagan ball boshqa yo‘nalishda grantda turgan bo‘lishi mumkin. Ota-onalar buni tushunmayapti”,- dedi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanmayotgan vazirlik mulozimi.

Mulozimga ko‘ra, ota-onalar murojaatiga asosan, kirish sinovlarida yetarli ball ololmagan abiturientlar uchun joriy oy boshida ayrim ta’lim muassasalariga qo‘shimcha qabul kvotalari ajratilgan:

“Ko‘p sonli ota-onalar murojaatlarini inobatga olib va vazirlik-idoralarning taklifiga asosan, ta’lim muassasalariga qo‘shimcha qabul kvotalarini kiritish masalasida davlat komissiyasiga taklif berganmiz. Shu taklifimiz asosida davlat komissiyasining 7 - martdagi 10-sonli protokoli bilan ayrim ta’lim muassasalariga qo‘shimcha qabul kvotalari belgilab berildi”.

Yangi kvotalar faqat to‘lov-kontrakt asosida (grantlar yo‘q) talaba qabul qilishga mo‘ljallangan.

  • 2020/2021 - o‘quv yilidan boshlab, 47 ta tibbiyot kollejlari Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari etib qayta tashkil etildi.

Yangicha tizimdagi o‘rta maxsus ta’limning ilk yilida, O‘zbekistondagi 201 ta kollej va 185 ta texnikumga dastlab 154 765 ta kvota ajratilgan.

Jumladan, Qarshi shahridagi Jamoat salomatligi texnikumiga o‘tgan yilning noyabrida 674 nafar talaba qabul qilingan. Mart oyida ushbu texnikumga yana 845 ta qo‘shimcha o‘rin belgilab berilgan.

Ayni paytda mamlakat bo‘yicha qancha qo‘shimcha kvota ajratilgani hozircha Ozodlikka noma’lum. Vazirlik mulozimi bu raqamni ochiqlamadi.

O‘qishga qabul qilinganlarning 86 foizi to‘lov-kontrakt asosida o‘qiydi.

Mamlakatdagi kollej va texnikumlarga test sinovlari o‘tgan yilning 20-29 - noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan.

XS
SM
MD
LG