Линклар

Шошилинч хабар
21 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:23

Qarshida bog‘i buzilganidan norozi aholi yo‘lni to‘sdi. Ekologiya daraxtlarni qo‘porishga ruxsat bermagan


Qarshi shahar, Buyuk Turon mahallasidagi buzib tashlangan bog‘
Qarshi shahar, Buyuk Turon mahallasidagi buzib tashlangan bog‘

13 - yanvar kuni ertalab Qarshi shahar, Buyuk Turon mahallasining qariyb 200 nafar aholisi aeroport yo‘nalishidagi avtomobil yo‘lini qo‘porilgan daraxtlar bilan to‘sib qo‘ydi.

Namoyishchilar Qarshi shahar hokimligining o‘zlari yaratgan 12 gektar yerdagi mevali va manzarali daraxtlarni yakson qilib, o‘rnida sanoat zonasi barpo etish rejasiga shu tariqa norozilik bildirishdi.

Guvohlarga ko‘ra, voqea joyiga yetib kelgan shahar hokimi, IIB boshlig‘i va yigirmadan ortiq organ xodimlari aholiga bosim o‘tkazib, yo‘lni ochtirgan va uch nafar ayolni IIBga olib ketgan.

Hatto qariyalarni ham organ xodimlari haqorat qilib, tarqalishga majbur qilgani aytilmoqda. Voqeani surat va videoga olgan odamlarning telefonlari tortib olingan.

Aholiga bundan 30 yil avval obodonlashtirish uchun berilgan bu tashlandiq joyda hozir 100 mingtadan ko‘p daraxt bor.

27 - noyabr kuni Buyuk Turon mahallasida yashovchi yigirma nafar ayol benzin ko‘tarib chiqqan va yana shu mahallada yashovchi 220 nafar erkak chiqib, hokimiyat vakillarining bog‘ni kesishiga qarshilik qilgan edi.

Organ xodimlarining ta’qibidan cho‘chib, ismi sir qolishini so‘ragan qarshilik yigitlardan birining aytishicha, 12 - yanvar kuni daraxtlar kesila boshlanganidan keyin 13 - yanvar kuni ertalabdan aholi boqqa yig‘ilgan:

Militsiya xodimlari aholini so‘kib, haqoratlab yo‘lni ochtirdi.

“Kecha hokimlik mingdan ortiq mevali daraxtlarimizni traktor bilan qo‘porib tashladi. 25-30 yildan buyon cho‘lda ko‘kartirgan bog‘imizni barbod qila boshladi. Bugun ertalabdan odamlar qo‘porilgan daraxtlarni ko‘rib, shu darajada dahshatga tushdiki, hatto ba’zi qariyalar yum-yum yig‘ladi. Odamlarning o‘zlari daraxtlarni yo‘lga ko‘tarib chiqib, tashlay boshladi. Bir soatning ichida yo‘l butunlay to‘sildi. Ikki tomondan mashinalar harakati to‘xtab qoldi. Bundan xabar topgan militsiya darhol yetib keldi. Hokim ham keldi. Militsiya xodimlari aholini so‘kib, haqoratlab yo‘lni ochtirdi. Ko‘proq haqqini talab qilgan uch ayolni moshinaga bosib olib ketdi. Qolganlarni hozir seni ham olib borib tiqamiz deb qo‘rqitib, tarqatdi”.

Suhbatdoshning aytishicha, hokimlik bu qarorini na bir hujjat va na qaror bilan asoslay olgan:

Nega yana xalqning og‘zidagi oxirgi nonini tortib oladi?

“Bizga shu paytgacha hech qanday hujjat ko‘rsatishmadi. Ekologiya kelib, biz daraxt kesilishiga ruxsat bermaganmiz deb, daraxtlarni sanab, rasmga olib ketdi. To‘g‘ri, bizning ham bu boqqa rasmiy hujjatimiz yo‘q. Bundan 30 yil avval tashlandiq bir joy edi. O‘sha paytda xalqqa berilib, obod qilinglar, deb aytilgandi. Odamlar daraxt ekib, daraxtlar oralariga ekin ekib, tirikchiligini shundan o‘tkazardi. Cho‘lda bir daraxtni undirish osonmi? Sanoat zonasi qilaman desa, boshqa joy yo‘qmi? Minglab gektar bo‘sh joylar yotibdi-ku. Nega o‘sha yerga qurmaydi? Nega yana xalqning og‘zidagi oxirgi nonini tortib oladi?”

Organ xodimlari odamlar orasidan ko‘proq norozilik bildirgan va adolatni talab qilgan uch ayolni mashinaga bosib, olib ketishgan.

Ozodlik 13 - yanvar kuni kechga borib olgan ma’lumotga ko‘ra, ikki ayoldan tushuntirish xati olib qo‘yib yuborilgan va Mashhura Sodiqova ismli yolg‘iz ayol olib qolingan.

13 - yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 20da olingan ma’lumotga ko‘ra, Mashhura Sodiqovaga "mayda bezorilik" aybi qo‘yilib, to‘rt sutkalik ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Mashhura Sodiqova 27 - noyabr kungi noroziliklarda ayblanib, o‘n sutkaga qamalib chiqqani haqida Ozodlik avval xabar bergan edi.

O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Qashqadaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i G‘anisher Ibragimov bu bog‘ni kesish uchun hech qanday ruxsatnoma berilmaganini aytdi:

- Biz bu bog‘ning kesilishiga ruxsat bermaganmiz. Bizga bu haqda ariza ham tushmagan. Kecha daraxtlarni qo‘porishgan ekan, bugun shahar inspeksiyasida mutaxassislarimiz borib, hujjatlarni rasmiylashtirib, shahar prokuraturasiga topshirgan. Bu ishga nisbatan chora ko‘riladi, jarimaga tortiladi, biz ruxsat bermaganmiz.

Ular bizga ruxsat so‘rab ham chiqmagan.

Aytishlaricha, u yerda dastur bo‘yicha katta sanoat zonasi qurilishi kerak ekan, yuqori tashkilotlar endi buni ko‘rib chiqishadi, lekin hozircha bizga hech qanday murojaat bo‘lmagan.

Qarshi shahar hokimligining Axborot xizmati rahbari Umid Jabborov bu voqeadan xabari borligini tasdiqlar ekan, tafsilotlarini bilmasligini aytdi. U Ozodlikning shahar hokimi bilan bog‘lab berish haqidagi murojaatini javobsiz qoldirdi.

XS
SM
MD
LG