Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:29

Qarshilik qiz o‘ziga uylanishni istamagan yigitni pichoqladi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida 24 yoshli qiz o‘z yigitini pichoqladi.

Xabar.uz nashrining yozishicha, E.M. (qiz) bilan besh yil davomida ishqiy munosabatda bo‘lgan F.N. (yigit) ota-onasi boshqa qiz topgani, shu sabab unga uylanolmasligini aytgan.

Bundan jahli chiqqan qiz yigit bilan janjallashib qolgan va oshxona pichog‘i bilan yigitning orqa yelka sohasiga bir necha marta pichoq sanchib, uni jarohatlagan.

Sud-tibbiyot ekspertizasi xulosasida F.N. hayot uchun xavfli tarzda og‘ir yaralangani qayd etilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahri sudi E.M.ni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 104-moddasida (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilgan, deb topgan.

Hodisa tafsilotlaridan anglashilishicha, shifokorlar yarador yigitning hayotini saqlab qolgan.

Sudlanuvchi sudda aybiga iqrorlik bildirgan. Jabrlanuvchi esa aybdorga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirib, unga nisbatan qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo chorasini qo‘llashni so‘ragan.

Sud yuqoridagilarni inobatga olib, 24 yoshli E.M.ga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinlagan.

Qashqadaryo viloyatida joriy yil yozida shunga o‘xshash hodisa ro‘y bergan, biroq unda ayblanuvchi yigit, jabrlanuvchi esa qiz bo‘lgan edi.

Yigirma ikkinchi iyun kuni Qarshi tumani Uzunnavo MFYda yashovchi yigit Qarshi davlat universiteti hovlisida 4-bosqich talabasi bo‘lgan qizni o‘ldirish maqsadida unga bir necha marta pichoq bilan zarba bergan.

Surishtiruvlarda oila a’zolari qizning yigitga turmushga chiqishiga qarshilik qilgani ushbu jinoyatga sabab bo‘lgani aniqlangan.

XS
SM
MD
LG