Qashqadaryo viloyati huquq-tartibot idoralari Chiroqchi tumanida maktab muallimining o‘quvchisi qarindoshlari tarafidan kaltaklangani voqeasini o‘rganmoqda.
Chiroqchidagi 134-son maktabning ingliz tili o‘qituvchisi Shoxnur Oqqo‘ziyev o‘quvchisiga 2 baho qo‘ygani uchun uning akalari tomonidan kaltaklangan.
Jarohatlangan o‘qituvchi kasalxonaga yotqizilgan.
Voqea 6 - aprel kuni Chiroqchining Umakay mahallasida sodir bo‘lgan.
Shoxnur Oqqo‘ziyev bo‘lgan voqeani Ozodlikka aytib berdi.
"Men Qarshidan qatnab shu yerda dars beraman-da. 6 - aprel kuni 6-sinfda darsim bor edi. Darsga tayyorlanib kelmagan yetti bolaning kundaligiga 2 baho qo‘ygandim, ota-onalari ko‘rsin deb. Jurnalga 3 baho qo‘yganman. Bir o‘quvchim norozi bo‘lib, jahl qilib sinfxonadan chiqib ketdi. Dars tugagandan keyin pastga tushsam, o‘sha o‘quvchi, ustoz bu yoqqa yuring sizni akam chaqiryapti,dedi. Borsam 3 yigit turgan ekan, senmi o‘sha zo‘ravon deb birdan tashlanib ketishdi. Ura boshlashdi. O‘zimni yo‘qotdim", – deydi Shoxnur Oqqo‘ziyev.
Muallim 2 baho qo‘ygan o‘quvchi shu maktabning ma’naviy- ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Abdunosir Xoshimovning o‘g‘li, kaltaklagan yigitlar esa maktabning sobiq o‘quvchilari bo‘lgan.
Xoshimov Ozodlik bilan suhbatda janjal sodir bo‘lganini rad etmadi.
"Men o‘sha paytda darsda edim. Bilsam 2 baho qo‘ygan, bolamga muallim shapaloq ham tushirgan. Shundan arazlab, akalariga aytib beribdi. Bunga endi huquq-tartibot idoralari baho beradi", - dedi Xoshimov.
Chiroqchi tumani Umakay mahallasi profilaktika inspektori, katta leytenant Sardor Ahmedov Ozodlikka o‘qituvchining kaltaklanishi yuzasidan tergovgacha surishtiruv olib borilayotganini aytdi.
"Tergovgacha surishtiruv ketyapti. Hozir kaltaklangan o‘qituvchiga yetkazilgan jarohat bo‘yicha ekspertiza o‘tkazdik, natijasini kutyapmiz. Shuni natijasiga qarab huquqbuzarlarga baho beriladi", - dedi Ahmedov.
Shoxnur Oqqo‘ziyev ayni paytda Qashqadaryo viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining neyroxirurgiya bo‘limida qolmoqda.