Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi Qizilsuv suv ombori to‘siqlari ochilishi oqibatida suvga qo‘shilib millionlab mayda baliqlar oqib chiqqani ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan.
O‘zA vaziyatga oydinlik kiritishicha, Qizilsuv (xalq tilida No‘g‘ayli) suv ombori tiklash-ta’mirlash maqsadida quritilgan.
“Suv ombori 9 million metr kub suv hajmiga ega, hozirgi paytda 5 million 800 metr kub foydali hajmi bor. Suvni ochishimizga sabab qurilgandan buyon tiklash-ta’mirlash ishlari bajarilmagan edi. Avariya eshigi, sanitar quvurlarida ta’mirlash ishlarini olib borish kerak edi. Chunki ularning yillar o‘tib yemirilishi oqibatida suv sizish holatlari kuzatilayotgandi. Suvni to‘liq quritmasdan esa bu ishlarni amalga oshirib bo‘lmaydi. Shuning uchun xabarnoma asosida suvni chiqarganmiz. Qizilsuv suv omboridan chiqqan suv Yakkabog‘ gidrouzeli orqali Chimqurg‘on suv omboriga tashlangan. Suv shunchaki oqizib yuborilgani yo‘q”, degan Qizilsuv suv ombori boshlig‘i Toshkent Siddiqov.
Qurilishi 1980-yilda boshlanib, 1991-yilda foydalanishga topshirilgan ushbu gidroinshoot asosan Turnabuloq daryosidan to‘yinadi. Yig‘ilgan suv Yakkabog‘ gidrouzeli orqali qishloq xo‘jalik ekinlarini sug‘orishga yo‘naltiriladi.
Toshkent Siddiqovning ta’kidicha, ta’mirlash ishlari suv eng kam keladigan mahalda o‘tkazilmoqda va tiklash-ta’mirlash ishlari uzog‘i bilan to‘rt kunda tamomlanadi.
Inshoot vaqtida ta’mirlanmasa kelgusida fojiali holatlarga olib kelishi mumkinligini aytgan suv ombori boshlig‘i millionlab baliqlar oqib ketgani haqidagi xabarlarga izoh bermagan.