Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:59

"Qashshoq aholi kredit olishga tushdi". Ikki bank muammoli qarzlar sabab tijoriy kredit berishni to‘xtatdi


“Xalq banki”da muammoli kreditlar salmog‘i oshib ketgani sababli tijorat kreditlarini berish vaqtincha to‘xtatildi.
“Xalq banki”da muammoli kreditlar salmog‘i oshib ketgani sababli tijorat kreditlarini berish vaqtincha to‘xtatildi.

O‘zbekistonda ikki yirik davlat banki - “Xalq banki” va “Mikrokreditbank” muammoli kreditlar salmog‘i oshib ketgani uchun tijoriy kreditlar berishni to‘xtatdi. Bu choralarni qo‘llagan banklar qaytgan mablag‘lar hisobidan kreditlar berishni qayta tiklashini va’da qildi.

Mutaxassislarga ko‘ra, banklar ishsiz va kambag‘al aholining katta qismidan qarzlarni undirishga qiynalmoqda.

Moliyachilarning aytishicha, muammoli kreditlar miqdori davlatga qarashli bo‘lgan deyarli barcha banklarda ortgani kuzatilmoqda.

“Aholidan kreditlarni o‘z vaqtida to‘lab berishni so‘raymiz”

Joriy yilning 3 - avgust kuni aksiyadorlik tijorat “Xalq banki”da muammoli kreditlar salmog‘i oshib ketgani sababli tijorat kreditlarini berish vaqtincha to‘xtatildi.

Markaziy bank keltirayotgan raqamlarga ko‘ra, 1 - iyul holatiga Xalq banki portfelidagi muammoli kreditlar (NPL) ulushi 15 foizni, ya’ni 21,3 trln so‘mning 3,2 trln so‘mini tashkil etdi. Bu davlat banklari o‘rtasida «O‘zagroeksportbank»dan (62,6 foiz) keyingi ikkinchi ko‘rsatkich hisoblanib, iyun oyi boshida Xalq bankining muammoli kreditlari hajmi 6 foiz (20,9 rln so‘mdan 1,26 trln so‘mi) darajasida bo‘lgan.

Shu kuniyoq davlat banki sanalgan “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki ham “Xalq banki” chiqargan xabarni so‘zma-so‘z takrorlovchi e’lon berdi. Bank muammoli kreditlar salmog‘i oshib ketgani bois tijorat kreditlarini vaqtincha to‘xtatganini ma’lum qildi.

Davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar uchun imtiyozli kreditlarga cheklovlar yo‘q. Eslatib o‘tamiz, bu yo‘nalishdagi kreditlar muammoli kreditlari ko‘p bo‘lmagan va kreditlar o‘z vaqtida qaytayotgan filiallar tomonidan ajratiladi”, deyiladi bank rasmiy Telegram-kanalidagi xabarda.

Tijorat kreditlarini to‘xtatgan banklar, vaziyat murakkabligiga qaramasdan, “yaqin kunlarda qaytgan mablag‘lar hisobidan kreditlarni berish yo‘lga qo‘yilishi”ni aytmoqda.


“Mikrokreditbank” va “Xalq banki” ma’muriyati kredit olgan O‘zbekiston vatandoshlaridan imkon qadar kredit qarzdorliklarini o‘z vaqtida uzishni so‘rab, murojaat qildi.

Bundan oldinroq O‘zbekiston Markaziy banki mamlakatda muammoli kreditlar ulushi ortib borayotgan banklar soni keskin ko‘payganini xabar qilgandi. Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston banklarida muammoli kreditlar ulushi 2021 - yilning 1 - may holatiga berilgan kreditlar umumiy hajmining 4,4 foizini tashkil etgan va bu raqam hozirgacha faqat o‘sishni ko‘rsatgan. Markaziy bank davlat bank tizimi 2020 - yilnining ayni davriga taqqoslaganda o‘rtacha hisobda 2,1 foizli muammoli kreditlar ulushi bilan tugatganini ochiqladi.

Muammoli kreditlar (Non-performing loan, ishlamay qolgan kreditlar-tahr.) deb 90 kundan ortiq talab qilingan va qoniqarsiz, shubhali va yomon deb tasniflangan kreditlarga aytiladi.

Bank xodimlari uyma-uy yuribdi

Yuzaga kelgan vaziyatda banklar rahbariyatlari berilgan kreditlarni qaytarish bo‘yicha ishlarni bank xodimlari zimmasiga yuklatilayotgani turli bahs-munozaralarni keltirib chiqarmoqda.

29 - iyul kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi “Universalbank” ATBning Qarshi shahar bank xizmatlari markazi xodimlari mahalliy fuqaro E.Sh. va uning sheriklari tomonidan kaltaklagani xabar qilindi.

2020 - yili “Universalbank”dan jami 350 million so‘m kredit olgan bu shaxs o‘z o‘rtoqlari bilan birga uch nafar bank xodimini urib, ularga tan jarohati yetkazgan.

“Universalbank”ning jarohatlangan ikki xodimi shifoxonaga yotqizildi
“Universalbank”ning jarohatlangan ikki xodimi shifoxonaga yotqizildi

4 - avgust kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Qarshi filialidan davolanib chiqqan Bahodir ismli kaltaklangan bank xodimi Ozodlikka “bank xodimi bo‘lish xatarli bo‘lib qolgani"ni aytdi.

- Qarz undirishga borgandik o‘sha kuni. Vazifamiz – qarz to‘lovi to‘g‘risida ogohlantirish berish edi. 3 kishi edik – ular ikkita mashinada 5 kishi kelib birdan urib ketdi, so‘kib tahqirlashdi. Bosh miya chayqalishi, og‘izda tikilgan joylari bor, boshqa jarohatlarni yetkazishdi. Dehqon aka yuzidan qattiq jarohatlandi va miyasi chayqaldi. Laziz degan buxgalterimizning ichki organlari lat edi. Biz ikki kishi bolnisaga tushib qoldik. Kredit bilan shug‘ullanish har bir bank xodimining burchi, chunki usiz bank yashamaydi. Bunday holatga birinchi marotaba uchrayapman. Unga oldin ham ogohlantirish berganmiz. U yigit o‘tgan yiliyam qiynalib to‘lagan. “Bu yil to‘lolmayman”, deb kelayotgandi, - dedi suhbatdosh.

Mutaxassislar muammoli kreditlar ulushi davlatga qarashli bo‘lgan 13 bankning 10 tasida oshganiga e’tibor qaratmoqda.

“Xalqimiz kreditlarga “o‘tirib” qoldi”

Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekiston banklaridan birining kredit bo‘limi boshqaruvchisi respublika bo‘ylab kreditlash tizimida kelib chiqqan muammolarni koronavirus pandemiyasi, noto‘g‘ri kreditlash siyosati va ishsizlikka bilan bog‘ladi.

Ismi oshkor qilinmasligini so‘ragan bank boshqaruvchisining so‘zlariga ko‘ra, muammoli kreditlar O‘zbekistondagi hamma banklarda mavjud.

- Kredit to‘lash qurbining pasayishiga pandemiya ortidan kelib chiqqan import-eksportning keskin kamayishi, tovarlar realizatsiyasi tushishi sabab bo‘ldi. Pandemiya boshlanganidan keyin qancha mehnat muhojirlari qaytib keldi, chegaralar yopildi - ishsizlik keskin oshdi. Narx-navo oshyapti, odamlarda to‘lov qurbi pasayib ketyapti. Yana bir sabab, bizda ayniqsa davlat bank tizimi hokimlarga bo‘ysunadi. Topshiriq bo‘ladi – berasan shunga, ovozi o‘chsin, deydi! Hokimiyatdagilarning uning kreditni qaytara olmasligi bilan ishi yo‘q. Fuqaro bankdan kredit ololmasa, hokimga arz qilib boryapti, hokim esa kredit bermagan bank xodimlarini, rahbarlarini ishdan bo‘shatib yuboryapti. Vaholanki, hatto qarorlarda ham “maqsadli ishlatilsin” deyilgan. Hokimiyat gapni eshitmaydi, banklar esa o‘tirib qolyapti. Davlat portaliga kredit so‘rab murojaat qilganlar juda ko‘payib ketgan, - deydi moliya eksperti.

Kredit bo‘limi xodimining aytishicha, davlat banklaridagi ahvol "bundan ham beshbattar".

Suhbatdosh O‘zbekiston aholisida hali kredit olish-qaytarish madaniyati shakllanmagani, ko‘pchilik “bugungi kunni” o‘ylabgina qarzga botib ketishga tayyorligini aytadi:

- Xalqimiz kreditlarga “o‘tirib” qolgan, boqimanda bo‘lib qolgan. Bazaviy hisoblash miqdoridan 14 foizli 150 barobargacha kredit berish bemalol mumkin-da bizda! Qashshoqlashgan aholi kredit olishga tushdi. Maqsad u kreditni olib ishlatish emas – shaxsiy ehtiyojlarni qondirish! 80 foiz aholimiz shunga o‘rganib qolgan. Kreditni so‘rab borgan xodimlarni esa xalq urib tashlayapti. Xalqaro moliya institutlari tomonidan 7 yilga ajratilayotgan kreditlar aslida ikki marotaba aylantirib olinishi kerak. Odamlar issiqxona uchun, parrandachilik uchun, chorvachilik deydi, ammo uni uy qurishga, mashina olishga sarflab, qarzga botib ketyapti. Ilgari qishloq xo‘jaligi kreditlari muammo bo‘lsa, hozir jismoniy kreditlar muammo. Ammo muammolar katta biznes kreditlarda ham mavjud, so‘zsiz.

Bank mutaxassisining so‘zlariga ko‘ra, muammoli kreditlarni kamaytirish uchun O‘zbekistonda mustaqil bank tizimi yaratilishi va malakali bank boshqaruvi joriy etilishi, xalq orasida bank madaniyati oshirilishi va, eng asosiysi, yaxshi maosh to‘lanadigan ish o‘rinlari ko‘paytirilishi kerak.

Ozodlik O‘zbekistondagi banklar aholiga berilgan kreditlarni qaytarish maqsadida o‘z xodimlarini mehnat qonunchiligiga zid tarzda ish soatlari me’yoridan oshirilgan holda va dam olish kunlarisiz ishlatayotgani to‘g‘risida oldin ham xabar bergan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 - may kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida korxonalarning kredit qoplamaslik holati va oilaviy tadbirkorlik dasturlari bo‘yicha berilgan kreditlarni qaytarish muammo bo‘lib qolganini tan olib, yil yakuniga qadar ularni yuz foiz qaytarish haqida ko‘rsatma bergan edi.

XS
SM
MD
LG